Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:11

O‘quvchilar Karimov kitobini sotib olishga majburlanmoqda


O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi maktablarda o‘quvchilar makulatura yig‘ishga majburlanmoqda. Belgilangan normadagi qog‘oz chiqindisini yig‘ib berolmagan o‘quvchilardan pul undirilmoqda. Bundan tashqari yuqori sinf o‘quvchilarining har biriga makulaturaga qo‘shimcha O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning ikkita kitobini olib kelish talabi ham qo‘yilmoqda.

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi 3-sonli maktabida o‘quvchilarni ikki kilodan qog‘oz chiqindisi yig‘ib berishga, yetarlicha miqdorda qog‘oz yig‘olmagan bolalarni esa buning o‘rniga pul berishga majbur qilmoqdalar.

Bu haqda shu maktab o‘quvchilaridan biri Ozodlikka aytdi:

- Har bir o‘quvchiga ikki kilodan makulatura yoki ming so‘m pul olib kelish aytilgan. Yuqori sinf o‘quvchilariga makulaturadan tashqari prezidentning ikkita asarini olib berish talabi qo‘yilmoqda, - dedi ismi sir qolishini istagan surxondaryolik o‘quvchi.

Suhbatdosh O‘zbekiston prezidentining kitoblarini makulatura sifatida emas, balki sinf kutubxonasiga qo‘yish uchun olib kelish tayinlanganini aytadi.

- Prezident kitoblari makulatura uchun emas, maktab uchun ekan. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” bor, boshqa kitoblar bor, yuqori sinf o‘quvchilariga shu Karimov asarlarini bo‘yniga ilib qo‘yishyapti, - deydi surxondaryolik o‘quvchi.

Bugun O‘zbekistonda sovet davri “dohiylari”ning son-sanoqsiz nomdagi kitoblari qog‘oz chiqindisiga aylanib, ular o‘rnini Islom Karimovning kitoblari egallagan.

O‘quvchilar Karimov kitoblari yozma asardan ko‘ra ko‘proq eksponat hisoblanishini aytishadi:

- Ular biz olib bergan Karimov kitoblarini sinfxonalarda oynani ichiga solib qo‘yishar ekan. Qalin muqovolisidan olish kerak ekan, yupqasi bo‘lmas ekan. 35-40 ming so‘mliklari bor, shulardan olinglar, deyishyapti. Bu kitoblar maktabda qolar ekan. Maorif vazirligi olib bermaydimi, nimaga biz olishimiz kerak, - deydi surxondaryolik o‘quvchi.

O‘zbekistonlik huquq faollari o‘quvchilarni qog‘oz chiqindisi yig‘ishga majburlash bolalar mehnatidan foydalanishni ta’qiqlovchi mamlakat qonuniga zid ekanini aytishadi:

- Bu o‘quvchilarni o‘qishdan qoldiradi. Qog‘oz, temir-tersak yig‘ish, yig‘olmasa o‘rniga pul so‘rash bu davlat tomonidan amalga oshirilayotgan tovlamachilikning bir ko‘rinishi bo‘lib qolyapti, - deydi Toshkentdagi Mustaqil Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Surxondaryodagi ayrim maktab direktorlari makulatura yig‘ish topshirig‘ining hokimiyatdan kelganini, hokimiyatidagilar esa O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasidan shunday buyruq berilganini aytishdi.

Lekin ular, o‘quvchilarga maktab uchun O‘zbekiston prezidenti kitobini sotib olib berishga buyruq qaerdan bo‘lganini izohlashmadi.

- Yurtboshimizning asarlarini sotib olish uchun faqat bitiruvchi sinf o‘quvchilaridan pul yig‘ish so‘ralyapti xolos. Kichkina sinfdagilar olib o‘qishsin shuni deb, shu ishlarni qilyapmiz. Ularni hech kim kitobni olib berishga majburlayotgani yo‘q, ixtiyoriy bu, - dedi Termiz tumanidagi maktablardan birining rahbari.

O‘zbekistonni chorak asrdan beri boshqarib kelayotgan Islom Karimov kitoblari soni bo‘yicha SSSRga 18 yil rahbarlik qilgan, “hassos ijodkor” sifatida tanilgan sovet rahbari Leonid Brejnevdan ham o‘zib ketgan.

L.Brejnevning o‘sha yillari ham, keyin ham o‘qilmagan “Kichik yer”, “Qo‘riq” kabi kitoblari esa bugun O‘zbekistonda qog‘oz chiqindisiga aylangan.

XS
SM
MD
LG