Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:13

Xorijdan ushlab kelingan mansabdor, AQSh prezidentiga tortiq etilgan Amu balig‘i


Buxorolik ovchi daydi itni o‘ldiraman deb, qo‘shnisini otib qo‘ydi. Farg‘ona elektr tarmoqlari korxonasi mansabdori xorijdan ushlab kelindi. AQSh prezidenti Ruzvelьt dasturxoniga Amudaryodan tutilgan baliq tortilgan. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Statistika qo‘mitasi fuqarolarni korrupsiya holatlarini fosh qilishda faol qatnashishga chaqirdi

Davlat statistika organlari joriy yilning 10 mart-10 aprel kunlari korrupsiyaga qarshi monitoring doirasida kuzatuvlar o‘tkazadi (“Darakchi”, 17 mart). Shu munosabat bilan qo‘mita fuqarolarga murojaat qilib, korrupsiya holatlarini aniqlashda faol ishtirok etishga chaqirgan. Murojaatda fuqarolar korrupsiya bo‘yicha so‘rovnomaga vijdonan va samimiy javob berishlari muhimligi ta’kidlangan. So‘rovnoma anonim hisoblanishi, respondentning shaxsiga oid ma’lumotlar hech qaerda ko‘rsatilmasligi, javoblar faqat umumlashtirilgan holda ishlatilishi, shuningdek, javoblar ishtirokchiga yoki boshqa shaxsga qarshi ishlatilmasligi kafolatlangani bildirilgan.

Fuqarolardan tushayotgan shikoyatlarning 58 foizi kommunal xizmatlardan

2015 yilda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning hududiy organlari iste’molchilar huquqini himoya qilish bo‘yicha 5141 ta ariza va shikoyat kelib tushgan (“Oila davrasida”, 17 mart). Murojaatlarning 58 foizi kommunal xizmatlarga tegishli bo‘lib, aksar iste’molchilar kommunal xizmatlar haqini to‘lashda yuzaga kelayotgan muammolar, xizmat sifati va qo‘shimcha haq hisoblash kabi holatlardan arz qilgan. Qayd etilishicha, yozma arizalarning 92,5 foizi, “ishonch telefoni” orqali tushgan murojaatlarning 61,9 foizi iste’molchi foydasiga hal qilingan.

Farg‘ona elektr tarmoqlari korxonasi mansabdori xorijdan ushlab kelindi

Jinoiy javobgarlikdan qochib, chet elga qochib ketgan “Farg‘ona elektr tarmoqlari hududiy korxonasi” sobiq bo‘lim boshlig‘i Saydolim Buvajamboev xorijdan ushlab kelindi (“Huquq”, 17 mart). S.Buvajamboev korxonaning elektr taqsimoti va iste’molni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i sifatida butun Farg‘ona viloyati, qo‘shni davlatlar hamda viloyatlarga elektr energiyasi uzatilishini nazorat qilgan. U ikki yarim yil mobaynida (2009 yildan 2011 yil birinchi yarmiga qadar) hududlarga uzatilgan elektr energiyasi miqdorini kamaytirib ko‘rsatish orqali 539,5 million so‘m mablag‘ni talon-taroj qilgan. Xabarga ko‘ra, sudlanuvchi zararni qoplagani sababli unga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi. Shuningdek, S.Buvajamboevni xorijdan etap qilib olib kelish xarajati ham undan undirilgan.

Buxorolik ovchi daydi itni o‘ldiraman deb, qo‘shnisini otib qo‘ydi

Buxoro viloyatining shu nomli tumanida ov qurollari bilan bog‘liq ikki noxush holat qayd etildi (“Postda”, 12 mart). Buxoro tumani Dehimiyona qishlog‘ida yashovchi N.T. o‘g‘lining nomida bo‘lgan “IJ-27” rusumli 16 kalibrli ov quroli bilan fuqaro R.Salomovning yuziga otib, jarohat etkazgan. Bunga esa o‘zaro kelishmovchilik sabab bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan N.T.ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shu tumanning So‘fikorgar qishlog‘ida yashovchi R.B. ko‘chada daydi itlarni otish vaqtida qo‘shnisi S.Yo‘ldoshevga jarohat yetkazgan. Mo‘ljalni aniq olmagan ovchi qonuniy jazosini olgani ma’lum qilingan.

“Dizayn”jon, “Dizayn”, qulog‘ingdan cho‘zayin!

“Darakchi” nashri “Dizayn” hajviy guruhining so‘nggi konsertini felyeton qildi. “Yozuvchilarimizdan biri askiyani go‘ng ustida ochilgan gulga, yana biri erkaklar hammomiga o‘xshatgan ekan. “Dizayn”chilarning yuz qizartiradigan askiyalarni topishga ja ustaligini tan olish kerak. Lekin bunaqa qochiriqlarni qoidasiga ko‘ra to‘rt-besh ming kishining oldida, kim-kimlar o‘tmagan tabarruk sahnada emas, choyxonada, ja bo‘lmasa, o‘sha mashhur yozuvchimiz aytganidek hammomda aytishlari kerak-da”, deb yozadi muallif. Yozilishicha, “Dizayn”chilarning konserti disk va internetda tarqalib ulgurmasidan hali “ona suti og‘zidan ketmagan” bolalar ham ularning qochirimlarini ishlatib yuribdi.

Buxorolik soliq idorasi rasmiysi 1100 dollar pora bilan ushlandi

Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani davlat soliq idorasi tekshiruvlar sho‘’basi boshlig‘i Shavkat Kamolov pora bilan ushlandi. “Huquq” gazetasiga ko‘ra, soliq mansabdori tumandagi “Sarbon-Sardoba lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tekshiruv o‘tkazgach, soliq to‘lovi bo‘yicha kamchiliklardan ko‘z yumish evaziga 1100 AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan. Sho‘’ba boshlig‘i Sh.Kamolov 2015 yil 4 mart kuni pora olayotgan paytda ushlangan. Qayd etilishicha, misqollab yiqqan obro‘sidan ayrilgan Kamolov 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

AQSh prezidenti Ruzvelt dasturxoniga Amudaryodan tutilgan baliq tortilgan

1945 yilning fevralida bo‘lib o‘tgan Yalta konferensiyasi payti SSSR rahbari Stalin mezbon sifatida AQSh prezidenti Franklin Delano Ruzveltdan hol so‘raydi (“Hurriyat”, 16 mart). AQSh rahbari “hammasi yaxshi-yu, lekin nonushtada skafiringus balig‘i qo‘yilmagani chatoq bo‘ldi, chunki u faqat Missisipi daryosida uchraydi” degan mazmunda javob qiladi. Mehmon huzuridan chiqqan Stalin maxsus xizmat vakilini qabuliga chorlab, baliqni zudlik bilan topishni buyuradi. Oradan bir necha soat o‘tib, skafiringus balig‘i Amudaryoning Termiz shahri yaqinidagi sohilidan tutiladi hamda tezuchar samolyotda Yaltaga yetkaziladi. Yanagi kun Ruzveltning dasturxoniga skafiringus tortiladi.

Qayd etilishicha, osyotr baliqlari oilasiga mansub skafiringus (o‘zbekcha muqobili qilquyruq, kurakburun) keyingi 50 yil ichida qariyb yo‘qolgan deb hisoblanib, Qizil kitobga kiritilgan. Keyingi yillarda Termiz yaqinida ikki bora qilquyruq uchragan. Mazkur baliq Yer sharining Missisipi va Amu daryolarida tarqalgan.

XS
SM
MD
LG