Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:10

HRW Dushanbega dindor muxolifatchilarni ozod qilishni tavsiya qildi


Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti tojik rasmiylariga siyosiy ayblovlar bilan hibsga olingan shaxslarni ozod qilish hamda siyosiy muxoliflarga o‘z faoliyatini erkin yuritish imkoniyatini berishni tavsiya qildi.

Tashkilot 2015 yil sentyabridan 2016 yil apreligacha bo‘lgan davrni qamragan yangi hisobotida Tojikistonda inson haqlariga oid vaziyat yomonlashgani yuzasidan tashvil bildirgan.

Hisobot mualliflari hozirda taqiqlangan Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining o‘nlab a’zosi hibsda saqlanayotgani, rasmiylar esa xorijdagi tanqidchilarini ta’qib qilib, ularning qo‘lga olinishi va vataniga ekstraditsiya qilinishiga jahd qilganlarini qayd etadi. Human Rights Watch o‘tgan davr ichida Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining 200 chog‘li a’zosi qo‘lga olingani, partiya siyosiy kengashiga kirgan 13 kishi ustidan sud esa yopiq eshiklar ortida o‘tganini urg‘ulagan.

Huquq faollariga ko‘ra, bu mahkama jarayoniga yaqin qarindoshlardan tashqari na fuqarolik jamiyati, na jurnalistlar va na diplomatlar qo‘yilgan, advokatlardan esa sudga oid va himoyasida bo‘lgan shaxslar sog‘lig‘iga oid ma’lumotlarni ochiqlamaslik haqida tilxat olingan.

Human Rights Watch tojik rasmiylari advokatlar, jurnalistlar va ijtimoiy tarmoqlarda hukumat haqida tanqidiy fikrlar bildirgan oddiy fuqarolarni ham ta’qib qilayotganini e’tibor qaratadi.

Bu HRWning joriy yilda Tojikistondagi inson haqlariga oid vaziyat haqida chiqargan ikkinchi hisobotidir. Avvalgi hisobotda tojik rasmiylari nohukumat tashkilotlariga bosimlar, siyosiy muxoliflar ta’qibi va so‘z erkinligi vaziyatining yomonlashgani uchun tanqid qilingandi.

XS
SM
MD
LG