Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:52

Militsiya xodimi Xorazmda bankdan 45 qop pul o‘g‘irladi


Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida uyushgan jinoiy guruh “Mikrokreditbank” bo‘limiga hujum uyushtirib, 45 qop pulni o‘g‘irlagan. Ishonchli manbadan Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘irlangan pul 16 million 131 ming so‘mni tashkil etgan. "Qora bozor" kursi bo‘yicha o‘g‘rilar o‘ljasi 2600 AQSh dollaridan sal ko‘proq puldir.

Bog‘otdagi bu hodisa O‘zbekiston banklarida naqd pul kamligiga va so‘mning qadri qanchalar tushib ketganiga e’tiborni qaratdi.

Shu oy boshida uyushgan jinoiy guruh yarim tunda Xorazmning Bog‘ot tumanidagi “Mikrokreditbank” bo‘limi binosiga o‘g‘irlik maqsadida hujum uyushtirgan.

Bog‘otda o‘g‘rilar bankdan 45ta qop pulni olib chiqib ketishgan.
Bog‘otda o‘g‘rilar bankdan 45ta qop pulni olib chiqib ketishgan.

"Mikrokreditbank" rahbariyatiga yaqin ishonchlik manbaning Ozodlikka aytishicha, jinoyatchilar yarim tunda bank signalizatsiyasini elektr tarmog‘idan uzib, bino panjarasini sindirishgan, ichkariga kirib bank g‘aznaxonasidagi seyflarni buzib, 45ta qopga solingan 16 million 131 ming so‘m pulni olib chiqib ketishgan.

- Hamma yoqni titkilashgan. Bankdagi bor-bud qopdagi pullarni “Damas” mashinasiga ortib, voqea joyidan g‘oyib bo‘lishgan, - dedi Ozodlik manbasi.

O‘g‘rilar ko‘lga kiritgan o‘lja “qora bozor” kursida sal kam 2600 AQSh dollarini tashkil etadi.

- Ularning o‘g‘irligidan ko‘ra, bank binosiga yetkazgan zarari ko‘proq bo‘lyapti. Bankning orqa tomonidagi birinchi qavati panjarasini sindirishgan, signalizatsiyani buzishgan, g‘aznaxonadagi seyflarni buzishgan, hamma yoqni dabdalasini chiqarib ketishgan, - dedi “Mikrokreditbank” rahbariyatiga yaqin manba.

O‘g‘riboshi militsiya xodimi bo‘lgan

Xorazm viloyati xavfsizlik idoralaridagi Ozodlik manbasining aytishicha, jinoyat sodir etilganidan o‘n kun o‘tib o‘g‘irlikni sodir etgani gumonlanayotgan ikki shaxs qo‘lga olingan. O‘g‘irlangan 45 qopdagi 16 million 131 ming so‘m topilib, bankga qaytarilgan.

Tergov davomida ushbu jinoyatni Bog‘ot tumani IIB huzuridagi Qo‘riqlash bo‘linmasi safdori 38 yoshli Q. E. ikki sherigi bilan amalga oshirgani aniqlangan.

- U ishsiz yurgan 34 yoshli ukasi D. E.ni ham jinoyatga sherik qilgan. Ma’lum bo‘lishicha Q. E. Bog‘ot militsiyasi PPS xodimi sifatida avvallari shu bankda qo‘riqchilik ham qilgan. Tergov davomida hammasini bo‘yniga oldi. Ular yonidan topilgan pullar bankga qaytarildi. Hozir jinoyatchilar Urganchdagi tergov izolyatorida ushlab turilibdi. Ishi sudga oshirilgan, - dedi Xorazm viloyati xavfsizlik idoralaridagi Ozodlik manbasi.

Bog‘otlik uchovlon uyushgan jinoyatchilik va o‘g‘irlikda ayblanmoqda. Ularning aybi sudda isbotlansa, 16 yilgacha bo‘lgan muddatga qamalishlari mumkin.

2600 dollarlik o‘lja

Bog‘otdagi bu hodisa O‘zbekiston banklarida naqd pul kamligiga e’tiborni qaratdi.

O‘zbekiston "qora bozori"da 1 AQSh dollari 6 ming so‘mdan ko‘proqni tashkil etmoqda.
O‘zbekiston "qora bozori"da 1 AQSh dollari 6 ming so‘mdan ko‘proqni tashkil etmoqda.

Xorazmlik tadbirkor Arslon Sapaev bu o‘zbek banklarining qanchalik nochor ahvolda ekanidan dalolat ekanini aytadi.

- Butun boshli bank filialiga o‘g‘rilar hujum qiladi, oynasini sindiradi, seyflarini buzadi. Qo‘lga kiritgani esa 2 yarim ming dollar bo‘lyapti. Bu kulgili. Mening cho‘ntagimda ham bor buncha pul. Shuncha harob ahvolda ekan-da banklar. Ikkinchidan, qanaqa bank bu. Oynasini sindirib pul olib chiqib ketilsa, - deydi xorazmlik tadbirkor.

Ozodlikka keyingi yillar va oylar davomida yirik strategik korxona ishchi-xizmatchilaridan tortib¸ pensioner va nafaqaxo‘rlarga qadar banklarda naqd pul yetishmovchiligi sababli oylik va nafaqalari berilishi kechikayotgani haqida shikoyatlar kelishi to‘xtamayapti.

Banklarda naqd pul yo‘qligi sababli O‘zbekistonda odamlar xorijdan yaqinlari jo‘natgan pulni ololmayotganliklari haqida Ozodlik avval xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG