Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:47

Bomba ortilgan mashina Hindistonning Afg‘onistondagi konsulligi oldida portlatildi


Afg‘oniston sharqidagi Jalolobod shahrining diplomatik mahkamalar joylashgan qismida 2 mart kuni xudkushlik hujumi uyushtirildi. Hujum ortidan portlashlar hamda otishma ovozi eshitildi.

Ozodlikning Jaloloboddagi muxbirining xabar berishicha, hujumchi portlovchi moddalarga to‘ldirilgan avtomobilni mahalliy vaqt bilan soat 12:00 larda Hindiston konsulligi oldida portlatib yuborgan.

Ilk portlashdan keyin boshqa jangarilar konsullikni ishg‘ol qilishga uringan.

Ozodlik muxbiri xavfsizlik kuchlari bilan bo‘lib o‘tgan to‘qnashuv o‘z yakuniga yetganidan keyin konsullik tashqarisida to‘rt jangarining o‘ligini ko‘rganini xabar qildi.

Nangarhor viloyati gubernatorining matbuot kotibi Ozodlik radiosi savollariga javoban, xudkushlik hujumi amalga oshirilganini, ilk portlash natijasida kamida besh odam jarohatlanganini tasdiqladi.

Hindiston poytaxti Dehlida mamlakat tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Vikas Svarup konsullikka hujum qilinganini, lekin hamma sog‘-salomat ekanligini bildirdi. Konsullik shaharning boshqa diplomatik ofislar o‘rin olgan qismida joylashgan.

Hozircha hujum uchun mas’uliyatni hech kim o‘z zimmasiga olgani yo‘q. Shuni aytib o‘tish joizki, hujum sodir etilgan hududda toliblar ham, “Islomiy davlat” jangarilari ham ko‘pdir.

Keyingi yil davomida Nangarhor viloyatida “Islomiy davlat” jangarilarining soni ko‘payib, ular toliblar bilan to‘qnashib keladi.

Viloyat poytaxti bo‘lmish Jalolobod shahrining diplomatik idoralar joylashgan mavzesida keyingi oylarda bir necha marta turli hujumlar amalga oshirildi.

Yanvar oyida “Islomiy davlat” jangarilari Jalolobodda Pokiston konsulligiga uyushtirilgan hujum uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oldi. Bu jangarilarning shahardagi ilk hujumi bo‘ldi.

Hindiston Afg‘onistonda toliblar tuzumini ag‘darishga ko‘maklashgan. Hindiston Afg‘onistonga gumanitar yordam beruvchi hududdagi eng yirik mamlakatlardan biridir.

Ammo Delining Afg‘onistondagi faoliyati Islomobodga xush kelmaydi. Pokiston Hindiston razvedka xizmatini Pokistonni kuchsizlantirishga urinishda ayblab keladi.

2008 yilning iyulida Hindistonning Qobuldagi elchixonasiga xudkush hujumi uyushtirilgan, natijada 58 nafar odam halok bo‘lgan edi.

O‘shanda AQSh razvedkasi rasmiylari hujumda Pokiston razvedkasining qo‘li borligini bildirgan edi. Pokiston esa bu ayblovni rad etib keladi.

2 mart kuni AQSh armiyasi generali Jon Nikolson Afg‘onistondagi NATO boshchiligidagi koalitsiyaning yetakchisi etib tayinlandi.

Koalitsiyaga Nikolsondan avval general Kempbell yetakchilik qilgan edi. General Kempbell jurnalistlar bilan suhbatda Afg‘onistonda qilinishi kerak ish hali ko‘p ekanligini bildirdi.

Kempbell Afg‘onistonda xavfsizlik xizmati ancha yaxshilanganini, lekin haliyam NATO yordamiga muhtoj ekanligini qo‘shimcha qildi.

O‘tgan haftada Qobulda uchrashgan Afg‘oniston, Xitoy, AQSh jamda Pokiston rasmiylari mart oyining ilk haftasida toliblar hamda Afg‘oniston hukumati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar boshlanishini bildirishdi.

Ammo bu e’lon ortidan toliblar Afg‘oniston bo‘ylab hujumlarini jadallashtirdi. Natijada prezident Ashraf G‘ani o‘z hukumati begunoh fuqarolarni o‘ldiruvchi ekstremistlar bilan muzokara olib bormasligini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG