Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:02

Qirg‘iziston bosh vaziri iste’foga chiqdi


Temir Sariev.
Temir Sariev.

Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariev 11 aprel kuni hukumatning navbatdan tashqarigi majlisida iste’foga ketishini e’lon qildi. Iste’fo nutqida Sariev o‘zining bosh vazirlik davrida Issiqko‘ldagi O‘zbekistonga tegishli to‘rt pansionat Qirg‘iziston tasarrufiga olinganini alohida urg‘uladi.

Qirg‘iziston hukumatining dushanba kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqarigi majlisini bosh vazir Temir Sariev mamlakat parlamenti uning kabinetiga ikki marta ishonch ko‘rsatgani, prezident Atambaev hukumat ishiga bevosita aralashmasa-da, doim siyosiy dastak berib turganini e’tirof etishdan boshladi.

Shundan so‘ng hukumat faoliyatiga to‘xtalgan Sariev u boshchiligidagi vazirlar qator siyosiy qarorlar qabul qilgani, mas’uliyatdan qochmagani, xususan, O‘zbekistonga tegishli to‘rt pansionat Qirg‘iziston tasarrufiga olingani, Rossiya bilan GESlarni qurish bitimi denonsatsiya qilinganini urg‘uladi.

Sariev o‘z kabineti ishiga to‘sqinliklar avval ham bo‘lgani, biroq so‘nggi paytlarda ular juda ko‘payib ketganini qayd etdi.

Darhaqiqat, keyingi paytda Qirg‘izistondagi siyosiy doiralarda va ommaviy axborot vositalarida Temir Sariev kabineti faoliyati yuzasidan tanqid kuchaygan.

Tanqidlar kuchayishi o‘tgan oy o‘rtalarida O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaradagi bahsli hududga harbiy texnika va askar kiritgan kunlarda ayniqsa yaqqol sezildi. O‘shanda muxolif qarashdagi siyosatchilar Sariev hukumatini siyosiy mahoratsizlikda ayblab chiqishgan.

“Manas” aeroporti hamda Baliqchi-Ko‘rumdu avtoyo‘li qurilishiga oid tender janjali esa bu tanqidlarning avj nuqtasi bo‘ldi.

9 aprel kuni mazkur masalani o‘rganayotgan deputatlar komissiyasi yopiq majlisida Transport va aloqa vaziri Arg‘inbek Malabaev o‘z muovini Ulan Uezbaev va bosh vazirning yaqinlari avtoyo‘l ta’miri bo‘yicha tenderda Xitoyning “Long Xay” shirkati manfaatlarini himoya qilganini bildirgan. Shundan so‘ng parlament komissiyasi a’zolari “Temir Sariev ishdan ketishi lozim” degan xulosaga kelishgan.

Iste’fo nutqida Sariev bu masalaga ham to‘xtaldi.

- So‘nggi kunlarda men va hukumat ishi atrofida ochiq yolg‘on va nayrang kampaniyasi avj olganidan hammaning xabari bor. Shu sababli siyosiy muhit keskin o‘zgardi. Bunday vaziyat hukumat ish tartibini ancha qiyinlashtirib qo‘ydi.

Hukumat faoliyatining turli yo‘nalishlari doimiy asossiz ayblovlar nishoniga aylandi. Baliqchi-Ko‘rumdu yo‘lini rekonstruktsiyalash masalasi bularning eng shiddatlisi bo‘ldi. G‘iybat muhiti hukumatni qiyin ahvolga solib qo‘ydi, uning ishi qariyb falajlanib qoldi. Har qanday holatda ham bunday bo‘lishi mumkin emas.

Mamlakat va xalq manfaatlarini shaxsiy siyosiy manfaatlarimdan ustun qo‘ygan holda men bugun iste’foga ketaman. Bundan mamlakat prezidentini xabardor qildim, - degan Temir Sariev o‘z iste’fosi ayblovlarni tan olganini anglatmasligini, “pok nom”i uchun oxirigacha kurashishga tayyor ekanini bildirdi.

Bu orada Ozodlikning qirg‘iz xizmati manbalari Qirg‘iziston bosh vaziri lavozimiga O‘sh viloyatining sobiq gubernatori So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov nomzodi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilganlar. Agar So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bosh vazir lavozimiga tayinlangudek bo‘lsa, uning tug‘ishgan ukasi – parlament spikeri Asilbek Jeenbekov iste’foga ketishi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG