Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:38

Yerevan politsiyasi avtobusni portlatganning iziga tushdi


Armaniston politsiyasi 25 aprel oqshomida poytaxt Yerevanda yo‘lovchi avtobusni portlatib yuborganlikda gumon qilinayotgan kishining shaxsi aniqlanganini bildirdi. Portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan.

Armaniston tergov qo‘mitasi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, portlash joyida topilgan SIM karta avval qamalib chiqqan fuqaroga tegishli ekanligini aniqlangan. Gumonlanuvchining uyida o‘tkazilgan tintuv davomida portlovchi moddalar hamda bomba yasashda foydalaniladigan ashyolar topilgan.

Rasmiylar gumonlanuvchining ismini oshkor qilgani yo‘q. Hozir uning qaerda ekanligi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Gumonlanuvchi portlash oqibatida o‘lgan ikki kishining biri bo‘lishi ham mumkin.

Jasadlarning biri tanib bo‘lmaydigan ahvolda bo‘lgani uchun undan DNK namunasi olinib, laboratoriyaga yuborilgan.

Armaniston prezidenti Serj Sargsyan portlash ortidan mamlakat politsiyasiga xavfsizlik choralarini kuchaytirishni buyurdi. Portlash oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, yetti kishi tan jarohati olgan.

Armaniston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, portlash 25 aprel kuni tungi soat 10 larda Yerevan markazidagi Halabyan ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Armaniston politsiyasi rahbari Vladimir Gasparyan avvalroq portlashga avtobusning o‘ng tomonidagi ikkinchi o‘tirg‘ichi ostiga o‘rnatilgan bomba sabab bo‘lganini, tergovchilar o‘sha joyda o‘tirgan yo‘lovchining shaxsini aniqlashga urinayotganini aytgan edi.

Tergovchilar endilikda portlash terror hujumi bo‘lganini rad etishmoqda. Ularga ko‘ra, gumolanuvchi qarindoshlaridan o‘ch olish niyatida bo‘lgan. U o‘zi bilan olib ketayotgan bomba kutilmaganda portlab ketgan bo‘lishi mumkin.

Voqea joyiga borgan AFP muxbiri portlash oqibatida avtobusning ichi katta zarar ko‘rganini bildirdi.

Prezident Sargsyanning matbuot kotibi Vladimir Akopyan Sog‘liqni saqlash vazirligi “jarohat olgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tegish choralarni ko‘rayotganini” bildirdi. Kotib “Aholini tasdiqlanmagan ma’lumot tarqatishdan tiyilishga chaqiramiz”, deya qo‘shimcha qildi.

Avtobusning ikki yo‘lovchisi – 14 hamda 15 yoshli bola – o‘ta og‘ir jarohat olgan va shahar shifoxonalaridan birida operatsiya qilingan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, ularning hayoti xavf ostida emas.

XS
SM
MD
LG