Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:35

Qozog‘iston: Nuralik o‘qituvchilarga maktabda smartfon ishlatish taqiqlandi


Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyati Nura tumanidagi o‘rta maktab o‘qituvchilariga darsga smartfon bilan kelish taqiqlab qo‘yildi. Bu taqiqdan hayron bo‘lgan o‘qituvchilar o‘zlarining qanday maxfiy ma’lumotga voqifligini tushunolmay dog‘dalar.

Nura tumanining 1-o‘rta maktabida aprel oyida mahalliy xalq ta’limi bo‘limidan xat olinganidan keyin smartfon va boshqa turli gajetlardan foydalanish man qilindi. Maktab ma’muriyati bu taqiq amalda qanday qo‘llanilayotganini izohlashdan bosh tortdi.

- Shu buyruqni bajara boshladik. Hozirda [maktabga] smartfon ko‘tarib kelmayapmiz, - dedi Ozodlikning qozoq xizmatiga ismini aytishni istamagan maktab xodimasi.

Mart oyi oxirida Nura tumanidagi maktab direktorlari “Oshig‘ich” ustxati bilan maktub olganlar. Unda maktub “Nura tuman hokimi vazifasini bajaruvchi ishtirokida 2016 yil 29 martida o‘tgan apparat majlisi bayonnomasini amalga oshirish maqsadida” yuborilgani urg‘ulangan.

“Nura tuman ta’lim muassasalari pedagogik jamoalari xizmatga oid ma’lumotlarni to‘laqonli himoya qilish va ularning sizishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Internetga ulanishi mumkin bo‘lgan va fotokameralar bilan jihozlangan mobil qurilmalari (uyali telefonlar, planshetlar, smart-soatlar) ishlatishning taqiqlanishini imkon qadar ta’minlashi zarur”, deyiladi Nura tuman ta’lim bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Alshimbaeva imzolagan maktubda.

Unda maktab direktorlaridan ham gadjetlarni qaydga olish va ularni ta’lim muassasasi eshigi oldida saqlash masalasini hal qilish so‘ralgan. Endilikda o‘qituvchilarga maktabda faqat qo‘ng‘iroq qilish yoki SMS yozish imkoni bo‘lgan oddiy telefonlarni tutishga ruxsat berilmoqda.

Nura tuman ta’lim bo‘limi Ozodlikning qozoq xizmatiga tumandagi 33 ta maktabga shu mazmunda xat jo‘natilganini tasdiqlagan, biroq taqiq yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

Nura tumanidagi maktablardan birida ishladigan Saule Ibraeva (respondentning iltimosiga ko‘ra ismi o‘zgartirilgan) gadjetlarni taqiqlash haqidagi buyruqning maktablarga daxli bo‘lmasligi kerak, degan fikrda.

Uning hamkasbi Irina Smirnova (ismi o‘zgartirilgan) ham maktablarda qanaqa maxfiy ma’lumot bo‘lishi mumkinligini tushunolmay hayron.

- Direktorlarning ba’zan o‘zini g‘alati tutishidan tashqari maktablarda qanaqa davlat siri bo‘lishi mumkin? Unaqada butun dunyoda hammaga smartfon ishlatishni taqiqlab qo‘yish kerak. Agar o‘qituvchining qo‘lida buyruq va tabellar bo‘lsa, shifokorlar qo‘lida odamlarning xastaliklari haqidagi ma’lumotlar bor va bundan tovlamachilar foydalanishi mumkin. Shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatish markazlaridan ishlaydiganlarning smartfonidan yolg‘iz odamlar haqidagi ma’lumotlarni bilib olish mumkin. Bu ro‘yxatni to‘xtovsiz davom ettirish mumkin, - deydi Irina Smirnova.

Eslatib o‘tamiz, 24 martdan Qozog‘istondagi davlat idoralarida videokamerali va Internetga chiqish imkoni bo‘lgan telefonlardan foydalanish taqiqlab qo‘yilgan. Bu haqdagi xizmat maktubi dastavval ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi, keyinroq turli vazirliklar vakillari bu hujjat haqiqiyligini tasdiqladilar.

Bu taqiq davlat xizmatchilari va davlat idoralariga kelgan tashrifchilarga taalluqli ekani va bu chora “xizmatga oid ma’lumotlar tashqariga chiqib ketishi”ning oldini olish uchun kiritilayotgani aytilgan. Shundan so‘ng davlatning turli idoralarida gadjetlarni taqiqlash taqiqlash boshlangan. O‘z vazifasini tirishqoqlik bilan bajarayotgan ayrim sud xodimlari esa mahkamaga kirishdan oldin jurnalistlardan o‘z smartfonlari va planshetlarini topshirishni talab qila boshlaganlar.

XS
SM
MD
LG