Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:28

Qozog‘istonda boshlangan "girya vasvasasi" O‘zbekistonga ko‘chdi


O‘zbekistonliklar orasida 16 va 32 kilogrammlik giryalarni qidirish vasvasasi avj olmoqda. Bu vasvasani avj oldirayotgan mish-mishlar og‘izdan-og‘izga ko‘chishdan tashqari ijtimoiy tarmoqlarni ham kezib yuribdi. Ko‘pchilikni Ilf va Petrovning “Oltin buzog‘i”dagi Panikovskiy va Balaganovning ahvoliga tushirib qo‘ygan, belbog‘ining orqasidan firibgarlarning qulog‘i ko‘rinib turgan polvontoshlar o‘zbeklardan avvalroq tojik va qozoqlarni ham chuv tushirgan edi. Firibgarliklarni fosh etish bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar bunday mish-mishlarga uchmaslikdan ogohlantirmoqda.


“Arralayvering, Shura! Arralayvering!”

Shu kunlarda Telegram va Whatsapp orqali tarqalayotgan xabarlarga ishonilsa, sobiq SSSRda ishlab chiqarilgan 16 va 32 kilogrammlik giryalarni 100, 200, 1000 dollarga sotib oladigan xaridor tappa-tayyor turibdiyu, hoziroq kelib, naqd pulni qo‘lingizga tutqazadida, toshlarni ko‘tarib olib chiqib ketadi.

“Yaqinda bir xabar eshitib qoldim, juda qiziq. Mendan bir tanishim SSSR davrida chiqarilgan 32 kilolik tosh uyizda bormi, deb so‘rab qoldi. Yangisi bo‘lmas ekan, aynan SSSR davrida ishlab chiqarilgani kerak ekan. Ichida qandaydir qimmatbaho metallmi, boshqa narsami bor ekan. Toshni 1000 dollar va undan oshiqqa sotib olishar ekan. O‘zbekistondan sotib olishib, Qozog‘istonga olib borib sotishar ekan”, deya yozadi mushtariylardan biri.

Ayrim mushtariylarimizni eskirib, zanglab yotgan giryani nega otning kallasiday narxga sotib olishayapti, degan savol ham qiziqtirayotganini ko‘rish mumkin.

O‘zingiz arralay ko‘rmang!

Ozodlik muxbiri girya sotib olamiz, degan e’londagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. O‘zi o‘zbekistonlik bo‘lishiga qaramasdan, Rossiya nomerini bergan girya xaridori 1000 dollar emas, naq 2000 ming dollar berishga tayyorligini bildirdi.

“Agar biz aytayotgan girya bo‘lsa, 2000 dollardan sotib olamiz. Telefoningizni bering, hozir sizga telefon qilishadi. Men o‘zim ham o‘zbekistonlikman, shunchaki hozir Moskvadaman shunga nomerim Rossiyaniki. Lekin sizga qo‘ng‘iroq qilishadi, tekshirib ko‘ramiz, bizga to‘g‘ri kelsa bo‘ldi”, dedi “xaridor”.

Suhbatdoshdan: "Bunchalik qiziqishning sababi nimada, giryaning ichida oltini bormi, yorib ko‘rsammikin?", deb so‘radik.

“Agar arralasangiz, sizga rostini aytaman, sog‘lig‘ingizga zarar yetishi mumkin. Unday qilmaganingiz ma’qul”, deya maslahat qildi “xaridor”, girya ichida palladiy, simob yoki boshqa qimmatbaho modda bor, degan mish-mishlarga shama qilib.

"O‘lgan eshakning qulog‘ini Pushkindan olasan"

Moskvadagi advokatlik firmalaridan birining firibgarliklar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassisi Ozodlik bilan qisqa suhbatda bunday vasvasa “omadli jentelmenlarga” havodan pul yasash imkoniyatlarini yaratib beradi, deya tushuntirdi.

“Har bir mulohazali odam avval sovet davrida ishlab chiqarilgan girya qanday qilib daromad keltirishi mumkin, degan savolni berishi kerak. Menimcha¸ zamonaviy giryalar ancha qulayroq. Bunday mish-mishlar o‘tmishda ham tarqalgan edi. Esingizda bo‘lsa, qaysidir yilda ishlab chiqarilan kopeyka tangalarida oltin bor ekan, yoki “Zinger” tikuv mashinalari ichida qimmatbaho metallar bor ekan degan gap-so‘zlar qanday tez tarqagan bo‘lsa, shunchalik tez unutilgan edi. Lekin odamlar hatto kvartiralarini sotib, tikuv mashinalarini sotib olishdi. Bunday vaziyat, ya’ni odamlar ommaviy vasvasaga tushgan muhit olg‘irlar uchun mo‘may daromad manbai bo‘ladi. Vasvasaga tushgan odam uchun giryami yoki boshqa narsami fiks g‘oyaga aylanadi. Uni keyin sota oladimi, yo‘qmi ikkilamchi maqsadga aylanadi. Muhimi qanday qilib bo‘lmasin, aytilgan giryani topishi kerak. Shunda girya sotadigan “muruvvatli” odamlar tezdagina topiladi”, deydi huquqshunos.

Rossiyalik onlayn faollar firibgarlar girya vasvasasiga tushganlarni qanday qilib chuv tushirishiga misollarni ham aniqlashdi.

“Buning siri oddiy. Sizdan 2000 dollarga girya sotib oladigan odam, siz bilan biror joyda uchrashuv tayinlaydi. Siz giryani qo‘ltiqlab, uchib borasiz. Uchrashasizlar, xaridor sizga “zo‘r men istagan girya ekan, faqat ekspertiza qilib ko‘ramiz, ichida biz xohlagan metallar borligini tekshirib ko‘rishimiz kerak”, deydi. Ekspertiza narxi 250-300 dollar bo‘ladi. Bu xarajatni siz ko‘tarasiz, chunki girya sizniki va uni 2000 dollarga sotmoqchisiz. Siz pulni chiqarib berasiz. Ekspertiza o‘tkaziladi. Qarabsizki, giryangiz ichida xaridor istagan qimmatbaho metallar chiqmaydi. U sizdan uzr so‘raydi. Siz esa, 250-300 dollarni allaqachon chiqarib bergansiz”, deya tushuntiradi rossiyalik internet-faol.

Qozog‘istonda hatto "uyimni giryaga almashtiraman", degan e’lonlar paydo bo‘ldi
Qozog‘istonda hatto "uyimni giryaga almashtiraman", degan e’lonlar paydo bo‘ldi

Mutaxassisga ko‘ra¸ bu firibgarlar ishlatadigan usullardan biri xolos.

O‘zbekistonlik polvontosh izlovchilarni vasvasaga solayotgan girya toshlar oldi-berdisi bundan avvallroq Tojikiston va Qozog‘istonda ham tarqalib, bugungi kunda unutila boshlashga ulgurdi.

Tojikistonda hatto Fizika va texnika instituti olimlarini ovora qilishib, giryalarni tekshirtirib ko‘rishdi. Olimlar birorta giryadan pichoqqa ilinadigan narsa topa olmadi.

Qozog‘istonda esa hatto uylarini giryaga almashishga tayyorligi aytilgan e’lonlar paydo bo‘ldi.

Tarqatilgan mish-mishlardan birida hatto qozog‘istonlikning uyiga o‘g‘rilar tushib, hech narsani olmasdan bir juft polvontoshni olib chiqib ketgani iddao qilindi.

Markaziy Osiyo aholisi orasida tarqalgan girya vasvasasi emikdosh yozuvchilar Ilya Ilf va Yevgeniy Petrovning “Oltin buzoq” romani qahramonlari Mixail Samuelevich Panikovskiy va Shura Balaganovlar qilig‘ini esga soladi.

Ikkovlon go‘mma millioner Aleksandr Ivanovich Koreyko millionlariga oltin sotib olib, polvontosh quydirib qo‘ygan, deya chuv tushishadi.

XS
SM
MD
LG