Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:23

Koreya nolegal muhojirlarga olti oylik amnistiya e’lon qildi


Koreyadagi nolegal muhojirlarga huquqiy yordam haqidagi e’lon.
Koreyadagi nolegal muhojirlarga huquqiy yordam haqidagi e’lon.

Koreya migratsiya xizmati e’lon qilgan amnistiyaga ko‘ra¸ 1 apreldan 30 sentyabrga qadar o‘z ixtiyori bilan mamlakatni tark etganlar pasportiga deport muhri bosilmaydi va ularning Koreyaga qonuniy yo‘l bilan qaytib kirish imkoni saqlanib qoladi. Aks holda¸ nolegal muhojirning Koreyada qancha vaqt noqonuniy yashaganidan kelib chiqib jarima va ayrim hollarda hatto qamoq jazosi belgilanadi.

Janubiy Koreya Migratsiya xizmati rasmiysining Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ Adliya vazirligi mamlakatdagi nolegal muhojirlarga olti oylik amnistiya e’lon qilgan.

Shu muddat ichida Koreyani ixtiëriy tark etuvchi muhojir hech bir jarimasiz¸ pasportiga deportatsiya muhri bosilmagan holda chiqarib yuboriladi:

- Bu amnistiyadan foydalanmoqchi bo‘lganlar¸ 30 sentyabrgacha o‘z vataniga qaytish bileti sotib olishi va Koreyadan chiqish punktlari¸ deylik aeroportdagi migratsiya xizmatiga borib¸ o‘zining nolegal yurganini bildirishi lozim. Shunday qilingan taqdirda¸ nolegal muhojirning qancha noqonuniy yurganidan qat’iy nazar¸ unga jarima solinmaydi¸ pasportiga alohida muhr ham bosilmaydi. Migratsiya xizmati ixtiyoriy ketuvchi nolegallarni hech qanday qora ro‘yxatga ham kiritmaydi. Ular o‘z yurtiga borib¸ yana qayta Koreya vizasiga murojaat qilishlari va bir yil ichida qonuniy ravishda Koreyaga qaytib kirishlari mumkin bo‘ladi¸ deydi Koreya Migratsiya xizmati huquqshunosi.

Aks holda, Migratsiya xizmati rasmiysiga ko‘ra¸ Koreyada qancha muddat qonunga qarshi yurganiga qarab¸ jazoga tortiladi:

- Jazo individual tartibda belgilanadi. Agar noqonuniy muhojir migratsiya xizmati xodimlari tomonidan aniqlansa¸ bunday holda u jarimaga tortiladi va mamlakatdan deportatsiya qilinadi. Deportatsiya esa¸ Koreyaga qaytib kelish eshiklari kamida besh yil muddatga ëpilganini anglatadi¸ dedi Koreya Migratsiya xizmati rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlika ma’lum bo‘lishicha¸ ayni kunlarda mamlakatdagi qator advokatlik shirkatlari noqonuniy migrantlarga amnistiya davrida Koreyadan hamma hujjatlarni risoladagiday qilib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar taklif qilmoqda.

Rus tilida xizmat ko‘rsatadigan shunday shirkatlardan biri xodimasi¸ bunday xizmat haqqi 300 ming von turishini aytadi:

- Noqonuniy muhojir bizga kelsa¸ advokatimiz u bilan aeroport migratsiya xizmatiga birga boradi va o‘sha yerda hamma hujjatlarni uning manfaatidan kelib chiqqan holda to‘ldirib beradi. Biz o‘z mijozimizning hech qanday qora ro‘yxatlarga tushmasdan¸ yana Koreyaga qaytib kelishiga imkon qoldirgan holda chiqib ketishini ta’minlaymiz. Agar ular xohlashsa¸ vataniga borgandan keyin yana Koreyaga qonuniy viza bilan qaytishi uchun hujjatlar ham to‘g‘irlab beramiz. Bu xizmat haqqi 3 million von bo‘ladi va bu pul muhojir Koreyaga qaytgandan keyin to‘lanadi¸ deydi Seuldagi advokatlik kontorasining o‘zini Dasha deb tanishtirgan xizmatchisi.

