Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:31

Amnesty International: Dunyo bo‘ylab qatllar soni oshib bormoqda


Pokistonning Ravalpindi shahrida osilgan Mumtoz Qadriyning qarindoshlari va tarafdorlari uning jasadi atrofida o‘tiribdi, 2016 yil 29 fevrali (Qadriy 2011 yilda viloyat gubernatorini o‘ldirganlik uchun osilgandi).
Pokistonning Ravalpindi shahrida osilgan Mumtoz Qadriyning qarindoshlari va tarafdorlari uning jasadi atrofida o‘tiribdi, 2016 yil 29 fevrali (Qadriy 2011 yilda viloyat gubernatorini o‘ldirganlik uchun osilgandi).

Markazi Londonda joylashgan Amnesty International inson huquqlari tashkiloti 2015 yil dunyodagi qatl etishlar soni so‘nggi yigirma yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichga etganini bildirdi. Buning asosiy sababi Eron, Pokiston hamda Saudiya Arabistonida keyingi yillarda qatllar sonining keskin oshganidir.

Tashkilot 6 aprel kuni e’lon qilgan hisobotda yozilishicha, 2015 yil dunyo bo‘ylab 1634 nafar kishi qatl etilgan. Bu esa bir yil avval qayd etilgan ko‘rsatkichdan 50 foizga ko‘proqdir.

Tasdiqlangan qatllarning 89 foizi Eron, Pokiston hamda Saudiya Arabistonida amalga oshirilgan.

Amnesty Internationalning bosh kotibi Salil Shetti: “Eron, Pokiston va Saudiya Arabistoni misli ko‘rilmagan darajada qatl etishlarni – ko‘p hollarda adolatsiz sud jarayonlariga asoslangan holda – amalga oshirdi. Bu qirg‘in to‘xtatilishi kerak”, dedi.

Shetti qatl etishlarning soni oshib borayotgani juda xavotirli ekanligini qo‘shimcha qildi. “Keyingi 25 yil davomida dunyo bo‘ylab bunchalik ko‘p odam o‘ldirilmagan edi”, dedi u.

Qatllar soni aslida hisobotda ko‘rsatilgandan ham ko‘p ekanligi aytilmoqda. Amnesty International hisobotiga tashkilot “duyoning yetakchi qatl etuvchisi” deb ataydigan Xitoy kiritilmagan, chunki mamlakatda qatl etishlar haqidagi ma’lumot davlat siri hisoblanadi.

Hisobotda yozilishicha, Xitoyda yiliga minglab odam qatl etiladi. Ammo bu ko‘rsatkich kamayib borayotgan bo‘lishi mumkin, sababi 2007 yili Xitoy Oliy sudi o‘lim jazosidan foydalanishni nazorat qila boshlagan.

Amnesty International qatllar soni ko‘payib borayotgan bo‘lsa-da, o‘lim jazosini bekor qilish bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar kuzatilganini bildirdi. Amnesty International o‘lim jazosiga butunlay qarshidir.

Tashkilotning o‘lim jazosi bo‘yicha mutaxassisi Oluvatosin Popula Ozodlik bilan suhbatda 2015 yilda o‘lim jazosini yo‘q qilishga qaratilgan kurashda “ayrim hollarda ortga siljish kuzatilgan bo‘lsa-da, ro‘y bergan boshqa o‘zgarishlar umid bag‘ishlaydi. Kongo Respublikasi, Fiji, Madagaskar hamda Surinam barcha jinoyatlar uchun o‘lim jazosiga hukm qilishni bekor qildi”, dedi.

Joriy yilda Mo‘g‘ulistonda ham o‘lim jazosi bekor qilinadi. Tashkilotning bildirishicha, tarixda birinchi marta o‘lim jazosini bekor qilgan mamlakatlar soni bekor qilmagan davlatlar sonidan oshib ketdi. Hozirgi kunda 102 davlatda qatl etishlar butunlay to‘xtatilgan.

“Umuman olganda, dunyoning 140 mamlakati qonun bo‘yicha yoki amalda o‘lim jazosiga hukm qilmaydi”, deyiladi hisobotda.

Popula o‘lim jazosi “Amerika hududida ham tarixga aylanayapti. AQShda qatl etishlar sonining oxirgi 24 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichi qayd etildi”, dedi.

Hisobotda yozilishicha, 2015 yil Yevropada yoki Markaziy Osiyoda hech kim qatl etilmagan. Bu hududda Belarus o‘lim jazosiga hukm qiluvchi yagona mamlakatdir. Lekin o‘tgan yilda Belarusda ham hech kim qatl etilmadi.

XS
SM
MD
LG