Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:46

GM Uzbekistan tekshiruvi doirasida “yuqoriga aloqador”lar hibsga olindi


GM Uzbekistan shirkating Asakadagi zavodi oldida
GM Uzbekistan shirkating Asakadagi zavodi oldida

O‘zbekistonda GM Uzbekistan ishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan keng qamrovli tekshiruvlar asnosida¸ mashina sotuvchi dilerlar va avtomobil ishlab chiqarish sanoatiga bilvosita aloqasi bor shirkatlardagi yana o‘nlab kishilar hibsga olingani aytilmoqda. Aytilishicha¸ GM Uzbekistan sobiq rahbariga yaqin o‘nlab kishilar "Ravon" mashinalari eksporti bilan bog‘liq noqonuniy sxemani tashkil etganlikda ayblanmoqda.

Keng qamrovli tekshiruvlar haqida Ozodlikka bildirgan manba iddaosiga ko‘ra¸ qo‘lga olinganlar ichida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Parpiev Botir Raxmatovichning GM Uzbekistan tizimida mashina savdosi bilan shug‘ullanadigan o‘g‘li ham bor.

Ozodlikning yana bir mustaqil manbasi GM Uzbekistan dileri Parpiev Dilmurod mashina savdosiga oid jinoiy sxemalarda ishtirok etganlikda ayblanib, qo‘lga olinganligini tasdiqladi.

Qo‘lga olingan GM Uzbekistan dileri Dilmurod Parpievning aynan Davlat soliq qo‘mitasi raisiga qarindosh ekani haqida rasmiy tasdiq Ozodlikda mavjud emas.

GM Uzbekistan korxonasiga yaqin manbalardan birining Ozodlikka yozgan iddaonomasida esa Parpiev qochishga uringan paytda qo‘lga olindi, deya da’vo qilinadi.

“Asaka avtozavodida ketayotgan tergov jarayonida 70ta hodim hibsga olingan. 21 may kuni dilerlik bilan shug‘ullangan Botir Paripievning o‘g‘illaridan biri qochayotgan paytida qo‘lga olingan, shaxsan Karimovning buyrug‘i bilan avtomashina savdosi bilan shug‘ullangan har qanday shaxs qamalishi xaqida topshiriq berilgan”, deya iddao qildi manba.

Ozodlik bu iddaonoma muallifi bilan telefonda bog‘lanib, suhbatlashdi. Suhbat asnosida manbaning GM Uzbekistan shirkatidagi so‘nggi jarayonlar tafsilotlaridan xabari borligi ayon bo‘ldi.

Ismi sir qolishini istagan suhbatdoshga ko‘ra¸ GM Uzbekistan va unga oid mahalliy shirkatlarda yoppasiga tekshiruv boshlangan.

Yana uning aytishicha, yuzlab tergovchi safarbar qilingan bu tekshiruvlar bois GM Uzbekistan tarkibidagi korxonalar falaj holga kelgan:

- Jinoiy sxemalar ko‘lamini bilganim uchun kimdir nohaq qamalyapti deya ayta olmayman. GM Uzbekistan snabjenie bo‘yicha o‘rinbosar Ravshan Iskandarov qamaldi. Unga to‘rt marta sudlangan tanishi Zaynobiddin Nizomov ko‘maklashgan. O‘zi bularning shkafida skelet ko‘p. Sobiq gendirektor Tohirjon Jalilovni qamalishidan oldin yaxshi taniganman. O‘zi Buloqboshi tumanidan bulib, u 1992-93 yillari sodir etgan jinoyati uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan. Jalilov Tohirjonning sudlanganiga qaramasdan, shirkatga boshliq bo‘lishida o‘sha vaqtda Andijon viloyati IIB boshlig‘i bo‘lgan Botir Parpievning bevosita ishtiroki bor. Jalilovning marhum akasi katta mansabdor Abdumutalib Jalilov bilan Botir Parpiev yaqin bo‘lgan. Jalilovni mansabga tiklashga o‘z vaqtida Andijon viloyat hokimligida Abdumutal Jalilov qo‘li ostida sanoat buyicha bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan Yusupov Shuxrat Fattoxovichning ham tavsiyasi va yordami bo‘lgan¸ deya iddao qilgan suhbatdosh “Bu mansabdorlar Tohirjon Jalilov amalga oshirgan jinoiy sxemalarga sharoit yaratib berishgan,- deya ta’kidladi.

Ozodlik o‘z manbalari orqali bu iddaolarni qisman tasdiqladi.

“O‘zavtosanoat” tizimidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Tohirjon Jalilovning sudlangani olib tashlangan:

- Jalilovning sudlangani bekor qilinganidan keyin ishga olingan. Avtozavod rejimniy obyekt hisoblanib, u erda kadrlar ishlari bo‘yicha ODR MXX xodimi ishlaydi va sanoatda har qanday rahbar xodim uning nazaridan chetda qolmaydi. Tohirjon Jalilov ishga olinganida sudlanmagani haqida ma’lumotnoma taqdim qilgan¸- deydi manba.

