Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:09

O‘zbek-qirg‘iz chegara xizmatlari boshliqlari muzokara boshladi


O‘zbekiston-Qirg‘iziston Chegara xizmati rahbarlari 25 mart kuni o‘zaro sarhadlarda yuzaga kelgan keskinlikni yumshatishga qaratilgan muzokara boshladilar. O‘zbek tomoni tashabbusi bilan belgilangan bu muzokaralar ikki qo‘shni o‘rtasida ochiq qolaëtgan yagona Botken viloyatidagi “Qizilqiya” nazorat-o‘tkazuv punktida bo‘lib o‘tmoqda.

Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot kotibi tarqatgan bayonotga ko‘ra¸ o‘zaro sarhadda o‘tkazilayotgan muzokaralarda Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati rahbari Raimberdi Duyshenbiev va O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati qoshidagi Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Rustam Eminjonov ishtirok etmoqda.

Qirg‘iz tomoni Toshkentning javobini "mavhum va mujmal", deb baholadi

Ayni paytda¸ O‘zbekiston bahsli bo‘lib turgan Chalasart hududiga harbiy texnika va askar kiritgani munosabati bilan Qirg‘izistonning Toshkentdagi elchisi maslahatlashuvlar uchun Bishkekka chaqirtirib olinadi.

Bu haqda 24 mart kuni Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Nurlan Suyarqulov ma’lum qildi.

Elchining maslahatlashuvlar uchun chaqirtirib olinishi xalqaro diplomatiyada jiddiy norozilik alomatlaridan biri sifatida ko‘riladi. Diplomatik tilda bu “qo‘shni mamlakat bilan diplomatik aloqalar darajasining pasaytirilishi”ni anglatadi, ammo “diplomatik aloqalar to‘la uzilishi”ni bildirmaydi. “Elchini maslahatlashuv uchun chaqirtirib olinishi” Bishkekning Toshkentda nimalar bo‘layotgani, Qirg‘iziston xavfsizligiga tahdid bor yoki yo‘qligini aniqlashga qaratilgan harakati ham bo‘lishi mumkin.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziriligi elchining chaqirtirib olinishiga yuqorida aytib o‘tilgan omillardan qay biri sabab bo‘lganini ochiqlamagan.

O‘zbekiston 18 mart kuni ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan Chalasart hududiga 2 BTR. 2 KamAz va 40 askar kiritgan edi. Shundan so‘ng Qirg‘iziston tomoni Toshkentga norozilik notasi jo‘natgan.

22 mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi notaga javob qaytargan. Javobda O‘zbekiston Navro‘z munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirilishi doirasida Chalasartga askar kiritgani aytilgan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Toshkentning bu javobini mavhum va mujmal, deb hisoblab, 24 mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga yana bir norozlik notasi jo‘natdi

- O‘zbekiston biz jo‘natgan notaga aniq javob qaytarmagani ortidan qirg‘iz tomoni chegaradagi aniqlanmagan Chalasart hududiga o‘zbek tomoni qurolli kuchlar va harbiy texnika kiritish huquqiga ega emas edi, degan fikrida sobit qolmoqda. O‘zbekiston bu hududdagi postlarni yo‘q qilib, askarlari va harbiy texnikasini olib chiqib ketganidan so‘nggina qirg‘iz tomoni o‘zbek hamkasblari bilan barcha masalalar yuzasidan konstruktiv muzokaralarni olib borishga tayyor bo‘ladi, - dedi Nurlan Suyarqulov.

Alikbek Jekshenkulov: Elchini chaqirtirib olish eng so‘nggi chora

Ayni paytda Qirg‘iziston chegaradagi vaziyatni hal qilishda ko‘mak so‘rab Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlarga murojaat qilgan.

Bishkek talabi bilan Moskvada Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doimiy kengashi bu masalani muhokama qilib, ikki davlat o‘rtasidagi chegarada yuzaga kelgan vaziyatdan tashvish bildirgan. Biroq kengash qanday qaror qilgani haligacha noma’lum qolmoqda.

Qirg‘izistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenqulov o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat xalqaro tashkilotlar tomonidan emas, qirg‘iz hukumati tomonidan hal etilishi lozim edi, deb hisoblaydi:

- Xalqaro tashkilotlarga ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo izdan chiqqan paytda murojaat qilinadi. Bu xalqaro tajriba. Chegaradagi vaziyat yuzasidan avval hukumat yuqori darajadagi so‘zlashuvlarni o‘tkazishi shart edi. Elchini chaqirtirib olish ham eng so‘nggi chora bo‘lishi kerak. Diplomatlar so‘zlashuvlarni olib borolmayotgan bo‘lsa, ularning o‘rniga yangi diplomatlarni tayinlash kerak. Nota jo‘natib, vaziyatni yanada keskinlashtirishdan hech kimga naf bo‘lmaydi, -dedi Alikbek Jekshenqulov.

Qirg‘iziston hukumati: O‘zbekiston Bishkekka bosim o‘tkazishga harakat qilayapti

24 mart kuni Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev agar O‘zbekiston bahsli hududdan o‘z harbiylarini olib chiqib, vaziyatni yumshatishga harakat qilmasa, Toshkentda iyun oyida o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti yig‘ilishiga bormasligini bildirgan edi.

Qirg‘iziston hukumati chegarada yuzaga kelgan vaziyatni O‘zbekistonning O‘rtato‘qay suv ombori masalasida Bishkekka ta’sir ko‘rsatish harakati sifatida baholamoqda. O‘zbekistonda bu ob’ekt Kasonsoy suv ombori deb ataladi. Qirg‘iziston hukumatining chegaralarni aniqlash bo‘yicha maxsus vakili Kurbanbay Iskanderov payshanba kuni matbuotga bu haqda bildirar ekan, Toshkent Bishkekdan O‘rtato‘qay suv omborini ta’mirlashga ruxsat so‘ragani, ammo Bishkek bunga ruxsat bermaganini aytdi. Mana shu voqea ortidan O‘zbekiston Chalasart hududiga harbiy texnika va askarlarini olib kirgan.

O‘zbekistonda Kasonsoy, Qirg‘izistonda O‘rtato‘qay deb ataluvchi suv ombori O‘zbekiston tomonidan ishlatilib kelinadi. Qirg‘iziston bu hududni o‘ziga qarashli deb biladi. Suv ombori esa ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib qolayotgan ob’ekt hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG