Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:53

18 yashar jahon chempioni Davron nega 4 oyda jangari bo‘ldi?


Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonning Xuroson viloyatida joylashganini da’vo qilgan “Islomiy davlat” (ID) janggarilari tayyorlagan suhbat tarqatildi. Unda o‘zini 2013 yilda Rossiya nomidan Surdoolimpiada o‘yinlarida qatnashgan 55 kilo vazn toifasida yunon-rim kurashi bo‘yicha jahon chempioni Davron Sharipov, deya tanishtirgan yigit 4 oyda "dinni tanigani"yu ID safiga o‘tganini so‘zlab beradi. Rossiyadagi murabbiylar esa Sharipovning bir yil avval g‘oyib bo‘lganini aytmoqdalar.

Audiosuhbat

18 yoshida jahon chempioni bo‘lgan Davron Sharipov ekanini iddao qilgan yigit shu kunda Afg‘onistonning Xuroson mintaqasida joylashgan "Islomiy davlat lashkarlari" - sobiq O‘zbekiston Islomiy harakatining matbuot kotibi sifatida tanilgan Nusratulloh Mujohidga intervyu berdi.

“Men 2013 yilda Bolgariyada o‘tgan chempionatda oltin medal olganman, Davron Sharipovman. Internetda qidirishsa, topishadi", deydi shu kunda ID safida ekanini aytgan yigit.

Telegram tarmog‘ida tarqalgan audiosuhbatga tirkalgan fotokollajga eshitish qobiliyati zaif bo‘lgan rossiyalik chempion Davron Sharipovning 2013 yilda Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan Surdoolimpiyada o‘yinlaridagi suratlari, uning Rossiyadagi murabbiylari va sport klubi rahbarlari bilan tushgan suratlari olingan.

Internet tarmoqlarida esa 2013 yilgi Surdoolimpiada o‘yinlari chempioni, rossiyalik sportchi Davron Sharipov haqida ma’lumot talay. Rossiyaning Samara viloyatida Davronni tanigan o‘zbeklar va sportchilar esa uning so‘nggi paytlarda dinga qattiq berilgani va sportni tark etib, 2015 yilning yozida​ g‘oyib bo‘lganini aytmoqdalar.

Bir necha oyda jangariga aylangan chempion

Hozirda o‘z nomini "Abu Hamza" deb o‘zgartirganini iddao qilgan yigitning hikoyasiga ko‘ra, Jahon chempioni bo‘lgan kezlarda dindan ancha uzoq bo‘lgan va bor vaqtini sportga sarflagan:

"Bir kuni sportzalda rus bola bilan tanishdim, boksyor ekan. U Islomni qabul qildi va Suriyaga ketib qoldi, keyin oilasini ham olib ketdi. Keyin men ham qiziqdim va kitoblarni o‘qidim. Qarasak, kitoblarda yozilib turibdi: “Mol-dunyolaring o‘tkinchi”, deb. Shundan keyin dinga berilib boshladim”, deya hikoya qiladi Abu Hamza.

Keyinchalik u sportni tark qilib, mutlaq dinga berilgani, 2015 yilning yozida Afg‘onistondagi o‘zbek jangarilari "Islomiy davlat" guruhiga qo‘shilganini e’lon qilganidan so‘ng u yerga borishga qaror qilganini aytadi.

Abu Hamza aynan qachon va qay tarzda, kimlarning ko‘magida Afg‘onistonga yetib olganini aytmaydi, biroq Afg‘onistongacha bo‘lgan yo‘lni to‘siqlarsiz, "oson" o‘tganini aytadi.

IDning u haqda tarqatgan targ‘ibotida Davron Sharipov ekanini iddao qilgan Abu-Hamza shaxsi haqida boshqa hech qanday ma’lumot berilmagan.

Ammo, o‘zbekchada arang gapirgan yosh yigitning suhbat so‘nggida rus tilida so‘zlaganidan uning aksar vaqtini Rossiyada o‘tkazganini taxmin qilish mumkin.

"O‘ta qobiliyatli, sodda sportchi"

Ma’lum bo‘lishicha, Davron Samaradagi 1-raqamli internat-maktabda o‘qigan, so‘ngra sport klubida tarbiyalangan va 5 yil ichida Jahon chempioni titulini qozongan. Rossiyalik sportchilar tug‘ma nogiron - eshitish qobiliyati 55-60 foizga zaif bo‘lgan Davronning "qobiliyatli, ammo soddadil sportchi" ekanini e’tirof etmoqda.

Rossiya Surdoolimpiada qo‘mitasi Sharipov jahon chempionatidan so‘ng 2014-2015 yillarda Rossiya va MDH davlatlari orasidagi o‘yinlarda birinchi o‘rinlarni egallaganini ma’lum qildi. Qo‘mita rasmiylaridan biri sportchi bilan aloqa 2015 yil yarmidan so‘ng uzilib qolgani, ularga Davronning Qirg‘izistonga ketgani aytilganini bildirdi.

