Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:08

Nukusda pensiya olish uchun qariyalar tundan navbatga turyapti


Namanganda pensionerlar pensiya uchun navbatda
Namanganda pensionerlar pensiya uchun navbatda

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida qariyalar pensiya pulini olish uchun bank bo‘limlariga tundan navbatga turmoqda. Lekin shunga ham qaramasdan, pensiya puli hammaga etmay, tugab qolmoqda. Bank mulozimlari buning sababini bankka naqd pul tushumining kamligi bilan izohlamoqda.

Nukus shahrida istiqomat qiladigan 67 yashar Ubbiniyoz ota bir haftadan buyon pensiyasini ololmayotganidan Ozodlikka arz qildi:

"Pensiyamizning yarmini shunday ham bizdan so‘ramasdan plastik kartochkaga solib qo‘yishgan. Endi esa shu yarmini ham berishmayapti. Bir haftadan buyon saharlab Asakabankka boraman. Men borgunimcha odamlar uje ancha ochirid olib qo‘ygan bo‘ladi. Mening navbatim yetmasdan pul tugab qoladi va qaytib ketaman. Pensionerlarni rosa sarson qilishyapti bular”, dedi Ubbiniyoz ota.

Nukus shahrida istiqomat qiladigan boshqa bir pensioner esa, qariyalar tun yarmidan borib navbatga yozilayotganini aytadi:

- Pensiyalarni barini plastikka solib qo‘yishgan. Bank shartnomasi bo‘yicha shuning 40 foizini naqd berishi kerak. Qariyalarning aytishlaricha, tunda soat 2 dan borib navbat olishyapti. Kun yorishgandan keyin esa to‘polon bo‘lib ketadi. Cholu kampirlar juda qiynalib ketdik, dedi nukuslik pensioner.

“Asaka” aksiyadorlik tijorat banki Nukus filialining o‘zini tanishtirmagan mulozimlaridan biri pensionerlarni naqd pul bilan ta’minlashda qiyinchilik yuzaga kelganini tasdiqladi:

“Naqd tushumi haqiqatan ham kamroq bo‘lib turibdi. Buning sababi avtomobillar hozir qimmatlab ketdi. Biz salonlarga borib analiz qilib ko‘rdik, doplatasi yo‘q, qimmatroq bo‘lib ketdida. Chunki bizda asosiy naqd pul tushumi avtosalonlardan. Lekin bunday holat vaqtincha, biz naqd pul tushumini ko‘paytirish chora-tadbirlarini izlayapmiz”, dedi bank mulozimi.

Naqd pul taqchilligi O‘zbekiston iqtisodining jiddiy kasalligini ko‘rsatuvchi birlamchi simptomga aylandi. Naqd pul yo‘qligi oqibatida maosh, pensiya va nafaqalarni ommaviy tarzda majburan plastikka o‘tkazish absurd darajaga yetmoqda; terminal siyrak¸ bankomat esa¸ mutlaq yo‘q mamlakatda odamlar qo‘liga naqd pul olish uchun kunlab navbat kutmoqda.

Ozodlikka oddiy o‘zbekistonliklardan kelaëtgan xabarlardan¸ xalq boshdan kechirayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarni yanada og‘irlashtirgan naqd pul taqchilligi muammosi bilan bog‘liq vaziyat kun sayin keskinlashayotgani kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG