Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:07

"O‘zagroeksport" ertapishar mevalarni sotib olishga tayyor emas; bog‘bonlar kasodga uchrash arafasida


Prezident qarori bilan yangi ish boshlagan “O‘zagroeksport” shirkati bog‘bonlarning pishgan mevalarini qabul qilmayotir. Andijonlik bog‘bonlarning Ozodlikka bildirishicha, ayni paytda¸ bir hafta ichida terib olish kerak bo‘lgan g‘arq pishgan giloslarni har yilgi xaridorlarga sotishga ham ruxsat yo‘q.

Ozodlikka Andijondan bog‘langan bog‘bon 80 tup ertapishar gilosi pishib-yetilgani, agar bir hafta ichida sotib yubormasa, bu yilgi hosilga kuyib qolishi mumkinligini aytadi:

- O‘tgan haftada terib olsak bo‘lardi aslida. Har yili kelib, uyimizdan terib ketadigan qo‘qonlik savdogar yigitlar: “Bu yil xolding qabul qilmayapti bizdan, hozir ololmaymiz”, deb turishibdi. Ularning o‘zlariga tashqariga olib chiqish taqiqlanganmish. Yana bir hafta vaqtimiz bor, undan o‘tib ketsak, keyin eksportga yaramaydi hosil. Buning ustiga narxini 2 ming so‘m deyishyapti. O‘tgan yili 14 ming so‘m, undan oldingi yili 9 ming so‘mdan bog‘ning o‘zida sotgan edik. Bu yil prezident aralashganidan keyin Rossiyaga yo‘llar ochilarkan, deb tursak, boshidanoq ahvol chatoq-ku?! – deya nolidi ismi oshkor etilmasligini iltimos qilgan andijonlik bog‘bon.

Har yili hosilni bog‘ning o‘zidan sotib o‘rgangan bog‘bon O‘zbekistonda meva eksporti bo‘yicha joriy etilgan yangi tartibdan bexabarligi va agar bir hafta ichida xaridori chiqmasa, qariyb 8 tonna gilosni mahalliy bozorda sotib, daromad qila olmasligini aytdi.

O‘zbekiston prezidenti shu yilning 7 aprelida imzolagan “Yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi ixtisoslashtirilgan «O‘zagroeksport» tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan mamlakatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning eksporti bilan shug‘ullanadigan yangi shirkat tashkil etildi.

Hujjat mazmuniga ko‘ra, mamlakat chegaralaridan olib chiqiladigan meva-sabzavot mahsulotlari shu shirkat qaydidan o‘tishi lozim. Bog‘bon-dehqonlar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri shirkat yoki undan ruxsat olgan mahalliy agrofirmalar bilan shartnoma tuzib, hosilini eksportga chiqarishi mumkin.

Andijon viloyatida eksport savdosi bilan shug‘ullanadigan mikrofirmalardan biridan olingan ma’lumotga ko‘ra, "O‘zagroeksport" shirkati hozircha na ular, na bog‘bonlardan mevalarni qabul qilishni boshlagan:

"Hozir endi-endi ish boshlayaptiku kompaniya. Biz ham ular bilan shartnoma imzoladik, lekin hali meva olishni boshlaganimiz yo‘q. Da, bog‘bonlarda mayskiy giloslar pishdi. Lekin hozir meva eksportiga chiqadiganlarning hammasi "O‘zagroeksport" bilan shartnoma tuzishi kerak. Shartnoma tuzmaguncha bir kilogram meva tashqariga chiqmaydi", deydi nomini oshkor qilmayotganimiz agrofirma xodimi.

Undan olingan ma’lumotga ko‘ra, shirkat bilan shartnoma imzolagandan so‘ng agrofirmalar mevalarning sifatini tasdiqlovchi sertifikat olishi va bu sertifkatlar Davlat bojxonasi tomonidan qabul qilinishi lozim:

"Endi bu bir haftada bitadigan ishmas, to‘g‘risi. Bu yangi ish, endi boshlanyaptida, tushunayapsizmi?! A gilos qarab turmaydi, pishdi uje. O‘zi tepadan ham tezlab yotishibdi, rasmiylashtirishni tezroq tugatib, eksportni boshlanglar, deyapti. Lekin, rasmiylashtirish ishlari oson bo‘lmaydi-da", dedi agrofirma xodimi.

Bog‘bon e’tiroziga sabab bo‘lgan yana bir masala – o‘ta arzon belgilangan narx masalasida na bu tadbirkor, na "O‘zagroeksport"ning o‘zidan aniq ma’lumot olishning imkoni bo‘ldi.

"O‘zagroeksport" tashqi savdo shirkati bosh idorasidan shu kunlarda yangi binoga joylashayotgani, hozircha faqat birgina telefon raqami orqali bosh shtabga bog‘lanish mumkinligi haqida javob olindi.

Olingan rasmiy javobga ko‘ra, 7 apreldan ish boshlagan shirkatning joylardagi vakillari mevalari etila boshlagan bog‘bonlar va mahalliy agrofirmalar bilan shartnomalar imzolashni boshlagan. Ertapishar giloslarni qabul qilib olish boshlandimi-yo‘qmi, degan savolga shirkatning xodimi aniq javob berolmadi.

Prezident qarorida meva-sabzavot narxi "jahon va mintaqaviy bozorlar kon’yunkturasini marketing jihatdan chuqur tadqiq qilish" yo‘li bilan belgilanishi aytilgan. Ammo, dehqon-bog‘bonning qo‘lidan hosilni sotib oladigan kichik savdo firmalari, jumladan, shu kunga qadar viloyatlarda ishlab kelgan va prezident qarori bilan "O‘zagroeksport"ga bog‘lab qo‘yilgan agrofirmalar narx tashqi savdo shirkati – ya’ni, davlat tomonidan belgilanishini kutmoqda.

Farg‘ona viloyatidagi agrofirmalardan biri ham narx masalasidagi savolga hozircha javob berolmasligini aytarkan, shu kunga qadar xorijga meva-sabzavot eksportida to‘siq bo‘lib turgan bir muammoni tilga oldi:

"Biz qariyb 6 yil Rossiyaga uzum sotdik. Bitta sharti bor - xorijga chiqariladigan har bir tonna mahsulot uchun yuz foizlik predoplata so‘raladi. Masalan, Rossiyadagi biror firma hali ishkomda pishib turgan 100 tonna uzumga oldindan pulini to‘lashi kerak. Shundagina chegaradan olib chiqa olasiz. Bunga ularni rozi qilish juda qiyin bo‘ladi, narx tushadi. Yana bitta muammo - konvertatsiya davlat narxida. Endi yangi qarorda kamida 50 protsent valyutani davlat narxida sotish shart, qolganini valyuta qilib olish mumkin, deyilgan deyishyapti. Ko‘ramiz-da hali. Yaxshi bo‘lardi, shunchalik bo‘lsa ham yengillik", dedi farg‘onalik eksportchi tadbirkor.

Andijonlik bog‘bonning aytishicha, uning 80 tup gilos ekilgan bog‘i u yashaydigan hududda o‘rtamiyona kattalikdagi bog‘dir. Yon-atrofida gilosni tomorqasi va hovlisida ekkan bog‘bonlar ham ko‘p. Ularning hammasi "qo‘qonliklar" - gilosni o‘zi terib, bog‘dan olib ketadigan eksportchilarni kutmoqda.

Yana 20-25 kunda esa Farg‘ona vodiysida ertapishar o‘riklar etiladi. Ularning eksporti gilosnikidan ham og‘irroq - tez urinadi va daraxtda turib qolsa, to‘kilib ketadi.

Shu bois, Ozodlik bilan suhbat yakunida bu bog‘bon hosilini eson-omon sotib olishida yordam berishini so‘rab, O‘zbekistondagi mas’ul tashkilot va mamlakat rahbariga murojaat yo‘lladi.

Ozodlik pishiqchilik boshlanayotgan O‘zbekistondagi bog‘bon va dehqonlardan kelayotgan boshqa murojaatlarni ham o‘rganish va xususan, "O‘zagroeksport" tashqi savdo shirkati bosh idorasidan to‘liq javob olishga urinadi.

XS
SM
MD
LG