Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:29

Sirdaryoda gaz portlagan uydagi yosh oila 3 oylik bolasi bilan og‘ir kuydi


Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi M.Ulug‘bek ko‘chasida gaz portlagan uyda yashagan yosh oila - 29 yashar er, 27 yashar xotin va 3 oylik chaqaloq o‘ta og‘ir ahvolda reanimatsiyada qolmoqda. 18 martga o‘tar kechasi kutilmaganda berilgan tabiiy gaz portlab, ularning uchchalasi ham 80-90 foizgacha kuygani aytilmoqda. Tuman hokimligi bu oila fojeasi uchun mas’ullarni jazolash zarurligini ta’kidladi, ammo aniq ma’lumot bermadi.

Sirdaryo tumani markazidagi M.Ulug‘bek ko‘chasida istiqomat qiluvchi 29 yashar S.R. (oila ismi yaqinlari talabi bilan sir saqlanmoqda. - tahr) oilasidagi portlash 18 martga o‘tar tunda sodir bo‘lgan.

Ismini sir saqlashni so‘ragan tumanlik manbaga ko‘ra, tonggi soat 4 ga yaqin kutilmaganda gaz kelgan:

"Soat 4da hamma g‘aflat uyqusida uxlayotgan bo‘ladiku, tursa is gazi hammayoqda. Uyning hamma xonalarini qoplagan va nimadir qilishgan-da, birdan portlab ketgan. 29 yashar kuyov bechoraning terisi 90 foiz kuygan, xotini 80 foizdan oshiq, 3 oylik chaqalog‘i ham shunaqa og‘ir kuygan, deyapti do‘xtirlar. Uchchalasi ham hozir Toshkentdagi 16-shahar kasalxonasida, reanimatsiya bo‘limida yotibdi", dedi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatlashgan manba.

​Uning aytishicha, S.R.ning bir oyog‘i yo‘q, ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan va tunda protezini echib qo‘ygani uchun oilasini vaqtida qutqara olmagan:

"Er nogiron, xotin 3 oylik bolasi bilan uyda edi. Pensiyaga kun ko‘rishardi. Yigit yolg‘iz bola, ota-onasi ham pensiyaga qarab qolgan. Falokatdan keyin ularga endi mahalla-kuy yordam berayapti. Tomi osilib qolgan, xavfli, deb uyini buzishyapti hozir. Endi uchchalasiga ham plazma uchun odamlar pul yig‘ayapti. Do‘xtirlar qolgan dorilari bizdan, deyapti ekan rahmat. Ko‘ring-da endi, saharlab soat 4 da ham gaz beradimi bular?" dedi Ozodlik manbasi.

Manbaga ko‘ra, hozir mana shu savol hammani qiziqtirmoqda. 19 mart kuni qariyb yonib bitgan xonadonga tuman IIB xodimlari kelgan va surishtiruv o‘tkazgan, ammo shundan keyin qanday choralar ko‘rilayotgan S.R. oilasi yaqinlariga noma’lum qolmoqda.

"Sirdaryotumangaz" korxonasining o‘zini tanishtirmagan xodimi M.Ulug‘bek ko‘chasidagi xonadonda gaz portlagani va ayni paytda, yosh oila og‘ir ahvolda shifoxonada qolayotganini tasdiqladi. Shuningdek, korxona mutasaddilari bu ish bilan shug‘ullanayotganini ham aytdi, biroq boshqa ma’lumot bermadi.

Sirdaryo tuman hokimligining bir necha mulozimi bilan bog‘langan muxbir bu idoradan ham jo‘yali javob ololmadi.

Hokimiyatning o‘zini tanishtirmagan mulozimi bunday hollarda javobgar kim va ularga qanday chora ko‘riladi, mazmunidagi savolga shunday javob berdi:

"O‘sha jabr ko‘rganlarning o‘zi sudga yoki prokuraturaga ariza kiritsa, o‘shanda chora ko‘rilishi mumkin, tumangazigami-boshqasigami", dedi hokimiyat mulozimi.

