Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:39

Rossiya prezidenti aholi bilan 14-jonli muloqotini o‘tkazdi


14 aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 12da boshlangan muloqotda, asosan, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar - oziq-ovqat, dori-darmon, neft narxi hamda sifati, maoshlar, xususiy firmalar, ishbilarmonlar muammolari, Qrimga sayyohlik, bundan tashqari Rossiya tashqi siyosati - Ukraina va Suriyadagi vaziyat, Turkiya va NATO bilan munosabatlar haqida savollar berildi. Putin, odatdagidek, hozirjavoblik bilan javob berdi.

Yo‘llar, oylik, dori-darmon

3 soatu 40 daqiqa davom etgan muloqotda birinchilardan bo‘lib Rossiyadagi yo‘llarning sifatida yomonligi haqida Omsk viloyatidan savol tushdi va Putin yo‘llarni yaxshilashni va’da qildi.

Ilk savollardan yana biri oyliklarning ozligi va vaqtida berilmasligi haqidagi videosavol bo‘ldi. Putin bu muammoni ham darhol hal qilishni va’da qildi.

Keyingi jiddiy savol Rossiyada ishlab chiqarilgan dori-darmonlarning arzon, ammo sifatsizligi haqida bo‘ldi. Putin mahalliy farmatsevtika sohasi tizimini uzoq tushuntirdi va so‘ngra avvaldan studiyaga taklif qilingan sohaga mas’ul rahbarlardan biri tanqidlarga qaltirab-titrab javob berdi.

Putin mahalliy dorini ichadi

Shu orada tinglovchidan "Siz o‘zimizning dorilarni iste’mol qilasizmi?" degan savolga Putin: "Men dori ichadigan ahvolgacha bormaslikka harakat qilaman. Sport bilan shug‘ullanaman. Gripp mavsumida emlanaman. Umuman olganda, menga qanday dorini berishsa, shuni ichaman, aftidan menga o‘zimizning mahalliy dorilarni berishadi", deb javob berdi.

"Cho‘kishni istagan" Poroshenko va Erdo‘g‘on

Ayni paytda, rossiyaliklardan tushayotgan savollarning sezilarlik qismi Suriyadagi vaziyat, Rossiya va Turkiya munosabatlari haqida bo‘ldi. Ayniqsa, 12 yashar Varya bergan: "Agar Erdo‘g‘on va Poroshenko cho‘kayotgan bo‘lsa, birinchi bo‘lib kimni qutqarardingiz?", degan savolga javob berarkan, Putin: "Cho‘kishni istagan odamni qutqarish imkonsiz. Lekin, hamkorlarimiz bizga yordam so‘rab, qo‘lini cho‘zsa, qaytarmaymiz", dedi.

Qrimga sayyohlik orzusi

Keyin boshlovchi mavzuni Qrimga sayyohlik mavzuiga burdi. Qrimda hozirlanib turgan telejurnalistlar guruhi yarim orolda qurilishi borayotgan eng yirik ko‘prikni namoyish qildi va Qrimda ahvol kundan-kunnga yaxshilanayotgani haqida mahalliy rasmiylar hisobotini eshittirdi. Keyin esa qrimliklardan biri Putinni dam olishga Qrimga chaqirdi. U esa: "Bir kuni, albatta, boraman. Ob-havoning yaxshi bo‘lishini ta’minlab tursangizlar bo‘ldi", deb javob berdi.

G‘arb sanksiyalari

Sanksiyalar haqidagi savollarga javoban Putin, G‘arb sanksiyalari amalda turarkan, G‘arb davlatlariga nisbatan oziq-ovqat embargosi bekor qilinmaydi, dedi. Shuningdek, Putin yaqin-atrofda Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar bekor qilinishini kutmayotganini ham aytdi.

Putin Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoning mamlakat hududiga YeXHT vakillarini joylashtirish taklifini quvvatladi, lekin Kiev rahbariyatini Minsk kelishuvi shartlarini bajarmaganlikda aybladi.

Panamageyt

Jonli muloqot davomida Putin g‘arb matbuotining offshor hududlardagi yashirin moliyaviy faoliyat haqida fosh etgan ma’lumotlarni haqiqiy, deb bilishini aytdi. Ayni paytda, u bu hujjatlarni sizdirganlar "hech kimni ayblamayotgani" va bu bilan go‘yoki "keng fazoga barmog‘ini niqtagan" kabi mavhum iddaolarni ilgari surdi, deb ta’kidladi. O‘z do‘sti violonchelist Sergey Roldugin haqidagi savollarga javob berarkan: "Hozir Rolduginda hech nima qolmadi, hatto qarz bo‘lib qoldi", dedi.

"O‘rmondan chiqqan" Qodirov

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning Rossiya muholifati haqidagi ziddiyatli bayonotlarini sharhlagan Putin: "Qodirov murakkab ichki evrilishni boshidan kechirdi, buni tushuninglar. U bir necha yillar davomida o‘rmonda jang qildi", dedi.

Putinga ko‘ra, Qodirov va Kavkaz mintaqasining boshqa rahbarlari siyosiy muxoliflari qarshisidagi mas’uliyatini yanada yaxshiroq anglashi lozim. Ayni paytda, Qodirov kabi liderlarning munosib siyosiy darajaga ko‘tarilishi ham vaqt olishini to‘g‘ri tushunishni tavsiya qildi.

Bu yilgi rekord

"Interfaks" agentligi qariyb 4 soat davom etgan bu yilgi jonli muloqotda prezident Putin jami 80 ta savolga javob berganini xabar qildi.

Ammo, Putinning amaldorlari prezident tanbehlariga munosabati tezligi bo‘yicha bu yil rekord yasadi. Jumladan, Omsk viloyatidan yo‘llarning harobligi haqida berilgan savol yangrashidan bir necha daqiqa o‘tib, mahalliy rasmiylarning 1 maydan viloyatdagi eng yomon 21ta yo‘lni tuzatish va’dasi matbuotda uzatildi.

Yana ham tezroq berilgan rasmiy javob Shikotan orolida mehnat qonunlari buzilgani haqida bo‘ldi. Putin buni tanqid qilishidan bir necha daqiqa o‘tib, oroldagi baliq kombinati direktori ustidan jinoyat ishi ochildi.

Hozirjavob Putin

Putin bu yil ham savollarga hech o‘ylanmasdan, qoqilmasdan hozirjavoblik bilan javob berdi.

Rossiya telejurnalistlari esa avvaldan yozib olingan savollar va Rossiyaning turli o‘lkalarida sahnalashtirilgan reportajlarni peshma-pesh aylantirib turdi.

Ammo, oylik ozligidan shikoyat qilgan savol egasiga, kutilmaganda Putin ham savol bilan yuzlanib qolgan edi, boshlovchilar bu savolning avvaldan yozib olinganini aytishgach, hayron ham qoldi.

1 millionta savol

Kreml tarqatgan bayonotga ko‘ra, muloqot oldidan rossiyaliklardan qariyb 1 million savol kelib tushgan.

Bu savollarning asosiy qismi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid ekani aytildi. Bundan tashqari, muloqotgacha yig‘ilgan savollar orasida "Rossiya fuqarolar huquq va erkinliklari" haqida ham savollar ko‘pligi aytildi.

Shuningdek, bu yil Rossiya prezidenti ilk bor fuqarolardan video-qo‘ng‘iroqlarni qabul qildi, rossiyaliklar ijtimoiy tarmoqlar orqali ham savol yo‘lladi.

14-jonli muloqot

Bu Putining 14-an’anaviy jonli muloqotidir. Muloqotlar chog‘ida, odatan, Rossiya prezidenti siyosati va uning atrofida yig‘ilgan amaldorlarning korrupsiyasiga oid keskin tanqidlar, e’tirozlar ko‘tarilmaydi.

Bu muloqotlar zalga qo‘yilgan jurnalistlar va mamlakatning turli shaharlaridan teleko‘prik tarzida muloqotga ulanadigan fuqarolarning savollari avvaldan hozirlangani va keskin senzura qilingani uchun yillar davomida tanqid qilib kelinadi.

XS
SM
MD
LG