Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:55

Ona o‘g‘lini zanjir bilan osgan jizzaxlik militsionerlar ustidan Karimovga arz qildi


“Sudya xuddi ashaddiy jinoyatchiga jazo berayotganidan g‘ururlangandek hukmni o‘qib, o‘g‘limni qamoqqa olishganida xuddi yashin urgandek yiqildim! O‘lib qolaman, deb o‘ylagandim. Jonim qattiq ekan insult bilan qutuldim!”

Jizzax viloyati, Zomin tumani, Shirin qishlog‘ida yashovchi Salima Axnazarovaning O‘zbekiston Prezidentiga yo‘llagan “Ochiq murojaat”i shu so‘zlar bilan boshlanadi.

Nusxasi mamlakat huquq-tartibot idoralari va ommaviy axborot vositalariga jo‘natilgan, jumladan Ozodlikka ham yetib kelgan xatida ona Prezidentdan o‘g‘lini “zanjirlab osib qo‘yib, og‘ir qiynoqlarga solib, soxta ko‘rgazma olish uchun urib, nogiron qilib qo‘ygan Zomin tuman IIB JQB boshlig‘i va uning vahshiy sheriklari jinoiy javobgarlikga tortilishida” qo‘llov ko‘rsatishini so‘ragan.

Tergovchi kabinetidagi “razbor”

Salima Axnazarovaning O‘zbekiston Prezidentiga yo‘llagan “Ochiq murojaat”iga mana bu videotasma ham ilova qilindi:

Diqqat: videotasmada uyat so‘zlar bor!

Videotasmadagi voqealar izohiga quyiroqda to‘xtalamiz.

Ona va uning “bosqinchi” o‘g‘li

Prezidentga yo‘llangan “Ochiq murojaat” muallifi Salima Axnazarova Jinoyat Kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 3-qismi “g” bandi bilan (badanga og‘ir shikast etkazgan holda) ayblanib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining 2015 yil 10 noyabridagi hukmi bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Abbos Axnazarovning onasidir.

Ushbu lavha tayyorlanayotgan 3 may kuni Salima Axnazarova 6 oydan beri jazo o‘tayotgan o‘g‘li bilan uchrashuvga ketgani ma’lum bo‘ldi va shuning uchun u kishi bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

“Asliga mos”

Abbos Axnazarovning o‘zini Bunyod aka, deb tanishtirgan advokati Ozodlik savoliga javoban “Ochiq murojaat” matnida himoyasidagi fuqaro bilan bog‘liq voqea va faktlar to‘g‘ri bayon etilganini bildirdi.

Abbos Axnazarov bilan bog‘liq voqeaning “Ayblov xulosasi”dagi varianti

Yuridik til bilan yozilgan matn jaydari tilga o‘girilsa, Zomin tumani IIB TB tergovchisi tayyorlagan ayblov xulosasi mag‘zi budir:

Abbos Axnazarov 2015 yil 11 iyul oqshomida o‘z mashinasi yonida turgan Ibrohim Utegenov ismli shaxsga hujum qilib, urgan va uning qo‘l 1.200 000 so‘mlik telefonini, 5.000.000 so‘m pulini, 150.000 so‘mlik avtomagnitofonini,jami 6.350.000 so‘mlik mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan talon-taroj qilgan.

Abbos Axnazarov bilan bog‘liq voqeaning Ona talqinidagi varianti

“Ochiq murojaat”da bunday deyilgan:

“2015 yil 16 iyul kuni kech taxminan soat 22-00 larda o‘g‘lim Abbos qizim Azizani kutib olish uchun bekatga chiqqanida, bir notanish qiz avtomashinadan tushib, yo‘lning u betiga chopib ketganini ko‘rgach, mabodo shu qiz singlim emasmikan, degan shubhaga borib, oldin unga tanish bo‘lmagan haydovchidan so‘ragan vaqtda u Abbosga: - sen ko‘cha qoravulimisan, deb so‘kinib mashinasini o‘t oldirib ketib qolgan”.

Zanjirband Abbos

Onaning xatida o‘g‘li Abbosning qiynoqqa solingani mana bunday tasvirlangan:

2015 yil 21 iyulь kuni o‘g‘lim Axnazarov Abbosni Zomin tumani IIB JQB xodimlari Jizzax shahrida ushlab olib, yo‘l davomida ham qiynagan.

Tuman IIB binosiga olib kirgach, o‘g‘limni oyog‘idan zanjir bilan osib qo‘yib, qog‘oz bilan tilini tashqariga chiqargan. Keyin uni o‘zlari kompyuьerda tayyorlagan ko‘rgazmani ko‘chirib imzolashga majburlagan.

Imzolaganidan so‘ng ham, agar shu ko‘rgazmani o‘zgartirsang o‘ldirib yuboramiz, deb yana do‘pposlashgan.

Xushidan ketganidan keyin kech soat 23-00 larga qadar och holatda ushlab turib, sog‘ligiga xavf soluvchi jinoyatlarni sodir qilishgan.

Qiynoq shu darajada og‘ir bo‘lganki, Abbos komaga tushib qolgach, JQB xodimlari hatto tez yordam chaqirishga majbur bo‘lganlar.

Qiynoqning ekspertiza tasdiqlagan oqibatlari

Ona yozadi:

“2015 yil 21 iyul kuni yarim tunda Abbos og‘ir ahvolda Jizzax shahar tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borgach, unga kechiktirib bo‘lmaydigan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.

RShTYoIM Jizzax filiali neyroxirurgiya bo‘limidan berilgan: - “Yopiq kraniotserebral jarohat, bosh miya chayqalishi, boshini ensa, chap qovoq sohasi yumshoq to‘qimasi lat eyishi”.. diagnozi vrach Ibragimov va bo‘lim boshlig‘i X. A. Ravufov tomonidan imzolangan".

Abbos Axnazarovning ishi bilan shug‘ullanayotgan Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov qo‘lida Salima Axnazarovaning “Ochiq murojaat”ida tilga olingan voqeani dalillovchi kasallik tarixidan ko‘chirma nushasi borligini Ozodlikka bildirdi.

Tergovchi kabineti “razborxona"mi?

Yuqorida ko‘rganingiz videotasmada aks etgan zo‘ravonlik Salima Axnazarovaning O‘zbekiston Prezidentiga yo‘llagan “Ochiq murojaat”ida mana bunday tushuntirilgan:

"Tergovchi tuman IIB Jinoyat qidiruv xodimlariga o‘zlarini oqlash uchun keng imkon yaratib berganligi yaqqol ko‘rinib turipti. Ya’ni,o‘g‘lim Abbosga o‘zlari yetkazgan tan jarohatlarini yashirish maqsadida, go‘yoki bu jarohatlar dastlabki surishtiruv davrida jabrlanuvchining akasi N. Utegenov tomonidan yetkazilgandek qilib ko‘rsatish uchun uni o‘zlarining xonasiga olib kirib, Abbosning boshi va yuziga ikki shapaloq urdirib videotasvirga olganlar. Lekin, na tergovchi, na prokuror ushbu videotasvirni ko‘rib ulardan surishtiruvga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan R. Utegenov bu yerda qanday paydo bo‘lgan, bu zo‘ravonlik IIB binosida nega sodir bo‘lmoqda? deb so‘ramagan".

Ikkinchi tomon

O‘zbekiston Prezidentiga yo‘llangan “Ochiq murojaat” muallifi Salima Axnazarovaning iddao qilishicha, “o‘g‘lini qiynoqqa solgan” jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari va boshqalarning ism-familiyalari keltirilgan. Ozodlik ularning ba’zilari bilan bog‘lanishga urindi, lekin bog‘lana olmadi. Shuning uchun ularning ism-familiyalari "Ochiq murojaat"dan olingan parchalardan tushirib qoldirildi.

Basharti bog‘langanilgan taqdirda ham javob qanday bo‘lishini bashorat qilish qiyin emas. Har holda, bu ishga mamlakat Prezidenti aralashgunicha.

Yillardan buyon to‘xtamayotgan tanqid

Xalqaro va mahalliy inson huquqlari himoyachilari O‘zbekistonda hibsda saqlanayotganlarga qiynoq qo‘llanishi to‘g‘risida yillardan buyon aytib keladi. Salima Axnazarovaning shikoyati bu sohadagi ahvol hanuz abgorligicha qilib kelayotganiga yana bir dalil sifatida ko‘rilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG