Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:16

Ispaniya Putinga yaqin Rossiya rasmiylarini qo‘lga olish uchun order chiqardi


Vladimir Putin Ispaniya tomonidan qidiruvga berilgan bosh vazir o‘ribosari Dmitriy Kozak bilan
Vladimir Putin Ispaniya tomonidan qidiruvga berilgan bosh vazir o‘ribosari Dmitriy Kozak bilan

Ispaniyalik sudya Rossiya hukumatining amaldagi va sobiq mulozimlari, jumladan prezident Vladimir Putinga yaqin ekanligi aytiladigan shaxslarni hibsga olishga order berdi.

Hibsga olish buyurilganlar ro‘yxatida sobiq bosh vazir, sobiq mudofaa vaziri, amaldagi bosh vazir o‘rinbosari hamda parlament quyi palatasining moliya qo‘mitasi raisi ham bor.

Ispaniya e’lon qilgan hujjatlarda Rossiyaning eng nomi chiqqan ikki jinoiy to‘dasi -- “Tambov” hamda “Malishev” guruhlariga a’zo ekanligi iddao qilinayotgan shaxslarning ismlari tilga olingan. Bu shaxslar Ispaniyada bir qator jinoyatlar, jumladan, qotillik, qurol-aslaha hamda giyohvand modda kontrabandasi, zo‘ravonlik hamda pul yuvishga qo‘l urganlikda ayblanmoqda.

Ispaniya politsiyasiga ko‘ra, jinoiy guruhlardan biri yuqori darajadagi mulozim yordamida Rossiya vazirliklari, xavfsizlik kuchlari va boshqa hukumat idoralari hamda shirkatlar bilan aloqa o‘rnatgan.

Ma’lum bo‘lishicha Sudya Xose de la Mata 12 orderni yanvar oyida bergan, ammo bu haqda 2 may kunigina matbuotga bildirildi.

Ispaniya rasmiylari “Yedinaya Rossiya” partiyasining sobiq deputati va Duma quyi palatasining moliya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Vladislav Reznikni qo‘lga olishni istaydi.

Jinoiy guruhlarga aloqadar ekanligi aytilayotganlar orasida amaldagi bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Kozak ham bor. Kozak avval Sankt-Peterburgda prokuror lavozimida ishlagan. Keyinroq Putin ma’muriyati rahbari lavozimiga tayinlangan.

Ispaniya politsiyasi nazariga tushgan yana bir shaxs Viktor Zubkovdir. Zubkov 2007-2008 yillarda bosh vazir bo‘lib ishlagan. 2008-2012 yillarda esa, bosh vazir Vladimir Putinning birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tgan.

Bundan tashqari, jinoiy to‘dalar a’zosi o‘laroq Ichki ishlar vazirligi Narkotiklar qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Nikolay Aulov, sobiq mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov, sobiq bosh vazir o‘rinbosari Igor Sobolevskiy hamda informatsion texnologiyalar vaziri lavozimida ishlagan Leonid Reymanlar ismi ko‘rsatilgan.

“Tambov” hamda “Malishev” jinoiy guruhlari 1980 yillarda Sankt-Peterburgda o‘z a’zolarini himoya qiluvchi to‘da o‘laroq yuzaga kelgan. Ikki raqib guruh o‘rtasida 1989 yilda qonli to‘qnashuvlar ro‘y bergan. Xabarlarga ko‘ra, bu ikki jinoiy to‘da hozirda ko‘p sonli shirkatlarga egalik qiladi, narkotiklar savdosi, prostitutsiya, reket va pul yuvish bilan shug‘ullanadi.

Bolgariya 2008 yil “Tambov” guruhini 1 milliard yevroni yuvganlikda ayblab, tergov qilgan edi.

Moskva Ispaniyaning orderlariga qanday javob berishi, ismi tilga olinganlardan birortasini ekstraditsiya qilishi yoki qilmasligi hozircha noma’lum. Xabarlarga ko‘ra, Ispaniya javobgarlikka tortishni istayotgan shaxslarning barchasi ayni paytda Rossiyada.

Nafaqadagi tergovchi Andrey Zikov dekabr oyida Ozodlikka bergan intervyusida “Ispaniya prokurori hisobotida tilga olingan asosiy shaxslar hozir Rossiyada hech bir muammosiz yashamoqda”, degan edi.

XS
SM
MD
LG