Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:43

Toshkent metrosiga odamlarni chaqimchilikka undovchi plakatlar osilmoqda


Toshkent metropoliteni va marshrut taksilarida yo‘lovchilarni “ogohlikka undovchi” yangi mazmundagi plakatlar paydo bo‘ldi. Avvallari aytib kelingan “shubhali buyumlarni ko‘rganingizda¸ metropoliten xodimlariga xabar qiling” da’vati yoniga endi¸ “davlat siyosatiga qarshi gapirayotgan odamlarni ko‘rsangiz¸ militsiya ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling”¸ degan chaqiriq qo‘shildi.

Ozodlikning Toshkentdagi manbalaridan biri¸ poytaxt metrosi bekatlari va vagonlari ichida yangi ogohlantiruv matnlari paydo bo‘lganiga o‘zi guvoh bo‘lganini aytadi:

- Uch kuncha oldin metroga tushganda¸ vagon devorida kichkina harflar bilan yozilgan yangi e’longa ko‘zim tushdi. To‘liq matnini hozir aytib berolmayman. Yodimda qolgani¸ jamoat joylarida odamlar to‘planib¸ davlat siyosatiga qarshi gapirayotgan bo‘lsa¸ aynan guruh bo‘lib gapirayotgan bo‘lsa¸ militsiya xodimlariga xabar qiling¸ deb bir qator telefon raqamlari berilgan. O‘zi har bir metro bekatiga tashqaridan kiraverishda¸ keyin pastda¸ tanga tashlanadigan joyda militsioner turadi va kattaroq sumkalilarni tekshiradi¸ hujjat so‘raydi. Har bir bekat ichida yana kamida ikkitasi turadi. Siyosatga qarshi gapirganlarni shularga¸ yoki ishonch raqamlariga telefon qilib¸ chaqib berish so‘ralayapti¸ deydi toshkentlik manba.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:32 0:00
Бевосита линк

Ayni suhbatdoshga ko‘ra¸ bunday e’lonlar nafaqat metropoliten¸ balki boshqa joylarda¸ xususan¸ marshrut taksilarda ham paydo bo‘lgan:

- Bu narsa bitta metroga taalluqli emas. Odamlardan qaerda bo‘lishidan qat’iy nazar¸ uchta-to‘rtta odam to‘plangan joyda davlat siyosatiga qarshi gap bo‘layotgan bo‘lsa¸ shu haqda militsiyaga xabar qilish so‘ralmoqda. Yaqinda marshrutkada ham ayni shunday e’longa ko‘zim tushuvchi. Unda Toshkent shahridagi har bir rayon militsiyasining tegishli raqamlari yozilgan edi. Avtobusga chiqmaganim uchun¸ ularning avtobusda bor-yo‘qligini bilmayman¸ dedi suhbatdosh.

Toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich 1 aprel kuni o‘zi guvoh bo‘lgan bunday plakatlar mazmunini aholini ogohlik emas¸ chaqimchilikka da’vat qilish deb baholadi.

“O‘zbekiston qonunchiligida kafolatlangan so‘z erkinligi O‘zbekistonda terror harakatiga tenglashtirildi. Toshkent metrosiga osilgan yangi plakatlar shundan dalolatdir. Bundan avvalgi abstrakt ogohlikka da’vat qiluvchi plakatlardan farqli yangilarida fuqarolar ochiqdan-ochiq chaqimchilikka taklif qilinmoqda”¸ deydi toshkentlik mustaqil jurnalist.

Aytilishicha¸ ko‘k rangli kichik harflarda metro vagonlari va kassa derazasiga yopishtirilgan oddiy printerdan chiqarilgan bunday varaqalar faqat o‘zbek tilida yozilgan.

2011 yilda Bosh vazir Shavkat Mirziyoev qarori bilan Toshkent metropolitenidan tijoriy reklamalar olib tashlangan¸ 2013 yildan esa¸ poezdlarning bo‘m-bo‘sh devorlariga aholini terrorchilikdan ogoh bo‘lishga da’vat qiluvchi matnlar yopishtirilgan edi.

Ko‘p o‘tmay metroda “Shubhali buyumlarni ko‘rganingizda metropoliten xodimlariga xabar bering. Ogoh bo‘ling¸ ogohlik davr talabi” degan ovozli chaqiriqlarni uzluksiz qo‘yish ham yo‘lga qo‘yilgan edi.

2015 yil dekabridan O‘zbekistonda jamoat transporti haydovchilari va kirakashlarni terror hujumlariga qarshi hushyorlikka chaqirish jarayoni boshlangan edi.

Xususan, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilarga avtotransport vositasida shubhali shaxs yoki shubhali buyum borligi ayon bo‘lsa¸ zudlik bilan salondan yo‘lovchilarni tushirib, militsiya organlariga xabar berish lozimligini uqtirishga kirishilgan edi.

Ozodlikka bunday choralarni izohlagan O‘zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi rasmiysi avtotransport vositalarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va terrorchilik hujumlari oldini olish maqsadida bu jarayonga qo‘l urilganini aytgan edi:

- Shubhali narsa yoki odamni ko‘rsangiz, diniy da’vatlar yoki terrorchilik alomatlarini kuzatsangiz kerakli joyga xabar berish kerak, mashinani salonidami, avtobusdami, bekatdami, bu hamma haydovchilarga taaluqli. Hozir bu borada haydovchilarga qo‘llanma va yo‘riqnomalar tarqatilmoqda. Har bir avtobus, mikroavtobus va engil mashina saloniga ilova qilinayotgan targ‘ibot chaqiriqlarini joylashtiryapmiz, degan edi o‘tgan yil dekabrida Avtomobil va daryo transporti agentligi rasmiylaridan biri.

XS
SM
MD
LG