Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:10

Tehron Suriyada ko‘p sonli eronlik harbiy halok bo‘lganini tan oldi


Tehron Suriyaning Halab shahri yaqinida sodir bo‘lgan janglarda bir necha eronlik askar halok bo‘lganini bildirdi. Eron Suriya prezidenti Bashar al-Assadni dastaklash uchun o‘z harbiylarini yuborib keladi.

Fars agentligi 7 may kuni tarqatgan xabarda yozilishicha, Eron Inqilobiy gvardiyasi rasmiysi Xontuman qishlog‘ida islomiy isyonchilar bilan 6 may kuni ro‘y bergan to‘qnashuvlarda kamida 13 nafar eronlik harbiy maslahatchi halok bo‘lganini, 21 nafari tan jarohat olganini aytgan. Xontuman qishlog‘i Halab shahridan 15 km masofada joylashgan.

Reuters agentligining xabar berishicha, to‘qnashuvlar o‘nlab odam umriga zomin bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, Xontumandagi hujumni islomiy isyonchilarning “Jaysh al-Fatah” o‘laroq ma’lum bo‘lgan ittifoqi boshlagan. Ularga “Jabhatan Nusra” jangchilari yordam bergan.

“Jaysh al-Fatah” va uning qanotlari Xontumanda o‘ldirilgani iddao qilinayotgan eronlik hamda shia jangchilarning suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi.

Hafta boshida AQSh hamda Rossiya Halab shahrida otashkesim o‘rnatishga kelishdi. Ammo keyingi kunlarda shahar yaqinidagi qishloqlardagi janglar kuchayib bormoqda.

Boshqa xabarlarga ko‘ra, yuqori lavozimli Eron rasmiysi Assad bilan uchrashib, Eron Suriya hukumatiga yordam berishda davom etishini bildirgan.

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning maslahatchisi Ali Akbar Velayati 7 may kuni Damashq sharqida Assad bilan uchrashgan.

Suriyaning SANA xabar agentligining bildirishicha, Velayati Tehron har doim Suriyani qo‘llashini, chunki “terrorizm nafaqat Susriya, balki butun hudud aholisini mo‘ljalga olishini” aytgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa Halab shahridagi otashkesim 7 maydan boshlab yana uch kunga uzaytirilganini e’lon qildi.

Vazirlik otashkesim Moskva qistovi bilan uzaytirilganini, unga Latakiya viloyatida ham amal qilinishi kerakligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG