Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:14

Bryussel portlashlarida 3 shaxs ayblandi, Obama Belgiyaga yordam va’da qildi


Belgiya prokurorlari Bryusseldagi portlashlarga aloqadorlikda gumon qilinib, ushlangan 3 shaxsga ayblov e’lon qildi. Uchchovlon 25 mart kuni Bryusselda qo‘lga olingan. Belgiya 22 mart kungi qonli hujumlar ortidan tergovni davom ettirarkan, AQSh prezidenti Barak Obama bu ittifoqchi davlat hukumatiga "hartomonlama yordam berishi va qo‘llab-quvvatlashi"ni bildirdi.

Belgiya mahalliy matbuoti 25 mart kuni qo‘lga olingan 3 shaxsga nisbatan Zaventum aeroportidagi ikki va shahar metrosidagi bir portlashga aloqadorlik aybi qo‘yilganini ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, qo‘lga olinganlardan birining shaxsi Faysal S. shaklida matbuotga ma’lum qilingan, qolgan ikkisining shaxsiga oid ma’lumotlar sir saqlanmoqda.

Faysal S. 22 mart kuni aeroportda aka-uka xudkushlar Xolid va Ibrohim al-Baqraviylar bilan birga bo‘lgan uchinchi shaxs ekani taxmin qilinmoqda.

Uchchovlon 25 mart kuni Bryusselda qo‘lga olingan. Bu shaxslar Parij politsiyasining 24 mart kungi ehtimoliy terror xuruji oldi olingan amaliyotlari natijasida ushlangan.

Bundan tashqari, Belgiya rasmiy televideniesi uch shaxsdan biri portlovchi moslamalar solingan ryukzak bilan qo‘lga tushganini xabar qilmoqda.

22 mart kuni Bryussel aeroporti va metrosida sodir bo‘lgan portlashda 31 kishi o‘ldi, 300 atrofida odam jarohatlandi.

26 mart kuni chiqish qilgan AQSh prezidenti Barak Obama "gunohsiz kishilar, ayollar va bolalarga nisbatan hujumga aloqador bo‘lgan" terrorchilarni topish va ularni javobgarlikka tortishda Belgiya hukumatiga ko‘ptomonlama yordam berish va qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Shanba kungi chiqishida Obama Belgiyani AQShning yaqin do‘sti va ittifoqchisi, deb atadi va: "Yaqin do‘stlarimiz haqida gap borarkan, Amerika ularni har doim qo‘llaydi, ayniqsa, terror kabi zulmga qarshi", deb ta’kidladi.

Oq Uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, FTBning bir guruh agenti Belgiyaga yuborilgan va teraktlar ustidan tergovda ishtirok etmoqda.

"Biz "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni bu guruh to‘liq yakson etilguniga qadar davom ettiramiz. Bu haftada biz uning etakchilaridan birini yo‘q qildik", dedi jumladan Obama.

Prezident Obama keyingi haftada Vashingtonda yadroviy xavfsizlik masalalariga qaratilgan sammit bo‘lishi va unga o‘nlab davlat etakchilari kelishini ham eslatdi.

"Biz imkoniyatdan foydalanib, xalqlarimizni himoya qilish yo‘lida "Islomiy davlat"ga qarshi o‘zaro birlikdagi kurashni kuchaytirish yo‘llarini muhokama qilamiz", dedi Obama.

22 mart kuni Bryusselning Zaventum aeroportidagi ikkita va shahar metrosida bir portlash uchun mas’uliyatni "Islomiy davlat" terror guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Politsiya aeroport va metrodagi portlashni uyushtirgan xudkushlar aka-uka Xolid va Ibrohim al-Baqraviylar ekanini aniqlagan. Ibrohim al-Baqraviyning aeroportda, uning ukasi Xolid al-Baqraviyning esa metro ichida o‘zini portlatgani DNK analizi natijasida aniqlangan.

Mahalliy matbuot berayotgan xabarlarga ko‘ra, aka-ukalar avvalgi jinoyatlari bilan politsiyaga yaxshi ma’lum bo‘lgan. Xususan, ulardan biri politsiyachiga o‘q otgani uchun jazolangan. Bundan tashqari, ikkovlonning Parijdagi terror ortidan Bryusselda o‘tkazilgan reydlar chog‘ida qochgani ham politsiyaga ma’lum bo‘lgani ma’lumotlar bor.

Aeroport kameralarida aka-ukalar bilan birga aks etgan uchinchi kishining shaxsi aniqlangan. Bu 24 yashar Najim Lashraviydir va uning Parij hujumlarida portlatilgan bombalarni yasagani taxmin qilinmoqda.

Mahalliy matbuot bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Lashraviy ikki oy muqaddam Saloh Abdeslam bilan birga Bryussel chegarasidagi kameralardan biriga tushib qolgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, portlashlarda jarohat olgan 300 chog‘li odam orasida ahvoli og‘ir qolayotgan bemorlar bor. Jarohatlanganlar orasida komaga tushib qolganlari borligi va hozirga qadar ulardan ba’zilarining shaxsini aniqlash imkonsiz qolayotgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG