Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:19

Rosaviatsiya rasmiylari Qodirov qanotini qayirdi


Rossiya Havo transporti federal agentligi (Rosaviatsiya) “Grozniy Avia” havo shirkatining xalqaro reyslarini bekor qildi. Kremlning bu qarori Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning ta’sirini cheklashga qaratilgan navbatdagi qadami o‘laroq baholanmoqda.

Agar mazkur qaror bekor qilinmasa, aviashirkat moliyaviy tanazzulga uchrashini kutish mumkin. Xabarlarga ko‘ra, “Grozniy avia” oxirgi marta 2010 yil foyda ko‘rgan. Yangi qaror Qodirovning Grozniy aeroportini muhim transport bo‘g‘iniga aylantirishga qaratilgan rejalarini chippakka chiqarishi mumkin.

“Grozniy Avia” shirkatiga 2007 yil Qodirovning otasi nomi bilan ataluvchi Ahmad xoji Qodirov jamg‘armasi asos solgan. Aynan o‘sha yili Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qodirovni Checheniston yetakchisi etib tayinlagan edi.

Hozirda Checheniston hukumati “Grozniy Avia” shirkatining 99 foiz aksiyasiga egalik qiladi.

Boshida “Grozniy Avia” Grozniy-Moskva yo‘nalishidagi reysni amalga oshirgan yagona shirkat bo‘lgan. Keyinroq shirkat Rossiyaning boshqa shaharlariga hamda Yevropa, Turkiya, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi bir qator shaharga reyslarni yo‘lga qo‘ygan.

Aftidan, “Grozniy Avia” chiptalar narxini iloji boricha qimmat qilgan bo‘lsa-da, o‘z infratuzilmasiga sarmoya yotqizishga shoshilmagan. Shirkatda bor-yo‘g‘i sakkizta sovet davrida ishlab chiqarilgan YaK-42 uchog‘i bor xolos.

Xabarlarga ko‘ra, “Grozniy Avia”ning xalqaro reyslar uchun litsenziyasining to‘xtatilishiga shirkat 14 aprel kuni e’lon qilgan bildiruv sabab bo‘lgan. Kuzatuvchilar aslida bu qaror Qodirovni jilovlashni va uning shaxsiy armiyasini yangi tuzilgan Milliy gvardiyaga bo‘ysundirishni ko‘zlashini aytishmoqda.

Putin mart oxirida prezidentlik muddati tugab borayotgan Qodirov bilan uchrashib, uni Checheniston davlatining amaldagi boshchisi etib tayinlash haqidagi farmonni imzoladi hamda unga sentyabrda bo‘lib o‘tadigan caylovda ishtirok etishiga izn berdi. Ammo bir vaqtning o‘zida Putin Qodirovni “respublikaning bo‘lajak lideri o‘laroq, hayotimizning barcha sohasida – bunga urg‘u berib aytyapman – barcha sohasida Rossiya qonunlariga amal qilinishiga erishish uchun tegishli choralarni ko‘rishingiz kerak”, so‘zlari bilan ogohlantirdi.

Ikki hafta avval Putin rossiyaliklar bilan jonli muloqoti davomida Qodirovning muxolifatchi siyosatchilarga solgan tahdidlarini qoraladi. Qodirov muxolifatchilarni “sotqin” va “xalq dushmani” deb ataydi va ularga tahdid qilib keladi. Muloqot paytida Putin Qodirovni o‘z vaqtida jilovlashga e’tibor bermaganini tan olib, Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi respublikalar yetakchilarini siyosiy barqarorlikka putur yetkazmaslikka chaqirdi.

XS
SM
MD
LG