Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:07

Mahallalar besh yil uyiga qaytmaganlar ro‘yxatini Toshkentga bermoqda


Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inida ikki yildan ortiqroq ishlagan mahalla posboni shu kunlarda xorijda yurib¸ 5 yil ichida O‘zbekistonga qaytmaganlar ro‘yxati Tashqi ishlar vazirligi Konsullik bo‘limiga berilayotganini aytdi. Bu bo‘lim esa nomlari berilgan shaxslarni xorijdagi konsulliklar ro‘yxatidan qidirmoqda, topilmaganlarni fuqarolikdan chiqarilishi mumkin bo‘lganlar ro‘yxatiga kiritmoqda.

Ikki yil davomida mahalla uchastka noziri va MXXdan mahallaga biriktirilgan mas’ullar bilan uyma-uy yurgan sobiq posbon xorijda uzoq vaqt yurganlar ro‘yxati tayyorlanib, Tashqi ishlar vazirligida yig‘ilayotganiga guvoh bo‘lganini aytadi:

- O‘zi mahallalarda alohida ro‘yxatlar tuzilayapti - xorijga ketgan va qaytmaganiga 5 yildan oshganlar ro‘yxati. Biz buni to‘g‘ri Tashqi ishlar vazirligi Konsullik bo‘limiga jo‘natayapmiz. Bu bo‘lim o‘sha odamlar chetda konsullikka xabar berganmi-yo‘qmi, masalan, falon joydaman, ishim tayin, noto‘g‘ri ishlar qilmayapman, deb xabar berganmi - shuni surishtirayapti. O‘zbekistonga 5 yil ichida qaytmagan va konsullikka ham uchramaganlar ro‘yxati tuzilayapti. Ular avtomaticheski fuqarolikdan mahrum qilinadi va qayta tiklanmaydi, deb tushuntirishdi bizga, - dedi mahallaning sobiq posboni.

(Ismi oshkor qilinmayotgan posbon mahalla ustidan IIV va MXX idoralari nazorati va yuklatilayotgan vazifalar ko‘lami oshib borayotgani bois, biroz muqaddam ishdan bo‘shagani va mahallada bo‘layotgan jarayonlardan yurtdoshlarini ogohlantirish zarur, degan qarorga kelganini aytadi.)

Ozodlik manbasi o‘z mahallasida hozircha fuqarolikdan biror kishi mahrum qilinmagani va qo‘shni mahallalarda ham bunday holatga duch kelmaganini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, hozircha fuqarolikdan chiqarilishi mumkin bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatlari hozirlab qo‘yilmoqda.

Sobiq posbonga ko‘ra, ayni paytda hokimiyatlar mahalla qo‘mitalaridan xorijda uzoq qolib ketganlarni ortga qaytarishni talab qilmoqda:

- Hozir har bir mahallada 4 ta shtatli odam bo‘lsa, hamma shu ishga jalb qilingan. Uchastkovoy, posbon, rais ertalabdan uyma-uy yuradi. Har bitta uydan qancha odam chetga ketgan, qaerga ketgan, nima ish qilayapti, qachon kelgan - mana shunaqa narsalarni aniqlab, 2 ta ro‘yxat qilyapti. Bittasi ketganlar, bittasi kelganlar. Ketganlar ro‘yxati SNBga, qaytganlar ro‘yxati melisaga. Ketganiga 3 yildan oshgan bo‘lsa, yaqinlaridan telefonini olib, chaqirishyapti. Keyin shu fuqaroga ham, o‘zlariga ham muammo bo‘lmasligi uchun, - deydi posbon.

U xorijga ketganlar ro‘yxati bilan MXX qanday ishlashidan to‘liq xabardor emasligini aytdi. Manba¸ qaytganlar bilan mahalla qo‘mitasiga ajratilgan binolarda mahalla faollari ishtirokida "tushuntirish ishlari" olib borilayotganini aytadi:

- Masalan, kelsa kimdir, mahalladan bittasi borib yoki telefon qilib, chaqiradi. Srazzu uchastkovoy gaplashadi - qaerda bo‘ldingiz, nima qildingiz, qaysi millatlar bilan yashadingiz, namoz-pomoz - hammasi so‘raladi. Keyin oy oxirida qaytganlarni bitta qilib, SNBdan biriktirilgan vakil birma-bir yana suhbatlashadi. Hammasi joyida bo‘lsa, yana ketaveradi chet elga. Bo‘lmasa, MXX yana dalьshe surishtiradi, - deydi posbon.

Uning aytishicha, hozir xorijdan borganlarning hammasiga mahalla qo‘mitasiga uchrash shart va majburiy qilib qo‘yilgan.

Xorijdan borgan fuqarodan mahalla qo‘mitasi tibbiy ma’lumotnoma, pasporti nusxasi va yana boshqa hujjatlarni so‘raydi. Ozodlik bilan suhbatlashgan sobiq posbon shunday surishtiruvlardan so‘ng qo‘shni mahallalardan bir necha kishi hibsga olinganini ham qo‘shimcha qildi.

Uning aytishicha, ​hozir hokimiyatlar uchun eng muhim idora mahalla bo‘lib qolgan:

- Xudoni bergan kuni hokimiyatga chaqirishaveradi, o‘zlari ham kelishaveradi. Chunki, fuqarolar haqidagi hamma ma’lumot shu mahallada, mahallani kompьyuterida. 2012 yildan beri shuni ustida ishlayapmiz. Har oyda ro‘yxatlar haqida alohida hisobot beramiz - nechta odam qaytganlarga qo‘shildi, kimlar ular, nechta odam ketganlarga qo‘shildi, kimlar - shunaqada, - deydi posbon.

O‘zbekistonda xorijdan borganlar mahalla qo‘mitasiga suhbatga chaqirilayotgani, ayrimlar suhbatga borgach, hatto, o‘sha erdayoq hibsga olinayotgani haqida xabarlar Ozodlikka kelib turibdi.

Xorijga ishlashga ketib, uzoq muddatga qolib ketganlarni uyiga qaytarish harakati o‘tgan yil oxirida boshlangan. Xorijga ketganlar va ularning uyida qolgan yaqinlari qaydga olinib, militsiya va MXX suhbatidan o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi shu yilning fevral oyida chet elda yashayotgan 75 ming o‘zbekistonlik shaxsiga oid ma’lumot to‘planib, ular maxsus qaydga olingani, ayni paytda, chet eldan qaytgan 70 ming kishi bilan “profilaktik” suhbatlar o‘tkazilganini rasman ma’lum qilgan edi.

Sobiq pospon tilga olgan ro‘yxatlarni tuzish esa 2012 yilda boshlangan. Mahalla posponi suhbatdan tushunilishicha, hozir bu ro‘yxatdagi fuqarolar bilan ishlash mexanizmi shakllangan va kelgusida xorijga ketib-qaytmaganlarga nisbatan konkret chora ko‘rishga hozirlik bormoqda.

Darvoqe, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi 2014 yildayoq 2 mingga yaqin o‘zbekistonlikning ism-familiyasini e’lon qilgan va ulardan konsullik ro‘yxatidan o‘tish, aks holda fuqarolikdan mahrum qilinishidan ogohlantirgan edi.

Ammo, Ozodlikda hozircha o‘zbekistonliklarning ayni sabab bilan fuqarolikdan mahrum qilina boshlaganiga oid aniq ma’lumotlar yo‘q. O‘zbekistondagi huquq-tartibot idoralari va IIVning fuqarolikni qayd etish hamda pasport stollari bu borada hozircha aniq ko‘rsatma bo‘lmaganini aytmoqdalar.

XS
SM
MD
LG