Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:25

O‘zbek harbiylari Chalasartni to‘liq tark etdi, Olabuqadagi blokpost olindi


O‘zbekiston qirg‘iz-o‘zbek chegarasida bahsli bo‘lib turgan Chalasart hududida qolayotgan oz sonli harbiy va texnikasini ham to‘liq olib chiqdi. Qirg‘iziston chegarani qo‘riqlash xizmati o‘zaro muzokaralar ortidan o‘zbek tomoni 26 mart kuni bu hududni to‘liq tark etgani, Olabuqa-Kerben yo‘liga o‘rnatilgan blokpost ham olinganini bildirdi. Qirg‘iz tomoni muzokaraning o‘zbek tomoni tashabbusi bilan 25 mart kuni o‘tkazilganini aytmoqda.

O‘zbekiston qirg‘iz-o‘zbek chegarasidagi bahsli hududdan qo‘shinini ortga olishi Toshkent va Bishkek o‘rtasida bir hafta davom etgan keskinlikka barham berdi.

18 mart kuni ikki mamlakat o‘rtasida bahsli sanalgan Qirg‘izistonning Olabuqa va O‘zbekistonning Chortoq tumanlari o‘rtasidagi bahsli hududga o‘zbekiston harbiylari kiritilib, yangi chegara nazorat nuqtasi o‘rnatganliklari to‘g‘risida xabar berilgandi.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatining Chegara Qo‘mitasi 21 mart Navro‘z bayrami munosabati bilan mamlakat chegaralarida xavfsizlik choralari kuchaytirilganini bildirgandi

Qirg‘iziston tomonida esa bu amal noroziliklarga sabab bo‘ldi.

24 mart kuni Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev agar O‘zbekiston bahsli hududdan o‘z harbiylarini olib chiqib, vaziyatni yumshatishga harakat qilmasa, Toshkentda iyun oyida o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti yig‘ilishiga bormasligini bildirgan edi.

Qirg‘iziston hukumati chegarada yuzaga kelgan vaziyatni O‘zbekistonning O‘rtato‘qay suv ombori masalasida Bishkekka ta’sir ko‘rsatish harakati sifatida baholamoqda.

O‘zbekistonda bu ob’ekt Kasonsoy suv ombori deb ataladi. Qirg‘iziston hukumatining chegaralarni aniqlash bo‘yicha maxsus vakili Kurbanbay Iskanderov payshanba kuni matbuotga bu haqda bildirar ekan, Toshkent Bishkekdan O‘rtato‘qay suv omborini ta’mirlashga ruxsat so‘ragani, ammo Bishkek bunga ruxsat bermaganini aytdi.

Mana shu voqea ortidan O‘zbekiston Chalasart hududiga harbiy texnika va askarlarini olib kirgan.

O‘zbekistonda Kasonsoy, Qirg‘izistonda O‘rtato‘qay deb ataluvchi suv ombori O‘zbekiston tomonidan ishlatilib kelinadi. Qirg‘iziston bu hududni o‘ziga qarashli deb biladi.

Suv ombori esa ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib qolayotgan ob’ekt hisoblanadi.

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasining umumiy uzunligi 1300 kilometrdan ziyodroq bo‘lib, uning ko‘pgina qismi baxsli bo‘lib qolayotir.

XS
SM
MD
LG