Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:24

Prezident kuni: Tojikistonda bayramlar soni yana bittaga ko‘payadi


Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon.
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon.

Dushanba kuni tojik deputatlari hukumatning mamlakatda Prezident kunini bayram qilish g‘oyasini qo‘llab chiqishdi. Bu masala yuzasidan deputatlar parlament quyi palatasining 13 aprel kuni o‘tkazilajak majlisida ovoz berishi kutilmoqda.

Tojikiston parlamenti matbuot xizmatining qayd etishicha, endilikda “Bayram kunlari to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasiga har yili 16 noyabr Prezident kuni sifatida nishonlanishiga oid o‘zgartish kiritiladi.

Ozodlikning tojik xizmati manbasiga ko‘ra, qonunga tuzatish loyihasi “Janobi Oliy, Tojikiston respublikasi prezidenti, Millat peshvosi, muhtaram Imomali Rahmonning mamlakat davlatchiligini shakllantirish, milliy davlatchilikni tiklash, tinchlik va birdamlikni ta’minlash, Tojikiston obro‘-e’tiborini xalqaro maydonda mustahkamlash yo‘lidagi beqiyos hissasini e’tiborga olgan holda” tayyorlangan.

Imomali Rahmon 2015 yil dekabrida “Tinchlik va milliy birdamlik asoschisi – Millat peshvosi to‘g‘risida”gi qonunni imzolash orqali “Millat peshvosi” maqomiga ega bo‘lgandi.

Bu maqom uni hukmronlik davrida sodir etgan ishlari uchun har qanday mas’uliyatdan xalos qiladi hamda lavozimini tark etganidan keyin ham unga o‘z ta’sirini saqlab qolish imkonini beradi.

16 moddadan iborat qonunda “Millat peshvosi” tushunchasiga ta’rif berilgan, bu shaxsning vakolatlari, daxlsizligi, xavfsizligining ta’minlanishi, unga berilgan ijtimoiy kafolatlar bayon qilingan.

Mazkur qonunning 4-moddasiga muvofiq, Millat peshvosi – Imomali Rahmon ordeni va “Millat peshvosi – Imomali Rahmon” davlat mukofoti ta’sis etilgan.

Bu ordenning ta’sis etilishini tanqidchilar Tojikistonda shaxsga sig‘inishning yana bir namunasi o‘laroq baholaganlar.

Payg‘ambar yoshiga etgan prezident Imomali Rahmon Tojikistonni so‘nggi 23 yildan beri boshqarib keladi. Rossiyaning yaqin ittifoqdoshi bo‘lmish Imomali Rahmonning mansab pillapoyalari bo‘ylab ko‘tarilishi uning 1988 yilda Dang‘ara tumanidagi Lenin nomli sovxoz direktorligiga saylanganidan so‘ng boshlangani aytiladi.

Joriy yilning 22 may kuni Tojikistonda konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish uchun umumxalq referendumi o‘tkazilishi kutilayapti. Bu referendumda Imomali Rahmonning bir umr prezident bo‘lib qolishi, prezidentlikka nomzodlar yoshining pasaytirilishi nazarda tutilgan o‘zgartishlar umumxalq muhokamasiga qo‘yiladi. Kuzatuvchilar fikricha, bu referendum bilan tojik prezidenti o‘zini va oilasini bir umr hokimiyatda qolishini ta’minlashi mumkin.

Tojikiston mintaqada Prezident kunini joriy etayotgan birinchi davlat emas. Qozog‘istonda besh yildan buyon 1 dekabr To‘ng‘ich prezident kuni sifatida nishonlab kelinadi. Bu kuni, ya’ni 1991 yil 1 dekabrida qozog‘istonliklar o‘zlarining birinchi (va hali ham amaldagi) prezidentini saylagandilar.

XS
SM
MD
LG