Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:33

O‘zbekiston elitasi arzandalarining Latviyadagi muhtasham hayoti


Xolavachchalar: Gulnora Karimova, Akbar Abdullaev, Lola Karimova-Tillaeva. (Rassom Martinsh Upitis)
Xolavachchalar: Gulnora Karimova, Akbar Abdullaev, Lola Karimova-Tillaeva. (Rassom Martinsh Upitis)

O‘zbekiston siyosiy elitasining farzandlari Latviyaning kunda-shundalariga aylangan. Ular bu yerda qimmatbaho uylarni sotib olishgan. Latviyada O‘zbekiston prezidentining nabirasi ham Latviyada tug‘ilgan. Ular poraga olingan millionlab dollarlarni Latviya banklariga yashirishgan. Latviyaning “Oltin viza” dasturi vositasida 1500 dan oshiq o‘zbekistonlik bu mamlakatda doimiy yashash huquqini olgan. Latviyadagi o‘zbeklar eng yopiq jamoa sifatida ham tanilgan.

Inga Springe, Sanita Yemberga

O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Elyor G‘anievning o‘g‘li Azimning Facebook sahifasidan ma’lum bo‘lishicha, u Rigada o‘qib yurgan paytda ancha ko‘ngilxushlik qilgan. U ba’zan uyini sog‘ingan, lekin umuman olganda Latviyadagi hayoti bazmi jamshidlarga boy bo‘lgan.

Facebook sahifasiga qo‘yilgan rasmlarda to‘ladan kelgan barvasta, lekin yuzi yosh bolalarnikiga o‘xshash Azim G‘aniev do‘stlari bilan Yevropaning turli shaharlarida sayohat qilib, restoranlarda aysh-ishrat surgani aks etadi.

Azim jonajon O‘zbekistonidan olisda, Rigadagi “Turība” universitetida xalqaro turizm sohasi bo‘yicha o‘qigan. Lekin o‘qishni tugata olmagan. Turība universiteti ma’muriyatining "Re:Baltica" nashriga aytishicha, Azim 2014 yilda o‘qishdan haydalgan.

Azim G‘aniev (o‘ngda) Facebook sahifasidagi ko‘plab rasmlardan biri (skrinshot)
Azim G‘aniev (o‘ngda) Facebook sahifasidagi ko‘plab rasmlardan biri (skrinshot)

Azim G‘aniev o‘qish uchun nega Rigani tanlagani yoki nega qaytib ketib qolgani to‘g‘risida Facebook orqali yuborilgan savollarga javob bermadi. Facebook sahifasidagi statusdan ayon bo‘lishicha, u hozirda Toshkentga qaytgan.

O‘zbekistondagi eng nufuzli vazirlardan biri bo‘lgan Elyor G‘anievning yana bir o‘g‘li Aziz hamon Rigadagi Boltiq Xalqaro Akademiyasida o‘qiydi. Bu muassasa ma’muriyatining "Re:Baltica" nashriga bildirishicha, Aziz G‘aniev shu yili biznes boshqaruvi bo‘yicha magistrlikni yoqlashi kerak.

O‘zbekiston fuqarolari Latviyada tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi. Latviyadagi o‘quv yurtlarida o‘qiydigan 900ga yaqin o‘zbekistonlik talaba jami xorijlik studentlarning 13,5 foizini tashkil etadi.

- O‘zbekistonliklar o‘qish uchun Latviyani tanlashi, bu mamlakat universitetlarida o‘qish nisbatan arzonroq bo‘lgani, masalan, Buyuk Britaniyaga solishtirganda hamda taklif etiladigan o‘quv dasturlari O‘zbekistonda reklama qilinishi bilan shartlangan. Bundan tashqari Boltiq davlatlari orasida faqat Latviyaning O‘zbekistonda elchixonasi bor va potentsial talabalarga Yevropa Ittifoqi vizasini olish jarayoni osonroq kechadi, - deydi “Turība” universiteti prorektori Imants Bergs.

Aka-uka G‘anievlar Latviya kunda-shundalari bo‘lgan o‘zbek elitasining yagona vakillari emas.

Parvarishlangan munosabatlar

1990 yillar o‘rtalaridan Latviya O‘zbekiston bilan siyosiy munosabatlarni rivojlantirib kelgan. Diplomatik pasport egalari Latviyaga vizasiz kirib-chiqishi mumkin. 2004 yildan boshlab O‘zbekiston havo yo‘llari aviashirkati uchoqlari Toshkentdan Nyu Yorkka Riga orqali uchadi va bu Latviyadan amalga oshiriladigan yagona transatlantik parvozdir.

Latviya mustaqillikka erishganidan beri mamlakatning besh prezidentidan uch nafari Toshkentga tashrif buyurgan, O‘zbekiston prezidenti ham Rigaga uch marta borgan. Uning 2013 yildagi so‘nggi safari chog‘ida o‘zbekistonlik faollar “zamonamizning eng mustabid diktatorlaridan biri” Karimovning Latviya mustaqilligi ramzi bo‘lmish Ozodlik Monumentiga gulchambar qo‘yishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilishadi.

O‘zbekiston va Latviya prezidentlari Islom Karimov va Andris Berzinsh. Riga. 2013 yil 17 oktyabr
O‘zbekiston va Latviya prezidentlari Islom Karimov va Andris Berzinsh. Riga. 2013 yil 17 oktyabr

Latviya hukumati o‘sha paytda Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlari ta’minotida asosiy tranzit yo‘lagi bo‘lgan O‘zbekiston bilan munosabatlarni buzmaslik uchun bu chaqiruvni bepisand qoldiradi.

Boshqa sohalarda ham munosabatlar bor. 2010 yilda Latviya munozarali “Oltin viza” sxemasini joriy qiladi. Bu sxemaga ko‘ra, mamlakatda ko‘chmas mulk sotib olgan yoki banklardan biriga pul qo‘ygan xorijliklarga 5 yillik yashash huquqi berilishi ko‘zda tutilgan. O‘shandan beri 1525 nafar O‘zbekiston fuqarosi Yevropa Ittifoqida yashash imkonini beruvchi bu sxemadan foydalangan. Bu sxemadan foydalangan sobiq sovet mamlakatlari fuqarolari orasida, Immigratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi.

Bundan tashqari “Oltin viza” olmagan o‘zbekistonliklar ham bor. Ularni xorijliklarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan Latviya banklari ko‘proq qiziqtirgan. Bu banklardan bir nechtasi keyinchalik pul yuvish bilan bog‘liq xalqaro janjalga aralashib qoladi.

Poradan tushgan pullar yashirilgan “Parex Banka”

2008 yilda global iqtisodiy bo‘hron oqibatida Latviyaning eng yirik Parex banki sinishi e’lon qilinishi bilanoq O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Gulnora Karimova bu bankda saqlagan millionlab dollarlik omonatini qutqarish uchun shoshilinch tarzda Latviyaga uchib boradi.

Gulnora Karimova Latviyadagi banklarga qariyb 500 million dollar yashirgani gumon etiladi
Gulnora Karimova Latviyadagi banklarga qariyb 500 million dollar yashirgani gumon etiladi

Yevropaning bir necha davlati uni xalqaro telekom shirkatlaridan millionlab pora undirganlikda gumonlab, ustidan jinoyat ishlari ochishi ortidan otasining qahriga uchragan 43 yashar Gulnora Karimova 2014 yil boshidan beri uy qamog‘ida ekani aytiladi. Prezident qizi ustidan O‘zbekistonda ham jinoiy ish ochilgan.

AQSh Adliya vazirligi moliyaviy zararni qoplashni so‘rab, sudga kiritgan shikoyat arizasida keltirilgan materiallarga ko‘ra, Gulnora Karimova Latviyaning ikkita bankidagi hisob raqamlarga poradan tushgani gumon etilayotgan 446 million AQSh dollari atrofidagi pullarni qo‘ygan. Bu “Aizkraukles Banka” (hozirgi ABLV) va “Parex Banka” (hukumat sotib qutqarib olganidan keyin nomi “Citadele”ga o‘zgartirilgan) banklaridir. ABLV vakillari tergovchilar bilan hamkorlik qilayotgani vajidan izoh berishdan bosh tortdi. “Citadele” esa o‘sha paytdagi qonunchilik doirasida harakat qilganini iddao qildi.

