Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:37

Qirg‘iziston prezidenti muxolifatni xalq dushmanlariga tenglashtirdi


Atambaev ko‘chat ekish tadbirida
Atambaev ko‘chat ekish tadbirida

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev mamlakatdagi muxolifat vakillarini xalq dushmanlariga tenglashtirdi. Qirg‘iziston prezidentining bu muqoisasi, 12 mart kuni Bishkekda o‘tkazilgan shanbalikdan so‘ng, jurnalistlar bilan uchrashuvi chog‘ida yangradi. Almazbek Atambaev shuningdek merosxo‘ri va hukumatdagi so‘nggi o‘zgarishlarga ham to‘xtaldi.

Bishkekdagi “Botanika bog‘i”da ko‘chat ekib bo‘lgach mahalliy jurnalistlar bilan suhbatlashgan Prezident Almazbek Atambaev muxolifat kuchlarini keskin tanqid qildi.

U yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchragan muxolifatchilarni “ko‘chada qolgan siyosatchilar” deya ta’rifladi va ularnimuolifatchi, deb hisoblamasligini aytdi:

“Xalqni yig‘ib, davlat to‘ntarishi qilaman, deganlar muxolifat emas, ular el buzarlar. Ular - haqiqiy xalq dushmanlari. Ularda “bir narsa bo‘lsa, cho‘ntagimni to‘ldiray,” degan maqsad bor, xolos. Baqirganlar ortida faqat qon yoki o‘g‘irlik bor. Ochiq aytaman, ular ular qonga to‘ymagan quzg‘unlarga o‘xshaydi. Men shunday deb o‘ylayman,” dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Almazbek Atambaev so‘nggi hukumatdagi o‘zgarishlar haqida ham o‘z pozitsiyasini bildirdi.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbirining “O‘rningizga merosxo‘r tayyorlayapsizmi?” degan savoliga “xalq keyingi prezidentni o‘zi saylasin”, deya javob qaytardi.

“Agarda men prezident sifatida merosxo‘r tayyorlab, xalqqa shu odamni saylanglar deb ketsam, Qirg‘izistonga demokratiya kelmaydi. Albatta, davlat kelajagi meni o‘ylantiradi. Biroq qo‘shni davlatlar kabi merosxo‘rni tayinlab ketsam, bizda ham demokratiya bo‘lmaydi. Xalq keyingi prezidentni o‘zi saylasin,” dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Qirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik sayloviga ikki yildan ozroq vaqt qolgan.

Ayni paytda muxolifatdagi siyosatchi Ravshan Jeenbekov prezidentni o‘tmishini unutganlikda aybladi.

“Bugun Atambaev aytgan qo‘pol, yomon so‘zlarni muxolifat avvalgi prezidentlardan ham eshitgan. O‘sha davrda Atambaev, Sariev ham muxolifatda edi. 2005-yili Akaev ham, 2010-yili Bakiev ham shunday qilgan. Atambaevning shu so‘zlarni takrorlashi ularning ahvoliga tushganidan darak beradi. Biz prezidentni ketsin, deb ovoza qilganimiz yo‘q. Faqat o‘lkadagi siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy muammolar hal qilinishini talab qilayapmiz,” dedi Ravshan Jeenbekov.

So‘nggi oylarda qirg‘iz muxolifati hukumatga elektr energiyasi narxi va ijtimoiy to‘lovlarni kamaytirish kabi talablarni qo‘yayotir.

Muxolifatdagi harakatlardan biri 14-mart kuni Jalolobod, Talas va Norinda norozilik namoyishlari o‘tkazishini e’lon qilgan.

24-mart kuni esa O‘sh shahrida muxolifat kuchlarining qurultoyi o‘tkazilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG