Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:27

O‘zbekiston hibsxona va qamoqxonalariga qiynoqlarga qarshi otkritka yuborish oyligi bormoqda


Jasliqqa yuborish uchun yozilgan otkritka matni.
Jasliqqa yuborish uchun yozilgan otkritka matni.

Xalqaro Amnistiya O‘zbekistonda keng qo‘llanilayotgan qiynoqlarga qarshi yangi aksiya boshladi. “Yolg‘onlar va sirlardan to‘ydik!” deb nomlangan bu aksiya davomida O‘zbekistondagi qiynoq markazlari deb ko‘riluvchi Jasliq qamoqxonasi¸ Toshturma va MXXning Gvardeyskiy ko‘chasidagi izolyatori manziliga “Biz bu yerda qiynoqlar qo‘llanilayotganini bilamiz. Qiynoqlarni to‘xtating!” deb yozilgan otkritkalar jo‘natilmoqda.

Qiynoqchilarga otkritkalar...

Markazi Londonda joylashgan Xalqaro Amnistiya tashkiloti rasmiy sahifasida boshlangan yangi aksiya maqsadi¸ “mamlakatning amalda yopiqligiga qaramay¸ xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston tergov izolyatorlari va qamoqxonalarida bo‘layotganlarni yaqindan kuzatib kelayotganini ko‘rsatishdir”.

“Qiynoq qo‘llashdan maqsad oddiy – odamlarni iqrornomaga qo‘l qo‘yishga majburlash. Natija kundek ayon – ana shunday iqrornomalar asosida O‘zbekiston hakamlari ayblov hukmlari chiqarib kelmoqda. Dastlabki tergov aql bovar qilmas shavqatsizlikka aylanadi: elektroshok va kaltaklashlar¸ zo‘rlik va seksual haqoratlar ishga solinadi”¸ deyiladi Xalqaro Amnistiya tashkilotining “Yolg‘onlar va sirlardan to‘ydik!” deb nomlangan yangi aksiyasi munosabati bilan e’lon qilingan baënotda.

MXX hibsxonasiga atalgan otkritka.
MXX hibsxonasiga atalgan otkritka.

20 yildan beri O‘zbekistondagi qiynoqlar manzarasini yoritishga urinib kelayotgan Xalqaro Amnistiya o‘z tadqiqotlari va guvohlik ko‘rsatmalaridan kelib chiqqan holda¸ Ichki Ishlar vazirligiga qarashli Toshturma¸ MXXning Yunusoboddagi tergov izolyatori va Jasliq qamoqxonasini mamlakatdagi shavqatsiz qiynoq markazlari deb topgan.

“Bu muassasalar devorlari orqasida bo‘layotgan narsalar¸ hatto ko‘pni ko‘rgan¸ tajribali huquq faollari va advokatlarni ham dahshatga solmoqda”¸ deyiladi Xalqaro Amnistoya bayonotida.

Yangi aksiya qatnashchilariga¸ bir oy davomida aynan ana shu uch muassasaning pochta manziliga Xalqaro Amnistiya logotipi tushirilgan tayyor matnga imzo qo‘yib¸ yuborish so‘raladi.

Qiynoqlar - o‘zbek huquq tizimlari ish uslubining ajralmas qismi

Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasida besh yil qo‘riqchi bo‘lib ishlagan Qayum Ortiqov 2009 yilda odam savdosida ayblanib¸ 6 yillik qamoqqa hukm qilingan edi.

Qariyb ikki yarim yil uydirma ayb bilan qamoqda ushlanib¸ Britaniya foydasiga josuslik aybiga iqror qildirish uchun shavqatsiz qiynoqlarga solingan Ortiqov¸ Ozodlik bilan suhbatda bu qiynoqlar qo‘lga olingan kundan boshlanishini aytadi:

Toshturma uchun ëzilgan otkritka.
Toshturma uchun ëzilgan otkritka.

- Qiynoqlar O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlarining doimiy kundalik dasturiga kiritilgan. Tergov jarayoni qiynoqlarsiz o‘tkazilmaydi. Ular qiynoqlarni uch xil tarzda amalga oshirishadi. Eng dahshatli¸ noinsoniy qiynoqlar siyosiy mahkumlar¸ diniy ekstremizmda ayblanganlar va josuslikda gumon qilinganlarni qilmagan ishini bo‘yniga qo‘yish uchun qo‘llaniladi. Bu qiynoqlar to‘xtovsiz¸ uzoq muddatda amalga oshiriladi. Ikkinchi toifa qiynoq qurbonlari bu moliyaviy jinoyatchilar. Ular¸ qolaversa¸ o‘g‘rilar sheriklarini fosh qilib¸ yozib bermaguncha qiynoqqa tortiladi. Tergov davomida qolgan toifa gumonlanuvchilarga ham qo‘llaniladigan qiynoqlar bor. Har bir vaqtinchalik tergov izolyatorida qiynoq qo‘llaniladi. Lekin eng dahshatlilari Toshturma va Milliy xavfsizlik xizmatining Yunusobod rayonida qurilgan yangi turmasi yerto‘lasida qo‘llaniladigan qiynoqlardir. Bu joylar yaqinidan o‘tgan odamning yuragi titramay iloji yo‘q¸ deydi Britaniya foydasiga josuslik aybini bo‘yniga oldirish uchun dahshatli qiynoqlarga solingan Qayum Ortiqov.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov ham Xalqaro Amnistiya va sobiq mahkumning Toshturma¸ MXX tergov izolyatori va Jasliqning O‘zbekistondagi eng dahshatli qiynoq markazlari ekani haqidagi fikrini qo‘llaydi. Ayni paytda u¸ qiynoqlar ko‘lami faqat shu uch muassasa doirasida tugamasligini ta’kidlaydi:

- Qashqadaryo¸ Navoiy va Buxorodagi qamoqxonalarda qiynoq qo‘llash Toshturma yoki MXX izolyatorida qo‘llanilayotgan qiynoqlardan qolishmaydi. E’tibor bersangiz¸ yillardan beri o‘lik eng ko‘p chiqaëtgan qamoqxonalar Zarafshon va Qiziltepadagi qamoqlardir. Avvallari Ichki ishlar tergov izloyatorida shavqatsiz qiynoq qo‘llanilgan bo‘lsa¸ bugunga kelib¸ MXX qiynoq qo‘llashda IIVdan qolishmaydi. MXX xodimlarining tergov davomiga ayovsiz qiynoqqa solishiga oid ko‘rsatmalar ko‘payib bormoqda¸ deydi huquq faoli.

MXX qiynoqlari qurboni

O‘tgan yilning 16 avgust kuni savdo qoidalarini buzganlik va noqonuniy valyuta oldi-sotdisini tashkil qilganlikda ayblanib, hibsga olingan buxorolik 44 yashar tadbirkor Ilhom Ibodov tergov izolyatoridagi 28 kunlik tutqunlikdan keyin uyiga jasadi qaytarilganlardan biri. Ibodov yaqinlari uning 28 kun davomida MXX xodimlari qo‘llagan dahshatli qiynoqlar oqibatida o‘lganini iddao qilmoqda:

- Oyoq tirnoqlarini ichiga bigiz tiqilgani belgilari bor edi. Ikkita pochka, bel tarafi umuman ko‘karib ketgan, oyog‘ida shilingan joylari ham bor edi. Hozir sakkiz yilga qamalgan Rahim akam ham uning ko‘zi oldida Ilhom akamni qiynashganini aytib berdi. Ilhom akamni Rahim akamni oldida, Rahim akamni Ilhom akamning oldida qiynashgan, - dedi Ozodlik bilan suhbatda Dilfuza Ibodova.

Hozirga qadar MXX tergov izolyatorida go‘yo yurak xurujidan o‘ldi¸ deb qayddan o‘tkazilgan Ilhom Ibodov o‘limi uchun hech kim javobgarlikka tortilmadi.

Xalqaro Amnistoya bir oy davomida o‘tkazayotgan aksiyadan ko‘zlangan maqsadlardan biri ham aynan qiynoq qo‘llayotganlarni jazoga tortishni talab qilishdir.

Toshturma¸ MXX tergov izoltori va Jasliqqa yuborish qo‘ralayotgan otkritkalar so‘nggida bu muassasa rahbarlaridan “qiynoqlarni to‘xtatish va qiynoq qo‘llaganlarni adolat bilan javobgarlikka tortish; mahbuslarning oila a’zolari bilan bog‘lanishiga, huquq himoyachisiga va tibbiy yordam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish” so‘raladi.

XS
SM
MD
LG