Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:28

Rossiya o‘zbekistonlik mahbuslarni vataniga qaytarishni rejalashtirmoqda


Rossiya prezidenti Vladimir Putin Adliya vazirligiga O‘zbekiston bilan o‘zaro mahbuslarni topshirish haqida shartnoma imzolashni buyurdi. 2 may kuni Rossiya prezidenti rasmiy saytida Putinning Adliya vazirligiga “O‘zbekiston tomoni bilan kelishuvga erishilganidan so‘ng Rossiya Federatsiyasi nomidan shartnoma imzolash”ga oid topshirig‘i e’lon qilindi. O‘zbekiston Rossiyadagi mahbus fuqarolarini qabul qilib oladimi?

“Ukamni olib ketmoqchiman...”

Sverdlovsk viloyatidagi qattiq rejimli 46- koloniyaning 1400 nafar mahbusi qatorida 40 yashar o‘zbekistonlik Doniyor ham qamoq jazosini o‘tamoqda.

Namanganlik bu yigit qamoqxonada umurtqasidan jiddiy jarohat olgan, og‘ir sharoit va qiynoqlar tufayli ruhan singan.

2012 yildan buyon qamoqda qolayotgan namanganlik bu yigitning opasi Lolaxon Ozodlik bilan suhbatda ukasini O‘zbekistonga olib ketishga bir necha yildan beri natijasiz urinayotganini gapirib berdi:

- Shu kungacha 2012dan 2016 yilgacha men Rossiyada turib men yozmagan, murojaat qilmagan joyim qolmadi. Lekin biror marotaba qoniqarli javob olmadim. Ukam to‘rt yillik qamog‘ining uch yilini medsanchastda va jinnixonada o‘tkazdi. Ukamning belidan pasti ishlamaydi, normal gapira olmaydi, tualetga ikki kishi yetaklab olib boradi. Aqlan sog‘, lekin jarrohlikka muhtoj, deyishdi. Uchta voyaga yetmagan farzandi Namanganda dod deb qolgan – dadasini ovozini eshitgani yo‘q. Bu uchchala bolasi hozir Namanganda bolalar uyida, men bunga qanday chiday?! Men ukam uchun yashayapman, ishlayapman Rossiyada. Bir chamadon qog‘oz bo‘ldi menda. Ukam o‘z yurtimizda jazoni o‘tashini istayman: olib ketadigan bo‘lsam har holda qarindosh-urug‘i, bola-chaqasi qaraydi, ular yaqinida bo‘ladi. Men o‘sha jinoyatni ukam sodir etmaganiga ishonaman. Uni tirnoqlarini uzib qiynashgan, urishgan, allaqanday hujjatlarga tarjimonsiz qo‘l qo‘ydirishgan, dedi namanganlik Lolaxon opa.

Uning ta’kidlashicha, birgina 46-sonli Nevyansk koloniyasida 400 yaqin musulmon mahbus saqlanmoqda va ularning asosiy qismini o‘zbek-tojiklar tashkil etadi.

Lolaxon kuni kecha ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasida o‘zaro mahbuslarni topshirish haqida shartnoma imzolanishi kutilayotganini eshitib, quvonib ketganini ma’lum qildi.

Лолахон билан суҳбат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:51 0:00
Бевосита линк

Rossiyada qariyb 7 ming o‘zbek hibsda saqlanmoqda

2 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Adliya vazirligiga O‘zbekiston bilan o‘zaro mahbuslarni topshirish haqida shartnoma imzolash to‘g‘risida buyrug‘i e’lon qilindi.

Huquqiy axborot rasmiy portalida yoyinlangan hujjatda aytilishicha, Rossiya Adliya vazirligiga “O‘zbekiston tomoni bilan kelishuvga erishilganidan so‘ng Rossiya Federatsiya nomidan mazkur shartnomani imzolash” topshirilgan.

Adliya vazirligiga shartnoma loyihasiga printsipial xarakterga ega bo‘lmagan o‘zgartishlar kiritish vakolati ham berilgan.

Ayni damda, gap Rossiya qamoqxonalarida saqlanayotgan necha mahbus to‘g‘risida ketayotgani noaniq.

Ryazan Jazoni ijro etish federal xizmati (FSIN) Akademiyasi ma’lumotiga binoan, rus qamoqxonalarida bugunda 28,5 ming xorijlik qonunbuzar saqlanmoqda. Ulardan eng ko‘pi, ya’ni qariyb 8 minggi – Tojikiston fuqarolaridir.

Bu ro‘yxatda ikkinchi o‘rin O‘zbekiston fuqarolariga tegishli: 2015 yilga berilgan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida 6786 nafar o‘zbekistonlik mahbus jazo o‘tamoqda. Rossiyada jami 1 milliondan ziyod tojikistonlik va 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik muhojir yashab mehnat qilayotganini ham hisobga olmoq zarur.

Xorij fuqarolari Rossiyada mavjud 725ta axloqni tuzatish koloniyasi, izolyatori va qamoqxonalarida saqlanayotgan 646 ming mahbusning umumiy sonidan 5-6 foizni tashkil etishi ma’lum. FSIN keltirayotgan raqamlarga ko‘ra, Rossiyada qamoqqa mahkum etilgan jami xorijliklarning uchdan bir qismi narkotik savdosi va nashavand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga aloqador.

Rossiya har 100 ming fuqarosiga bo‘lgan mahbuslar soni jihatidan jahonda 10 o‘rinni egallab keladi.

“O‘zbekiston Qozog‘istondagi mahbus fuqarolarini qabul qilmayotir”

Joriy yilning aprelida Qozog‘iston Bosh prokurori muovini Iogan Merkelь qozoq hukumatining bu mahbuslar masalasida rasmiy Toshkentga qilgan murojaatlari javobsiz qolayotganidan taassuf bildirgan edi. Qo‘shni Qozog‘istonda 643 nafar o‘zbek fuqarosi qamoqda saqlanayotgani ma’lum.

Qozog‘istonda ozodlikdan mahrum qilingan o‘zbekistonliklar o‘z vatanlariga o‘tkazishlarini so‘rab keladi, lekin birorta ham ijobiy javob olgan emas.

Iogan Merkelning ta’kidlashicha, keyingi yillarda O‘zbekiston Qozog‘iston qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan 643 fuqarosidan birontasini ham qabul qilib olmagan. Ayni paytda Qirg‘iziston Qozog‘iston qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan 320 fuqarosidan 26 nafarini qabul qilgan. Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokurori birinchi o‘rinbosari Iogan Merkelga ko‘ra, fuqarolarini qaytarib olish taklifi bitilgan xatlarga ijobiy javob odatda Rossiya, Qirg‘iziston, Belarus va Ukrainadan keladi.

O‘zbekiston Rossiyadagi mahbuslarni qabul qiladimi?

Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari Xalqaro Federatsiyasining Rossiyadagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Davron Muhamadiev ish vazifasi yuzasidan rus koloniyalarini inspeksiya qilib turadi.

U Ozodlik bilan suhbatda Rossiyadagi xorijlik mahbuslarni o‘z yurtiga jazoni o‘tashga yuborish ikki davlat kelishuvi asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma’lum qildi.Janob Muhamadiev Vladimir Putinning bu qarori yaqinda Moskvaga tashrif buyurgan O‘zbekiston prezidenti bilan kelishuv natijasi ekaniga ishonishini aytadi.

- Agarda O‘zbekiston bu kelishuvni imzolasa, demak o‘z fuqarolarini olib kelishga rozilik bergani bo‘ladi. Ikki davlat o‘rtasida bunday kelishuv bo‘lmasa mahbuslarni uzatish juda qiyinchiliklarga duch keladi. Masalan, O‘zbekiston yoki Tojikiston kuchishlatar organlari o‘zlarini qiziqtirgan mahbuslarni maxsus so‘rovnoma asosida olib chiqib ketadi. Mahbuslarni o‘z yurtlariga chiqarish protseduralari boshqa mamlakatlar bilan ham o‘tkazilgan. Odatda mahbuslarni “ketasanmi-ketmaysanmi” deb so‘rab ham o‘tirishmaydi: yoppasiga ekstraditsiyaga o‘xshash shaklda chiqarib yuborishadi. Albatta, bosqichma-bosqich tarzda, dedi Davron Muhamadiev.

Suhbatdosh Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida kelishuv mavjud bo‘lsada, Rossiya barcha xorijlik tutqunni yoppasiga berib yubormasligiga ishonch bildirdi:

- Lekin bu ekstraditsiya masalalarida cheklovlar ham juda ko‘p. Masalan, ular siyosiy motivlar asosida ekstraditsiya qilinmaydi – faqat jinoiy moddalar asosida. Shu sababli hozirda, masalan Tojikistonda, Islom partiyasi ishi yuzasidan qidiruvda bo‘lganlarga mahalliy hukumat jinoiy moddalarni yopishtiryapti. So‘zsiz, Rossiya ortiqcha mahbuslarni o‘z yurtiga jo‘natib foydada qoladi, ekstraditsiya qilinganlarni qabul qiluvchi O‘zbekistonga esa bu mahbuslarning uncha qizig‘i yo‘q. Lekin, narkomoddalar asosida jazo o‘tayotgan chet elliklarni Rossiya hukumati o‘zi qo‘yib yubormasligiga ishonaman, chunki ular o‘z yurtida tezda ozodlikka chiqib yana eski “hunariga” qaytishi ehtimoli yuqori. Qolaversa, menimcha 800 ming mahbusi bor Rossiyaga 28 ming xorij fuqarosini qamoqda ushlab turish og‘irlik qilmaydi. Bundan chiqdi, ikki davlat o‘rtasidagi bu kelishuvda aniq qaysi moddalar bilan qamalgan fuqarolar o‘z yurtiga berib yuborilishini aniqlash qoldi, xolos, dedi Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlarining Moskvadagi rahbari Davron Muhamadiev.

Ayni damda, Amnesty International (Xalqaro Amnistiya) Rossiyani yuzlab O‘zbekiston fuqarolarini vatanlariga majburan chiqarib yuborayotganlikda aybladi. Xalqaro Amnistiyaning ishonishicha, majburan qaytarilgan yoki o‘g‘irlab ketilgan o‘zbekistonliklar qiynoqlarga tutilmoqda.

Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlarida hozirgacha O‘zbekiston ichkarisida saqlanayotgan mahbuslar soniga oid aniq raqamlar mavjud emasligi ta’kidlandi.

2014 yilda O‘zbekiston Oliy Sudi raisi har 100 ming o‘zbek fuqarosiga 166 nafar mahbus to‘g‘ri kelishini ochiqlagan. Qamoqxonalar tizimini o‘rganish xalqaro markazi (The International Centre for Prison Studies – ICPS) o‘zining so‘nggi hisobotida o‘zbek qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan kishilar soni aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, ular soni 42 ming chog‘li ekani aytilgan.

Huquq himoyachilari O‘zbekiston hibsxona va qamoqxonalarida siyosiy yoki diniy motivlar bilan qamalganlarga nisbatan shafqatsiz va g‘ayriinsoniy munosabat ayniqsa kuchayganini urg‘ulaydilar.

Ayni paytda o‘zbek rasmiylari mamlakatda siyosiy mahbuslar borligini ham, qamoqxonalarda mahkumlarga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘linayotganini ham tamoman inkor qilib keladilar.

XS
SM
MD
LG