Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:14

Qirg‘iziston qamog‘ida Rashod qorining soqolini majburlab olishdi


Qirg‘izistonda ekstremizm ayblovlari bilan 10 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan qorasuvlik imom Rashod qori Kamolovning soqolini olishdi. Mahbus yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, Bishkekdagi 1-raqamli qamoqxonada saqlanayotgan Kamolovning soqolini 1 mart kuni kuch bilan olib tashlashgan va qamoqxonadagi boshqa maxbuslar ham shunga majbur qilinmoqda.

Kamolov o‘tgan yil Qirg‘izistonda diniy adovat qo‘zg‘aganlik hamda ekstremistik materiallarni saqlaganlik va tarqatganlikda aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Mahbusning yaqinlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda qamoqxonada joriy etilgan ichki tartib asosida mahkumlarning soch-soqoli ularning xohishiga zid tarzda olinayotganini da’vo qildi:

“Qoida bor, kimki shu qoidaga rioya qilmasa, kuch bilan soch-soqoli olinayapti ekan. Qarshilik qilganlarni jarima izolyatoriga tashlab, majbur qilishayotgan ekan. Kim qaysi dinda bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mahkumlar soqolsiz yurishi kerakligi aytilgan", dedi Rashod qori Kamolovning ismi sir qolishini istagan yaqinlaridan biri.

Haqiqatan ham qamoqxonalarda mahkumlarning soqoli majburan olinyaptimi yoki yo‘q - bunga aniqlik kiritish uchun Ozodlik Qirg‘iziston Jazoni ijro etish xizmatiga bog‘landi.

Idora mulozimlaridan biri mahkumlarning soqollari majburlab olinayotgani haqidagi iddaolarni rad etdi.

Qirg‘izistonlik mahbus qamoqda namoz o‘qimoqda.
Qirg‘izistonlik mahbus qamoqda namoz o‘qimoqda.

- Bunaqa amal yo‘q bizda. Mahkumlardan sochni qirdirish so‘ralishi mumkin, unda ham ular majburlanmaydi. Soqol, mo‘ylovga tegilmaydi. Bizda qamoqxonada masjidga boradiganlarning deyarli hammasi soqollilarku. Soqoli bo‘lmasa, qanaqa musulmon bo‘ladi, biz soqolni taqiqlamaymiz, - dedi Qirg‘iziston Jazoni o‘tash davlat idorasi mulozimi.

Fransiyada joylashgan Markaziy Osiyodagi Inson Huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otaeva Qirg‘iziston qamoqxonalarida mahkumlarni soqollari yozilmagan qonun asosida majburlab olinishi hollari 50-raqamli qamoqdan mahbuslar qochgani bilan bog‘liq voqeadan so‘ng keng tarqalganini aytadi.

- Qamoqxonalarda mahkumlarni soch-soqoli yozilmagan taqiq asosida olinyapti. Aslida rasmiy taqiq yo‘q. Chunki musulmonlarni soch-soqolini majburlab olish ular huquqlarining buzilishidir. Soqol musulmonlar uchun sunnat sanaladi, soqol qo‘yishga taqiq e’tiqod huquqlarining asossiz cheklanishidir, - deydi Otaeva.

Qirg‘iziston Muftiyati vakili Doniyor Murodilov Ozodlik bilan suhbatda mahbuslarning soqoli olinishini huquq buzilishi, deb hisoblamasligini aytadi.

- Ba’zilar buni dindorlarning huquqlari buzilishi demoqda. Lekin, men bunga qo‘shilmayman. Qamoqxona jazoni o‘tash joyidir. U yerning o‘z qoidalari bor va shu qoidalarga rioya etilishi kerak, - deydi Qirg‘iziston Muftiyati rasmiysi.

39 yoshli Rashod qori Kamolov Qirg‘iziston janubidagi Qorasuv shahridagi “Saraxsiy” masjidining imomi bo‘lgan.

O‘tgan yil yozida Rashod Kamolov Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining “O‘z lavozimidan foydalangan holda diniy adovat qo‘zg‘ash”, “Ommaviy tarbirlar o‘tkazish chog‘ida eksterimistik materiallar tarqatish”, da ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

XS
SM
MD
LG