Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:12

O‘zbekistonda 3,3 milliard dollarli Qandim gaz kompleksi qurilishi boshlandi


Rossiyaning “Lukoyl” neft shirkati O‘zbekistonda Qandim gazni qayta ishlash kompleksi qurilishini boshladi. Bo‘lajak gaz kompleksining tamal toshini qo‘yish tantanasi 19 aprel kuni bosh vazir Shavkat Mirziyoev, “Lukoyl” prezidenti Vagit Alekperov va mahalliy hokimiyat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Qandim gazni qayta ishlash kompleksi yiliga 8 milliard 100 million kubometr gazni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

2015 yilning fevralida “Lukoyl” va Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering konsorsiumi Qandim gazni qayta ishlash kompleksini qurish va ishlab chiqarish uskunalari bilan ta’minlash bo‘yicha 2 millard 662 million dollarlik shartnomani imzolagan edi.

Qandim kompleksi 2018 yilda ishga tushirilishi rejalanmoqda. “Lukoyl” prezidenti Vagit Alekperov Qandim gaz koni haqida Rossiya matbuotiga bergan intervyusida kompleks belgilangan vaqtdan kechikmay ishga tushirilishini bildirgan edi.

-O‘zbekiston prezidentining Qandimni 2018 yilda foydalanishga topshirish haqidagi qarori biz uchun katta mas’uliyatdir, -degan edi Vagit Alekperov.

Qandim gazni qayta ishlash kompleksi loyihasiga yotqiziladigan dastlabki sarmoya miqdori 3 milliard 300 million dollarni tashkil qiladi.

“Lukoyl” neft shirkati prezidenti Vagit Alekperovning bildirishicha, Qandim kompleksining ishga tushirilishi ortidan Rossiya shirkatining ham daromadlari bir necha barobarga ko‘payadi.

- Bugungi kunda shirkat O‘zbekiston hududida 4 milliard kubometrdan ortiq gaz qazib olmoqda.2018 yilga borib biz 16 milliard kubometr atrofida gaz qazib olamiz. Bu juda katta ko‘rsatkich. Bizning O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bu gazning asosiy qismini Xitoyga sotmoqda, -degan Vagit Alekperov Rossiya matbuotiga bergan intervyusida.

“Lukoyl” Qandim gaz konini o‘zlashtirish ishlarini “O‘zbekneftegaz” bilan hamkorlikda 2004 yilda boshlagan edi. O‘tgan yilning oktyabrida “Lukoyl” O‘zbekistonga Qo‘ng‘irot blokida geologorazvedka ishlarini olib borish uchun berilgan litsenziyani qaytarib bergan. Qo‘ng‘irotda aniqlangan uglevodorodlar zahirasi oz va bu yerda ishlab chiqarish norentabelli bo‘lgani uchun “Lukoyl” mana shunday qaror qabul qilgan.

Shundan so‘ng “Lukoyl” shirkati Rossiyada yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz ortidan xorij mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonga yotqizadigan sarmoyalar miqdorini 24 foizga qisqartirishini bildirgan edi. Biroq shirkat rahbari Vagit Alekperov 2015 yil oktyabrining birinchi o‘n kunligida prezident Islom Karimov bilan uchrashagan va Qandim loyihasi iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramasdan amalga oshirilishini aytgan edi.

“Lukoyl” shirkatiga qarashli “Lukoyl filьm” xatto “Qandim. Gaz uchun jang” deb nomlangan 16 daqiqali yumoristik filmni ham ishlab chiqqan.

Internet tarmoqlariga joylashtirilgan filmda o‘zga sayyoraliklar gazga boy Qandim hududini egallab olishga harakat qilishi, biroq “Lukoyl” shirkatining qat’iy, shijoatli mutaxasislari tomonidan ishlab chiqilgan reja asosida o‘zga sayyoraliklar bosqini yo‘q qilingani ko‘rsatilgan.

Bugungi kunda "LUKOYL" Havzak, Shodi va Qandim gaz konlarini o‘rganish va o‘zlashtirish, Janubi-g‘arbiy Hisor va Ustyurt mintaqasidagi neft-gaz uchastkalarini o‘rganish bo‘yicha sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. Shirkatning O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirgan sarmoyalarining umumiy miqdori 5 milliard dollardan oshgan.

XS
SM
MD
LG