Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:07

Samarqandda vazir qadamiga yo‘l bo‘ylaridagi makkazorlar buzilib¸ o‘rniga pomidor ekilmoqda


Shu kunlarda O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Shuhrat Teshaev respublika bo‘ylab safar qilib¸ ekin mavsumining borishini kuzatmoqda. Vazirning 25 aprel kuni Samarqandga kelishi oldidan viloyat hokimi hukumatning yangi siyosatiga qanchalik tez moslashganini namoyish qilishga astoydil kirishgan. Ozodlikka bog‘langan fermerlarga ko‘ra¸ Samarqand hokimi bu yil bozorbop deb ko‘rilmayotgan ekinlarni buzdirib¸ xususan¸ vazir o‘tadigan yo‘llar yoqasiga yangi talabga muvofiq pomidor ektirmoqda.

“Samarqand viloyatiga Qishloq xo‘jalik vaziri kelishi munosabati bilan viloyat va tuman hokimliklari tomonidan katta yo‘llar yoqasidagi ekin maydonlaridagi makkajo‘xori¸ arpa¸ bug‘doy va boshqa ekin maydonlari ustidan tekislab buzilib¸ yer egalari vazirning ko‘zi uchun pomidor va boshqa poliz ekinlari ekishga majburlanmoqda.

Bu borada¸ xususan¸ Pastdarg‘om tumanida “payhon tadbiri” tuman hokimligining zo‘ravonlari tomonidan huquqni muhofaza qilish organlari ishtirokida amalga oshirilayapti. Agar siz “yo‘q” desangiz¸ sizni siyosatga qarshi chiqmaslikka chaqirishayapti.

Kecha yo‘l bo‘yidagi ekin yerlari tekislab tashlandi. Viloyat hokimi Zoir Mirzaevning shaxsan o‘zi kecha kelib odamlarga “Nega pomidor¸ qovoq va poliz ekinlari ekmayapsizlar?” deb do‘q qilib ketgan.”

Ozodlikka pastdarg‘omlik dehqonlardan kelgan bu shikoyat ayni Samarqand viloyatining Samarqand tumanida yashovchi boshqa bir fermerdan kelgan xabarning mantiqiy davomidir.

“G‘alla rejasini 120 foizga bajarasan¸ ayni paytda¸ g‘allazor chetiga oshqovoq va no‘xat ekasan¸ bog‘larning orasida kartoshka¸ pomidor va sabzi ekasan¸ falon tonna qo‘shimcha sabzavot berasan deb¸ bo‘ynimizga qo‘yishayapti. Bunaqasi oldin bo‘lmagan. Ularga e’tiroz bildirib bo‘lmasa¸ darrov davlat siyosati shunaqa¸ qarshimisan¸ deb tahdidga o‘tadi”¸ dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda samarqandlik boshqa bir fermer.

25 aprel kuni O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi rasmiysi vazir Shuhrat Teshaevning shu kunlarda respublika bo‘ylab sayohatda ekani¸ xususan¸ 24 aprel kuni Navoiy viloyatida bo‘lib¸ 25 aprelda o‘z safarini Samarqandda davom ettirishini tasdiqladi.

Samarqand viloyat hokimligi rasmiysi ham dushanba kuni vazirning kelishi kutilayotgani va ekin ishlari jadal boraëtganini bildirdi:

- Hozir o‘zim ham daladaman. Ishlar qattiq ketayapti¸ mana traktorlar ishlab yotibdi. Qaerga mumkin bo‘lsa¸ shu yerga poliz ekayapmiz. Bog‘lar orasini haydatib¸ pomidor¸ bulg‘or qalampiri va karam ektirayapmiz. G‘allazorlar chetiga oshkadi (oshqovoq) ektirayapmiz. Hosili past bo‘lgan eski bog‘larni buzdirib¸ ochiq maydonga aylantirayapmiz. Bizda makka ekilmaydi¸ shuning uchun makkazorlarni buzib¸ o‘rniga poliz ektirayapmiz. Vazir hali kelmadi¸ kechroq kelib qolar. Faqat meva-sabzavot emas¸ paxtaniyam¸ g‘allaniyam¸ chorvachilikniyam nazorat qilib ketadi¸ dedi Samarqand viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi.

Bu rasmiyga ko‘ra¸ imkon bo‘lgan joyga sabzavot va poliz ekinlari ektirish nafaqat Samarqand¸ balki butun respublika bo‘yicha berilgan buyruq va hozirgi ekin mavsumida qishloq xo‘jaligidagi asosiy kuch ana shu buyruqni bajarishga tashlangan.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik ayrim fermerlar¸ O‘zbekiston hukumatining Rossiyaga meva-sabzavot sotishni qariyb uch baravarga ko‘paytirish rejasi ortidan qishloq xo‘jaligi strukturasida qilayotgan o‘zgarishlarini “kabinetdan chiqmaganlar plani” deb baholashmoqda.

Suv muammosi kuchayib borayotgan bir sharoitda¸ bog‘lar orasida poliz va sabzavot ekib¸ undan hosil olish¸ dehqon-fermerlar ta’kidicha¸ suv taqchil hududlarda imkonsiz ish.

Ozodlik bilan suhbatda Samarqand viloyatining qishloq xo‘jaligi uchun mas’ullaridan biri¸ bunday e’tirozni rad etishga urindi:

- Bog‘lar orasiga pomidor va boshqa poliz ekinlari ekib bo‘lmaydi deb aytganlar bekorlarni aytipti. Mana¸ kelib ko‘ring¸ ekayapmiz¸ o‘sib yotipti. Hosil ham beradi. G‘allazor chetida kadi yetishirish ham bo‘ladigan ish¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Samarqand viloyati qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassisi.

O‘zbekiston hukumati 2016 yil oxiriga qadar Rossiyaga meva-sabzavot eksporti hajmini 500 ming tonnaga yetkazmoqchi va bu o‘tgan yilgiga nisbatan 2¸5 baravarga ko‘pdir.

Ham ichki bozorni to‘ldirish¸ ham Rossiyaga eksportni qariyb uch baravarga oshirish uchun lozim meva-sabzavot yetkazib berish bosimi ostida qolgan dehqon-fermerlar o‘z boshlariga paxtakor fermerlar kuni tushganidan qo‘rqmoqda.

XS
SM
MD
LG