Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:52

Yevropa parlamenti qozoq rasmiylarini jurnalistlarga nisbatan bosimni to‘xtatishga chaqirdi


Yevroparlament chaqirig‘ida jinoiy ta’qibga uchragan Qozog‘iston Jurnalistlar uyushmasi raisi Seytqazi Mataevning ham ismi keltirilgan.
Yevroparlament chaqirig‘ida jinoiy ta’qibga uchragan Qozog‘iston Jurnalistlar uyushmasi raisi Seytqazi Mataevning ham ismi keltirilgan.

Yevropa parlamenti 10 mart kuni Qozog‘istonda so‘z erkinligi bo‘yicha rezolyutsiya yoyinlab, unda qozoq rasmiylarini jurnalistlar va ommaviy axborot vositalariga nisbatan ta’qibni to‘xtatishga chaqirdi.

“Yevropa parlamenti mustaqil va tanqidiy qarashdagi ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va blogerlarga nisbatan davom etayotgan ta’qibni, Qozog‘iston rasmiylarining siyosiy asosga ega bo‘lgan ayblovlardan foydalanishini va uzoq muddatli qamoq tahdidi ostida soxta iqrornomalar olish amaliyotini qoralaydi. Yevropa parlamenti Seytqazi Mataev, Go‘zal Baydalinova, Serikjan Mambetalin va boshqalarga nisbatan siyosiy sababga ega bo‘lgan avvalgi va hozirgi mahkama jarayonlari, hukmlar va sanktsiyalarni bekor qilishga chaqiradi”, deyiladi Yevroparlament tomonidan yoyinlangan hujjatda.

Yevropa deputatlari Qozog‘iston rasmiylariga ommaviy axborot vositalari uchun haddan ziyod og‘ir jazoni ko‘zda tutgan qonunchilikni isloh qilish talabi bilan ham murojaat qilganlar.

“Yevroparlament Qozog‘iston rasmiylarini Yevropa Ittifoqi, BMT va YeXHT tomonidan tavsiya etilgani kabi qonunchilikda media-faoliyat uchun haddan tashqari og‘ir ma’muriy va jinoiy jazoni bekor qilishni ko‘zda tutgan islohotlarni zudlik bilan boshlashga, xususan, Jinoyat kodeksidan so‘z erkinligini cheklash va jurnalistlarni ayblash uchun foydalanilayotgan jazo moddalarini olib tashlashga chaqiradi”, deya ta’kidlanadi hujjatda.

Bundan tashqari, Yevropa parlamenti Ostonani jurnalistlarning ishlari bo‘yicha barcha mahkama jarayonlari ochiq tartibda o‘tishi uchun sud tizimini o‘zgartirishga chaqirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur rezolyutsiya Yevropa Ittifoqi kengashi, komissiyasi, vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik bo‘yicha vakili, YeIga a’zo bo‘lgan davlatlar hukumatlari va parlamentlari, Qozog‘iston prezidenti, hukumati va parlamenti, Yevropa Kengashi va YeXHT parlament assambleyasiga yetkaziladi.

Prezident Nazarboevning sobiq matbuot kotibi va Qozog‘iston Jurnalistlar uyushmasi raisi Seytqazi Mataev byudjet mablag‘ini o‘marganlik va soliq to‘lamaganlikda gumonlanib, 24 fevral kuni hibsga olingan. 3 mart kuni bo‘lib o‘tgan apellyatsiya sudi advokatlarning Mataevni uy qamog‘iga chiqarish iltimosini qondirmagan. Shu tariqa Qozog‘iston Jurnalistlar uyushmasi raisi tergov yakunlangunicha, ya’ni aprel oyi oxiriga qadar hibsxonada qoladigan bo‘ldi.

Fuqarolik jamiyati faollari Serikjan Mambetalin va Ermek Narimbaev Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifalarida boshqa birov qalami mansub matnni joylashtirganlik uchun yanvar oyi oxirida 2 va 3 yilga qamalganlar.

Yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda ayblanayotgan Nakanune.kz muxolifat nashri muharriri Go‘zal Baydalinova esa o‘tgan yilning dekabridan beri Olmaota tergov hibsxonasida tutib turilibdi.

Ismi sanalgan jurnalistlar va faollar o‘zlariga qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmaganlar. Ayni paytda bu jurnalistlarning hamkasblari ularga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlar uydirilgani va siyosiy motivga egaligini aytmoqdalar.

XS
SM
MD
LG