Janubiy Koreya hukumati yillardan beri mamlakatdagi noqonuniy mehnat muhojirlari muammosini nazoratga olishga urinib kelmoqda. 1 apreldan boshlab kuchga kirgan olti oylik amnistiya qarori ham ana shu yo‘ldagi navbatdagi qadam sifatida ko‘rilmoqda.

Mamlakatda o‘tkaziladigan saylovlar¸ qolaversa¸ 2018 yilga belgilangan olimpiada oldidan¸ nolegal muhojirlar sonini kamaytirish va ularni nazoratga olish ehtiyojining kuchaygani aytilmoqda.

Mazkur amnistiya boshlanishi arafasida qator MDH davlatlari¸ xususan¸ O‘zbekistonga ham safar qilgan Koreya rasmiylari¸ O‘zbekiston tomoni bilan noqonuniy migratsiyani legallashtirish yo‘l-yo‘riqlarini muhokama qilgan edi.

Xususan¸ 31 mart kuni Toshkentga kelgan Janubiy Koreya mehnat vaziri Li Gi Kvon o‘zbekistonlik hamkasbi bilan Koreyaga ishga yuborish tizimiga oid o‘zaro anglashinuv memorandumiga qo‘l qo‘ygan edi.

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq¸ har yili 5000 ga yaqin o‘zbekistonlik Koreyaga E-9 noprofessionallar¸ ya’ni zavod va fabrikalarda¸ qishloq xo‘jaligida ishlovchilar uchun beriladigan viza asosida ishga ketadi. Uzog‘i bilan 4 yilga beriladigan bunday viza muddati tugaganidan so‘ng¸ ularning ko‘pi tavakkal qilib¸ Koreyada nolegal maqomda ishlashda davom etadi.

Ozodlik suhbatlashgan shunday nolegallardan birining hisobicha¸ hozirda Koreyada 25-30 ming atrofida o‘zbekistonlik bor va ularning ko‘pchiligi nolegallardir.

Bu suhbatdosh Koreya Adliya vazirligi e’lon qilgan navbatdagi amnistiyani jiddiy qabul qilmasligi¸ na o‘zi va na o‘zi bilgan boshqa o‘zbekistonliklarningbunday amnistiyadan foydalanib¸ vatanga qaytmasligini aytadi:

- 2002 yilda Koreyada xuddi shunaqa amnistiya bo‘lgan. O‘shanda ham nolegallarga jazosiz¸ jarimasiz chiqib ketish uchun zelyoniy koridor berilgan. Lekin chiqib ketganlar qaytib kelolmagan. Chunki Koreyada bir marta nolegal deb sistemaga kiritilsa¸ unga boshqa viza berilmaydi¸ hisob. Qonunni bir buzgan odam¸ yana buzadi¸ deb qaraladi. Shuning uchun bu amnistiyaga shaxsan men ishonmayman. To qo‘lga tushguncha¸ ishlab yuraveramiz. Buyog‘iga tavakkal¸ deydi besh yildan beri Koreyada nolegal ishlab yurgan o‘zbekistonliklardan biri.

Ozodlik suhbatlashgan Koreyadagi boshqa o‘zbeklar ham o‘z ixtiyori bilan vatanga qaytmasligi¸ O‘zbekistonda ishsiz qolib¸ oilasining iqtisodiy kelajagini savol ostida qoldirgandan ko‘ra¸ noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash va jazo choralari kuchayganiga qaramay¸ Koreyada nolegal maqomda bo‘lsa ham ishlab¸ pul yig‘ishda davom etajaklarini bildirdilar.

XS
SM
MD
LG