Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:46

Rossiyada “RBK” media xoldingi tergov qilinmoqda


Rossiya rasmiylari “RBK” media xoldingiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘adi. Xolding keyingi yillarda Rossiyaning biznes hamda siyosiy elitalari, jumladan, Vladimir Putinning yaqin do‘stlari va qarindosh-urug‘i haqida tahliliy maqolalar e’lon qilib nom chiqardi.

“RBK” media guruhiga milliarder tadbirkor Mixail Proxorov yetakchilik qiladi. Moskva shahar politsiyasining Proxorov shirkatini tekshira boshlagani hayratlanarli emas, chunki ko‘pchilik “RBK” nashrining erkin fikrlashi Kremlga ma’qul kelmagan, deb hisoblaydi.

29 aprel kuni boshlangan tergov haqida ilk bor “Rambler xabar xizmati” 11 may kuni ma’lum qildi.

“Rambler xabar xizmati” politsiya buyrug‘i nusxasidan iqtibos keltirib, rasmiylar “Bayt-Telekom” shirkatining 25 foiz aktsiyalari ikki sobiq hissadordan o‘g‘irlanganini tergov qilayotgani haqida xabar qildi. “Bayt-Telekom” shirkatiga avvalroq “RBK” egalik qilgan.

“RBK”ning matbuot kotibi Yegor Timofeev 11 may kuni xolding o‘zining “Bayt-Telekom”dagi 75 foiz hissasini 2014 yil qonuniy ravishda sotganini, xolding bu kelishuv qonunga muvofiq amalga oshirilganini tasdiqlovchi hujjatlarga ega ekanligini aytdi.

Proxorov “RBK”ni 2010 yilda sotib olgan va xoldingga tajribali hamda odamlar hurmatiga sazovor bo‘lgan jurnalistlarni jalb qilgan.

Xolding keyingi yillarda Rossiyada biznes va siyosatning chalkashib ketgani haqidagi tahliliy maqolalari bilan shuhrat qozondi.

2015 yilning yanvarida “RBK” Putinning qizi ekanligi aytiladigan Katerina Tixonova haqida maqola yozgan ilk nashr bo‘ldi. Tixonova hozirga kunda Moskva davlat universitetida rivojlanish bo‘yicha loyihaga etakchilik qiladi.

“RBK” maqolasida Tixonova Putinning qizi ekanligi aytilmadi. Bu iddaoni keyinroq jurnalist Oleg Kashin hamda muxolifatchi Aleksey Navalniylar ilgari surishdi.

Rossiya davlat matbuoti yetakchisi hamda teleboshlovchi Dmitriy Kisilyov o‘tgan oyda “RBK” gazetasi nusxasini qo‘lida tutib, xoldingni Panama hujjatlari mavzusini keng yoritishda AQShga yordam berganlikda aybladi.

Panamadagi Mossack Fonseca & Co. advokatlik shirkatining sizdirilgan maxfiy hujjatlari jahon davlatlari rahbarlari va boylarning katta qiymatga ega mablag‘larni qanday qilib soliq va jamoatchilikdan berkitganini fosh qilgan edi. Hujjatlarda ismi tilga olinganlar ichida Putinning yaqinlari ham bor.

XS
SM
MD
LG