Davronga 5 yil murabbiylik qilgan Vyacheslav Alekseev uni so‘nggi bor 2015 yilning mayida ko‘rganini aytdi. Davronni sportga qaytarish uchun 4 oy ota-onasi bilan muloqot qilgan trener bir natijaga erisholmagan. Undan olingan ma’lumotga ko‘ra, Davron Rossiyadan Qirg‘izistonga borib, u yerda uylangan va so‘ngra maqsadini oilasiga ham aytmay, Ozaryboyjonga ketib qolgan.

O‘shda tug‘ilgan chempion

Ma’lum bo‘lishicha, Davron Sharipov aslida 1995 yilning 6 mayida Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida tug‘ilgan.

1999-2000 yillarda ota-onasi bilan Rossiyaning Samara viloyatiga ko‘chib o‘tgan. Otasi va onasi Samara shahridagi bozorda savdo qilishgan, qobiliyatli o‘g‘ilni esa sport maktabiga berishgan.

Bularni Ozodlikka hikoya qilib bergan samaralik sportchi Davronni tanigani va uni juda nufuzli karyera kutayotganiga ishonchi komil bo‘lganini aytdi:

"Otasi, onasi juda soddadil, kamsuqum odamlar. Ular Samarada nochorgina yashashardi. Davron sport klubida juda tez yetildi. G‘alabadan keyin anchagina pul oldi, mashina oldi, ota-onasiga uy olib berdi. Men uning kelajakda yana ko‘plab oltin medallar olishiga ishonardim. Lekin, kutilmaganda u dinga berilishni boshladi, trenirovkalardan sovudi. Biz bilan aloqalarini uzdi. Nimaga bunday bo‘ldi, kimning ta’sirida bo‘ldi - bilmay qoldik. Uning IShIDga qo‘shilgani haqida menda hech qanday xabar yo‘q, ammo xavotirlarim bor edi, to‘g‘risi", dedi ismini oshkor etmasligimizni so‘ragan professional sportchi.

Uning aytishicha ham Davron Qirg‘izistonga qaytib, uylangan va bir farzandlik bo‘lgan, so‘ngra g‘oyib bo‘lgan.

(Hozircha - jangarilar tarqatgan audeomurojaatdagi iqror hamda Samaradagi sportchilar, o‘zbeklarning taxmin-xavotirlaridan tashqari Afg‘onistonda "Islomiy davlat lashkarlari" safiga qo‘shilganini aytgan "Abu Hamza"ning aynan jahon chempioni bo‘lgan Davron Sharipov ekanini tasdiqlovchi konkret faktlar Ozodlikda yo‘q)

Ozodlik samaralik sportchilar yordamida Davron Sharipovning oilasini qidirdi, ammo aytilgan manzil va telefon raqamlari orqali ularni topa olmadi. Shu kunda Ozodlik bu yigitning Qirg‘izistondagi yaqinlarini topishga va savollarga to‘liq javob olishga urinmoqda.

Sportchi yoshlar ID nishonida

ID safida chempionlar, xususun, markaziy osiyolik chempionlarning ijtimoiy tarmoqlarda bayonot bergani va terrorchilarning targ‘iboti quroliga aylangani o‘tgan yili ko‘p kuzatildi.

O‘tgan yili bahorda aralash yakkakurash bo‘yicha Tojikistoning uch karra chempioni Alan Chekranov "Abu Muhammad al-Tojikiy" nomi ostida "Islomiy davlat" safiga kirgani va Kirkukdagi janglardan birida o‘ldirilgani aniqlangan edi. 21 yashar Chekranov-Tojikiy musulmonlarni Suriyada jihod qilishga faol da’vat qilgan va ijtimoiy tarmoqlarda qator videomurjaatlarni e’lon qilgan.

Qozog‘istonning futbol bo‘yicha terma jamoasi sobiq sardori Aybek Gubaydullin ham Suriyada ID safida jang qilayotgani taxmin qilingan va 2015 yilning 12 yanvaridan xalqaro qidiruvga berilgan sportchilardan biridir.

O‘tgan yili yanvar oyida Muay-Tay - Tay boksi bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Valdet Gashi ham ijtimoiy tarmoqlar orqali terrorchi ID safiga o‘tganini bayon qilgan va keyinchalik Shvetsiyada joylashgan nashrlardan biriga intervyu bergan edi.

Shuningdek, nomi tanilgan londonlik yana bir yosh iqtidorli futbolchi - safdoshlari "bizning Lionell Messi" deb atagan - Fabio Pokasning o‘tgan yil yanvar oyida ID safiga qo‘shilgani haqida BBC jahon xizmati xabar qilgan edi.

Jahon chempioni bo‘lgan 18 yashar iqtidorli atletning katta sportni tark etib, qisqa muddatda jangarilar safiga o‘tishi, Rossiya va MDH davlatlarida, ayniqsa, yoshlarni radikal, terrorchi guruhlar g‘oyasiga og‘dirish va ularni yashirin yo‘llar bilan Suriya, Iroq hamda Afg‘onistonga yo‘llash bilan shug‘ullanayotgan guruhlar hanuz faolligini yana bir bor tasdiqlaydi.

XS
SM
MD
LG