AQSh sudiga o‘tgan yili topshirilgan arizada 2004 va 2012 yillar oralig‘ida O‘zbekiston hukumatining yuqori darajadagi amaldorining yaqin qarindoshi korruptsion sxemalar va offshor shirkatlar orqali 800 million AQSh dollaridan oshiq pora olgani aytiladi.

Bu arizada Gulnora Karimova ismi keltirilmagan. Lekin o‘tgan oyda AQSh Adliya vazirligi kiritgan navbatdagi arizada pora olgani gumon etilayotgan shaxs Gulnora Karimova ekani ochiqlandi. Bu ish TeliaSoner, Vimpelcom va MTS shirkatlari O‘zbekiston bozoriga kirish imkoni evaziga katta miqdorda pora bergani bilan bog‘liqdir.

Kenja qiz

O‘zbekiston prezidentining kenja qizi 37 yoshli Lola Karimova-Tillaeva opasidan farqli o‘laroq jamoatchilik og‘ziga unchalik tushmagan.

2006 yilning avgustida u Latviya poytaxti Rigadagi klinikalardan birida ikkinchi farzandi – o‘g‘lini tug‘adi. Latviyada unga asli afg‘onistonlik tadbirkor G‘ulom G‘ulomiy mezbonlik qiladi. Latviyada ko‘p yillardan beri yashaydigan G‘ulomiy bu mamlakat fuqaroligini olgan.

Lola Karimova-Tillaeva (Rassom Martinsh Upitis)
Lola Karimova-Tillaeva (Rassom Martinsh Upitis)

Lola Karimova-Tillaeva homiladorlikning so‘nggi oylarini Riga yaqinidagi Boltiq dengizi sohilida joylashgan Yurmala kurortidagi yangi uyda o‘tkazadi. Latviya kadastri ma’lumotlariga ko‘ra, bu uy 2 million yevroga sotib olingan va G‘ulomiyning xotini Valentina nomiga rasmiylashtirilgan.

Lola Karimova-Tillaevaning oila a’zolari Latviyada Hummer va BMW rusumidagi qimmatbaho mashinalarda yurishadi. Bu mashinalarga “TT” (ya’ni Lolaning eri Timur Tillaev) va “1LK” (ya’ni 1 Lola Karimova) davlat raqamlari taqilgan edi. Hashamatli avtomobillar ham aziz mehmonlarga G‘ulomiy tarafidan taqdim etiladi.

2006 yil kuzida, o‘g‘li tug‘ilishidan ko‘p o‘tmay Lola Karimova-Tillaeva va uning oilasi Latviyadan ketishadi. Aftidan uning Latviyada hech qanday biznesi yo‘q. Latviya biznes reestriga ko‘ra, uning eri Timur Tillaev “Euro West Invest” nomli firma tashkil qiladi, lekin u hech qachon faoliyat qilmaydi.

Xolavachcha trilleri

Opa-singil Karimovalarning xolavachchasi Akbar Abdullaev Latviyaga Lola Karimova-Tillaeva bilan bir paytda keladi va u yashagan uyga qo‘shni hovliga joylashadi. Latviya yer kadastridagi yozuvlarga ko‘ra, o‘sha paytda 23 yoshda bo‘lgan Abdullaev Yurmaladagi hashamatli uyni 1,4 million yevroga sotib oladi. Uyning yashash qismidan tashqari mehmonxonasi, basseyni va hovli orqasida doim yashil daraxtlar ekilgan bog‘i bor

Gulnora va Lolaning xolvachchasi Akbar Abdullaev. (Rassom Martinsh Upitis)
Gulnora va Lolaning xolvachchasi Akbar Abdullaev. (Rassom Martinsh Upitis)

Bir paytlar prezident Karimovning potensial vorislaridan biri sifatida ko‘rilgan Abdullaev Latviyadaligi paytida quyushqonni qo‘yib yuboradi. U 200 ming yevroga Bentley rusumidagi mashina sotib oladi. 2011 yilda ro‘yxatga olingan paytda bu mashina Latviyadagi eng qimmat avtomobil bo‘ladi. Oradan bir yil o‘tib u Riganing eng obro‘li mahallasidan oynalari Daugava daryosi uzra poytaxtning Eski Shahar bo‘lgasiga qarab turuvchi uydan qimmatbaho kvartira sotib oladi.

Abdullaev kvartirasini ofisga aylantiradi va shu yerdan 2000 yillar o‘rtalarida G‘ulomiylar oilasi bilan birgalikda kamida 18 million yevroga sotib olingan ikkita mehmonxonani boshqaradi. Keyinchalik Abdullaev qo‘ldan boy bergan ikkala mehmonxona G‘ulomiyning qo‘liga o‘tadi. Bu aslida qanday bo‘lgani to‘g‘risida turli taxminlar bor, lekin bu voqea suiqasd urinishi, amaldorlarning poraga sotilishi, shubhali offshor firmalar orqali oldi-berdilar bilan yo‘g‘rilgan detektiv romanni eslatadi.

(Bu voqea to‘g‘risidagi materialni yaqin kunlarda Ozodlik saytida o‘qishingiz mumkin-tahr.)

Akbar Abdullaevning Yurmaladagi hashamatli hovlisi bugun huvillab qolgan
Akbar Abdullaevning Yurmaladagi hashamatli hovlisi bugun huvillab qolgan

Hozirda Abdullaevga qarashli Yurmaladagi uy hovlisi ajriqlar bilan qoplangan tashlandiq holga kelgan.

2015 yilgi O‘zbekiston prezidenti saylovida Islom Karimov navbatdagi g‘alabasini e’lon qilgan paytda Abdullaev allaqachon sud tomonidan 10 yillik qamoqqa mahkum etilgan edi. Abdullaev Farg‘ona vodiysidagi davlatga qarashli yirik korxonalarni o‘z nazoratiga olgan uyushgan jinoiy guruhga boshchilik qilganlikda aybdor deb topilgani to‘g‘risida Ozodlik qator materiallarni e’lon qilgan.

Latviyaning “Oltin viza” sxemasi yordamida Yevropa Ittifoqida yashash huquqini olgan O‘zbekiston amaldorining yana bir arzandasi Timur Kerimovdir. U O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovga kuyov bo‘ladi. Qodirov 2015 yilning aprelida lavozimidan chetlatilib, konstitutsiyaviy sudga hakam sifatida o‘tkazilguniga qadar O‘zbekistondagi eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lgan.

Latviya yer kadastridagi yozuvlarga ko‘ra, Kerimov 2010 yilda Riga markazidan kvartira sotib olgan. U, shuningdek, Latviyada ikkita shirkatni ro‘yxatdan o‘tkazgan. “ITIR Solutions” va “IVT Solid Energy” shirkatlari tashkil etilganidan beri hech qanday faoliyat bilan shug‘ullanmagan. “IVT Solid Energy” 2013 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilishidan bir necha oy o‘tib, Qibrisdagi boshqa offshor shirkatiga sotilgan.

Bir necha yil davomida Kerimov O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviashirkatining Rigadagi vakolatxonasiga rahbarlik qilgan. "Re:Baltica" muxbiri vakolatxonaga uni yo‘qlab borganida, u yerda ishlaydigan yagona xodim Kerimov ishdan ketganiga bir yil bo‘lganini bildirdi. O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi vakillari "Re:Baltica"ning uchrashish iltimoslari va yuborgan qator savollarini javobsiz qoldirdi. Latviyadagi o‘zbek jamoasi ham "Re:Baltica" muxbiriga tutqich bermadi va ular bilan gaplashish imkoni bo‘lmadi.

Ushbu material “Re:Baltica” tergov jurnalistika markazi va Ozodlik jurnalistlari hamkorligida tayyorlandi.

Muharrirlar Sanita Yemberga (Re:Baltica) va Jodi MakFilips (OCCRP)

XS
SM
MD
LG