Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:12

Gulnora Karimovaning kirdikorlarini oshkor qilgan jurnalist mukofotlandi


Miranda Patruchich
Miranda Patruchich

Gulnora Karimova poraxo‘rligini fosh qilgan jurnalist nufuzli mukofot sovrindori bo‘ldi. Asli bosniyalik tergovchi jurnalist Miranda Patruchich O‘zbekiston prezidenti qizidan tashqari, Ozarbayjon prezidenti oilasining kirdirkorlarini oshkor qilgan.

Qarorgohi Vashingtonda joylashgan Jurnalistlar Xalqaro Markazi o‘zining (ICFJ) 2016 yilgi Nayt Xalqaro jurnalistika (Knight International Journalism Award) mukofotini Miranda Patruchich va meksikalik jurnalist Aristegi Notisiasga berishini e’lon qildi.

“Bu tergovchi jurnalistlar yuqori darajadagi mulozimlarning kirdikorlarini fosh qilish orqali dunyoni o‘zgartirdi. Ular o‘zlarining samarali reportajlari bilan ajralib turadi”, deya olqishladi muxbirlarni ICFJ prezidenti Joys Barnatan.

Qarorgohi Saraevoda joylashgan Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) muharriri va muxbiri Miranda Patruchich O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova uchta yirik telekom shirkatidan kamida 1 milliard AQSh dollari miqdorida pora olganini fosh qiluvchi jurnalistik surishtiruvlarga yetakchilik qilgan.

Bu reportajlar AQSh va Yevropada jinoyat ishlarining ochilishiga hamda Gulnora Karimovaga qarashli yuzlab million dollar mablag‘larning hibsga olinishiga turtki bo‘ldi. O‘zbekiston prezidentining qiziga pora berganini tan olgan telekom shirkatlaridan biri allaqachon 800 million dollar miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘ldi.

Bundan tashqari Miranda yaqinda e’lon qilingan “Panama hujjatlari” yirik jurnalistik surishtiruv loyihasi doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev oilasiga qarashli boyliklar yashirilgan offshor shirkat va hisob raqamlarini fosh qilishga qaratilgan maqolalar muallifidir.

Uning Montenegro hukumati yetakchilari mamlakatning asosiy bankidan o‘z manfaatlaridan foydalanganini fosh qiluvchi reportaji Montenegroning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish arizasininig qabul qilinmasligiga sabab bo‘lgan.

Meksikalik hamkasbimiz Aristegi Notisias bu mamlakatda jurnalistlarga nisbatan tahlikalar ko‘pligiga qaramasdan hokimiyat yuqori doiralaridagi korrupsiyani fosh qilgan jamoaga etakchilik qiladi. So‘nggi 10 yil ichida Meksikada 100dan oshiq jurnalist o‘ldirilgani yoki bedarak yo‘qolgan.

ICFJ mukofoti jurnalistlarga shu yil 14 noyabr kuni Vashingtonda o‘tkaziladigan marosimda topshiriladi.

XS
SM
MD
LG