"Siz hokimiyat organi sifatida og‘ir ahvolda shifoxonada qolayotgan bu oila haqlarini himoya qilmaysizmi? Gaz ogohlantirishsiz uzilgan va sahar soat 4da berilgan, bunga kim javobgar?" degan savollarga bu mulozim aniq javob bermadi:

"Bu endi yurist bilan maslahatlashiladigan masala. Siz esa hokimiyatga keling, telefonlik gapmas bu", dedi Sirdaryo tuman hokimligining mutasaddisi.

Bu mulozim tuman hokimligining ayni masalaga mas’ul qator xodimlari telefon raqamlarini berdi. Jumladan, tuman hokimining ijtimoiy, iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, "Mahalla" xayriya jamg‘armasining tuman bo‘limi rahbariniki, deya taqdim qilingan telefon raqamlari orqali bog‘lanishga uringan muxbir boshqa birorta jo‘yali javob ololmadi. (Ozodlik Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida sodir bo‘lgan bu mudhish fojeaga oid tafsilotlarga aniqlik kiritishda davom etadi.)

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy terapevt shifokorlardan biri qish mavsumida turli darajadagi kuyish bilan shifoxonaga tushgan bemorlarni davolagani, ammo bu qadar og‘ir kuyganlariga duch kelmaganini aytadi:

"80-90 foizlik kuyish juda og‘ir kuyish. Endi kuyishning darajasiga bog‘liq. Agar yengil kuyish bo‘lsa, masalan 1, 2- darajali bo‘lsa 70 foizgacha kuygan bemorlarning sog‘ayganini ko‘rganman. Lekin, 70 dan ortiq bo‘lsa, odatan, kuyish darajasi kamida 2 yoki 3 bo‘ladi. Ya’ni, bular kiyimda bo‘lgan, kiyim yongan va tanaga yopishgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, hozir kiyim-boshlar ham sintetik matodan. Bu holda kuyish darajasi ortaveradi", dedi mahalliy shifokorlardan biri.

Shu kunlarda nafaqat Sirdaryo, balki qo‘shni Jizzax viloyatida ham tabiiy gaz uzib qo‘yilganidan Ozodlikka shikoyatlar kelmoqda. Odatan, buning aksi bo‘lardi - bahor fasli kelishi bilan aholiga berilayotgan tabiiy gaz hajmining biroz oshishi kuzatilar edi.

Jumladan, Jizzax viloyatidan bog‘langan tinglovchilar shu yilning 8 martida tabiiy gaz uzilgani va shundan beri berilmayotganidan shikoyat qilgan. Avvaliga viloyat, so‘ngra respublika gaz ta’minoti idorasiga ishonch telefonlari orqali bog‘langan tinglovchilar respublikadan aholiga beriladigan gazni pasaytirish haqida ko‘rsatma berilgani haqida rasmiy javob olganini aytmoqdalar. Ozodlik tinglovchilardan olingan bu ma’lumotga hozircha biror rasmiy izoh ololgani yo‘q.

O‘zbekistonda aholiga tabiiy gaz yetkazib berishdagi uzilishlar sabab noxush hodisalar tez-tez sodir bo‘ladi.

Shu yilning yanvarida Andijon shahridagi Bo‘ston mahallasining Hamid Olimjon ko‘chasida istiqomat qilgan 82 yashar Nurmatov va uning 79 yashar kampiri 5 yanvar kuni tongda yuz bergan gaz portlashidan halok bo‘ldi. Bo‘ston mahallasida yashaydigan Ozodlik manbasining aytishicha, keksa kampir o‘sha joyda, chol esa kasalxonada jon bergan.

O‘tgan yilning mart oyida Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanining Chandir qishlog‘ida istiqomat qilgan Hazratovlar oilasining uch a’zosi – ota va uning ikki qizi gaz portlashidan nobud bo‘lgan edi.

2014 yilning fevralida Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani “Go‘zalkent” poselkasidagi Qulton qishlog‘ida gaz ballonida ishlovchi qo‘lbola isitish moslamasi portlab ketishi oqibatida bir oiladan besh kishi halok bo‘lgan edi.

2014 yilning fevralida Farg‘ona viloyat Qo‘shtepa tumani G‘ishtmon fuqarolar yig‘inida yashovchi Qodirovlar uyida 2 fevralga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan gaz portlashi oqibatida bu xonadondagilarning hammasi turli daraja kuyish bilan viloyat kasalxonasiga yotqizilgan haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG