Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:51

Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalarga Rossiya istagan istisnolar kiritildi


Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Shimoliy Koreyaga qarshi joriy qilinadigan yangi sanksiyalar dasturida Moskvaning muhim iqtisodiy loyihalari himoyaga olinganini iddao qilmoqda.

BMT xavfsizlik kengashi yangi sanksiyalarni bir ovozdan qabul olganidan keyin jurnalistlar oldida chiqish qilgan Vitaliy Churkin AQSh bilan muzokara qilib, Rossiya sharqidagi Xasan shahrini Shimoliy Koreyaning Rajin porti bilan bog‘laydigan temir yo‘l loyihasini davom ettirishga kelishganini bildirdi. Rossiya mazkur temir yo‘l yordamida ko‘mir va boshqa rus eksportlarini Xitoy bilan Janubiy Koreyaga olib borishni rejalashtirmoqda.

“Xitoy kabi bizda ham muayyan iqtisodiy qiziqishlarimiz bo‘lib, ularning Shimoliy Koreyaning yadroviy yoki raketa dasturi bilan umuman aloqasi yo‘q”, dedi Churkin.

“Rossiya temir yo‘llari shirkatining yirik loyihasini, ya’ni Rossiya ko‘mirini Xitoyning janubiy hududlariga hamda Janubiy Koreyaga eltib berish uchun Shimoliy Koreyaga boruvchi temir yo‘l qurishni nazarda tutyapman”, dedi Churkin.

Churkin Rossiya muzokara olib borgani sabab loyiha “va boshqa iqtisodiy qiziqishlarimiz o‘zgarmadi”, deya qo‘shimcha qildi.

Rossiya uchun Koreya temir yo‘li loyihasi juda muhimdir, chunki mamlakat o‘zining sharqiy hududlarini rivojlantirishga va eksport yo‘llarini Yevropadan boshqa taraflarga o‘zgaritishga harakat qilib kelmoqda. Pxenyan esa loyiha yordamida pul ishlab olishni hamda ojiz iqtisodini ozgina yaxshilab olishni istaydi.

Rossiya tufayli Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarning qabul olinishi bir necha kunga kechikdi. Diplomatlarning aytishicha, Rossiya nafaqat temir yo‘l, balki boshqa loyihalarni ham davom ettirish huquqini qo‘lga kirish uchun muzokara olib borgan.

Hayratlanarlisi, Rossiya Koreyaga reyslari mavjud bo‘lgan xalqaro aviashirkatlarning samolyotlari uchun mamlakatga yoqilg‘i olib kirishga hamda Koreyaga “tirikchilik uchun” ko‘mir kabi minerallarni eksport qilish ruxsati berilishiga erishdi.

Shularni hisobga olmaganda, yangi iqtisodiy sanksiyalar ancha keng ko‘lamli bo‘lib, Koreyadan ko‘mir, temir rudasi, titan, vanadiy hamda boshqa qimmatli metallarni import qilishni hamda mamlakatga aviatsiya hamda raketa yoqilg‘isi eksport qilishni qat’iyan man qiladi.

Rossiya yana sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bir shaxsning nomi o‘chirilishiga ham muvaffaq bo‘ldi. Bu Koreya konchilikni rivojlantirish va savdo korporatsiyasining Rossiyadagi vakilidir. AQSh Moliya vazirligi bu shirkat qurol-aslaha savdosida ishtirok etishini aytib keladi.

Churkin Jang Song Chol “Rossiyada emas. U ro‘yxatga kiritilganidan hayratdamiz”, dedi.

Rossiya bu erkinliklarni qo‘lga kiritish uchun sanksiyalarning odamlar hayotiga ko‘rsatadigan ta’siriga urg‘u bergan.

Ammo AQSh va Yevropaning BMTdagi vakillari sanktsiyalar faqatgina Shimoliy Koreya tuzumini hamda mamlakatdagi boshqaruvchi elitani mo‘ljalga olishini, shusiz ham og‘ir ahvolda yashayotgan oddiy fuqarolarga qaratilmaganini aytishdi.

XS
SM
MD
LG