Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:26

Tojik-afg‘on chegarasi: Garovdagi tojikistonliklar hali ham ozod etilgani yo‘q


Tojik rasmiylari 25 mart kuni afg‘onistonlik kontrabandachilar tomonidan garovga olingan ikki fuqaroning ozod qilishini bo‘yicha muzokarani davom ettirmoqda.

Bu haqda 28 mart kuni Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasi matbuot kotibi Muhammadjon Ulug‘xo‘jaev bildirdi.

- Bu muzokaralar ijobiy natija bilan tugaydi, deb umid qilamiz, - dedi Ulug‘xo‘jaev Ozodlikning tojik xizmatiga bergan suhbatida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonning Badaxshon viloyati rahbari tojikistonlik ikki fuqaroni ozod qilish bo‘yicha maxsus guruh tuzishni buyurgan. Badaxshon viloyat gubernatori matbuot kotibi Ahmadnabi Furutun huquq-tartibot idoralari xodimlaridan iborat bu maxsus guruh tojikistonliklarni biror-bir shartsiz ozod qilishga hamda ularni sog‘-omon vataniga qaytarishga harakat qilishini ma’lum qildi.

- Biz yo‘l qurilishida ishlayotgan bu ikki fuqaroni kontrabandachilar guruhi garovga olganini aniq ayta olamiz. Ularning shaxsi aniqlandi. Garovdagilar olib ketilgan Badaxshon viloyatining Xoxon tumani eng tinch tumanlardan biri bo‘lib hisoblanadi, u yerda toliblar ham boshqa terror guruhlari ham yo‘q. Umid qilamanki, Tojikiston fuqarolarini ozod qilish masalasi tez orada hal etiladi, - dedi Badaxshon gubernatorining matbuot kotibi.

Dashtijum jamoati raisi Siroj Ziyoev tojikistonliklarning garovga olinishi afg‘onistonlik bangfurushlarning hibsga olinishiga o‘ziga xos javob bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

- Ikki kun oldin Tojikiston chegara qo‘shinlari ikki bangfurushni qo‘lga olishgandi. Bunga javoban kontrabandachilar bizning ikki fuqaroimizni o‘zlari bilan olib ketgan bo‘lishlari mumkin, - dedi Ziyoev.

Bu noxush hodisa 25 mart kuni Tojikistonning Afg‘oniston chegarasiga yaqin bo‘lgan Sho‘rabod tumanidagi yo‘l qurilishi ketayotgan joyda sodir bo‘lgandi.

Afg‘on kontrabandachilari tomonidan amalga oshirilgan qurolli hujum chog‘ida Sho‘roobod-Shohon avtoyo‘li qurilish loyihasi haydovchisi Davlatjon Yoqubov yarador bo‘lgan, yo‘l qurilishida ishlayotgan ikki kishi esa garovga olinib, Panj tomonga haydab ketilgan.23 yoshli dashtijumlik haydovchi Ko‘lob kasalxonasiga yotqizilgan.

Uzunligi 40 kilometrni tashkil qilgan Sho‘roobod-Shohon avtoyo‘li Turkiyaning Tekar shirkati tomonidan qurilmoqda.

Juma kungi hujum so‘nggi yigirma kun ichida Tojikistonga afg‘onistonliklar tomonidan amalga oshirilgan qurolli hujumlarning ikkinchisidir. 5 mart tongida “Panj” chegara maskanida tojikistonlik chegarachilar va chegaradan o‘tgan 9 nafar afg‘onistonlikdan iborat qurolli guruh o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz bergandi. O‘shanda tojikistonlik bir chegarachi halok bo‘lgan.

Tojikiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara taqriban 1,5 ming kilometrga uzangan. Afg‘onistonning Tojikistonga chegaradosh ayrim tumanlari so‘nggi paytlarda ekstremistik guruhlar nazoratiga o‘tgan. Tojik rasmiylari Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyat nazorat ostida ekani va chegaraning narigi tomonidan keladigan xavf-xatarga qarshi tura olishlarini doim ta’kidlab keladilar.

XS
SM
MD
LG