Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:56

Tolibonning Kobuldagi hujumida kamida 28 kishi halok bo‘ldi


Afg‘oniston poytaxti Kobulda toliblarning xavfsizlik xizmati binosiga uyushtirgan hujumi oqibatida kamida 28 odam halok bo‘ldi, 300 dan ortiq odam yaralandi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Siddiq Siddiqiyning bildirishicha, 19 aprel kuni Tolibon jangarisi bo‘lgan xudkush portlovchi modda yuklangan yuk mashinasini portlatib yuborgan. Buning ortidan toliblar hujumga o‘tib, xavfsizlik xizmati binosini egallashga harakat qilgan.

Kobul politsiyasi yetakchisi Abdul Rahmon Rahimiy halok bo‘lgani tasdiqlangan 28 shaxsning aksari oddiy fuqaro bo‘lganini aytdi.

Rahimiyga ko‘ra, portlovchi modda yuklangan yuk mashinasi hukumat ishchilarini qo‘riqlovchi xavfsizlik agentligi binosining yaqinidagi avtomobillar turadigan joyda portlatilgan.

Portlash ortidan kamida bir jangari xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan.

O‘lganlar orasida oddiy fuqarolar ham, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari xodimlari ham bor.

Birinchi hujumdan keyin bir necha soat o‘tib ikkinchi bomba portlatilgan. Ikkinchi hujumda hech kim jiddiy harohat olmagan.

Politsiya qo‘mondoni Ubaydulloh Tarakxayl bunday kuchli portlashni avval eshitmaganini aytdi.

Tarakxayl dastlabki portlashdan keyin 20 daqiqa davomida hech nima ko‘ra yoki eshita olmaganini aytdi. “Hammayoq qorong‘ulashib, quyuq tutun va changga to‘ldi”, dedi u.

Portlash yana hududda joylashgan bir necha uy, do‘kon va hukumat binosiga zarar yetkazgan.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani hujumni keskin qoralab, “bu dushmanning Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari bilan yuzma-yuz jangda mag‘lub bo‘lganini ko‘rsatadi”, dedi.

Siddiqiy: “Toliblarning mashina yordamida amalga oshirgan xudkush hujumi ularning mag‘lub bo‘lganidan darak beradi”, dedi.

Siddiqiy toliblar keyingi paytda Qunduz, Taxor, Badaxshon, Jo‘zgon viloyatlarida Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari bilan janglarda mag‘lub bo‘lganini aytdi.

“Toliblar so‘nggi 24 soat ichida juda ko‘p kishi yo‘qotishdi. Endi esa Kobulda xudkush hujumini uyushtirishdi. Bu mag‘lubiyat belgisidir”, dedi u.

Xalqaro hamjamiyat toliblar tomonidan uyushtirilgan hujumni keskin qoralamoqda.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Jon Kirbi: “Qo‘shma Shtatlar bugun Kobulda amalga oshirilgan hujumni keskin qoralaydi”, dedi.

BMT bosh kotibi Ban Ki Mun ham hujumni qoralab, “oddiy fuqarolarga hamda xavfsizlik kuchlari xodimlariga hujum qilishni hecham oqlab bo‘lmaydi”, dedi.

XS
SM
MD
LG