Parpiev izi

Tergov davom etayotgan ayni kunlarda Ozodlik elektron pochtasiga GM Uzbekistan shirkatiga butlovchi jihozlar yetkazadigan shirkatlardagi qallobliklar haqida iddaoli ma’lumot etib keldi.

Bu ma’lumotda O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiev qarindoshlarining GM Uzbekistan shirkatiga “avtoradio yetkazib berish bilan bog‘liq qallobliklar” to‘g‘risida iddao qilinadi.

Bundan avvalroq Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovning qudasi bo‘lgan Davlat soliq qo‘mitasi raisi general-leytenant Botir Parpievning GM Uzbekistan shirkatidagi jinoiy sxemalarga aloqasi borligi to‘g‘risidagi iddaolar Uzmetronom Internet nashrida ham paydo bo‘lgan edi.

Ozodlikka kelgan ma’lumotda iddao qilinishicha¸ “Parpievlarga oid Andijon Irmash zavodida ishlab chiqarildi deya rasmiylashtirilgan¸ ammo aslida Malayziyadan sotib olib¸ aylanma yo‘llar bilan boj to‘lovlarisiz Andijonga keltirib yashirin sexda yig‘ilgan artefakt mahsulotlar GM Uzbekistan shirkatiga etkazib turilgan”.

Ozodlik bu ma’lumotni rasman tasdqiqlovchi hujjatga ega emas.

Yangi rahbar

GM Uzbekistan Bosh direktori Tohirjon Jalilovning qamalgani ortidan uning muovini Rustam Rajabov vaqtincha rahbar qilib tayinlandi.​

Rustam Rajabov
Rustam Rajabov

​“O‘zavtosanoat” tizimidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Tohirjon Jalilov qamoqqa olinganidan keyin shirkatga tashqaridan boshqaruvchi tayinlash masalasi ko‘tarilgan:

- Zavoddagi jinoiy tizimga aloqasi bo‘lmagan odam qo‘yish bo‘yicha taklif rad qilindi. Sababi zavodda ish shu qadar chalkashib ketgandiki buni ichdan bilmagan odam qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishi mumkin edi. Shuning uchun zavodda 20 yil ishlagan Rustam Rajabov vaqtincha rahbar qilib tayinlandi. Rustam Rajabov zavodda olib borilayotgan tergov jarayonida jinoiy sxemalarni fosh qilishga ko‘mak beryapti¸- deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlikning GM Uzbekistan shirkatiga yaqin manbasi esa¸ Rustam Rajabov mavjud vaziyatni o‘zgartira olmaydi degan fikrni bildirdi:

- Asakadagi avtozavodning yangi rahbari men tanigan Mavridali Rajabov. Asli qulog‘iga azon chaqirilganida Mavridali deb ism aytilgan. Pasportida esa Rustam yozilgan. U asli Parpievlar komandasidan. O‘zi Asakalik, etnik tojiklardan. Sobiq boshliq (GM Uzbekistan ilk rahbari) Shuhrat Fattaxovich Yusupovning davri¸ 20 yildan beri zavodda ishlab keladi, haqiqiy mutaxassis, zavodni hamma past balandidan xabardor. Ishlab chiqarish direktori va ijrochi direktor vazifalarida yaxshi ishlagan. 2015 yilda Shuhrat ordenini olgan. Yoshi 55larda. U o‘z faoliyatini hozir zavodni panadan turib nazorat qilayotgan pensioner Shuhrat Yusupov va Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpievlar bilan bamaslaxat olib bormoqda¸- deya iddao qildi suhbatdosh.

Voqea tarixi

2010 yildan beri o‘zbek avtokonsernini boshqaraëtgan va ayni paytda "O‘zavtosanoat" hissadorlik shirkati boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lgan Tohirjon Jalilov tovlamachilik yo‘li bilan shirkat pullarini o‘zlashtirganlikda gumonlanib, o‘tgan oyda hibsga olindi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Jalilov GM Uzbekistan korxonasi ishlab chiqargan mashinalarni Rossiyaga eskport qilishda noqonuniy sxemalar yordamida katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda.

Bu ma’lumotlarda iddao qilinishicha¸ Jalilov “Rossiyaga jo‘natilgan avtomobillarni kriminal sxema asosida sotgan hamda pullarni offshor banklarga o‘tkazgan”.

"O‘zavtosanoat" hissadorlik shirkatidagi Ozodlik manbasining ta’kidlashicha GM Uzbekistan Bosh direktori Jalilov “Rossiyaga eksport qilinishi lozim bo‘lgan Ravon rusumli mashinalar bilan bog‘liq kriminal sxema yaratib katta pul ishlagan”:

- Bu mashinalar oldin qog‘ozda Rossiyaga “eksport” qilingan¸ aslida esa Qozog‘istonning Chimkent shahridagi otstoynikka (mashinalarni vaqtincha saqlash uchun tashkil etilgan maydon-tahr.) vaqtincha olib borib qo‘yilgan. Keyin esa imi-jimida bu mashinalar “reeksport” bo‘lib (mamlakatga qayta olib kirilib-tahr.), O‘zbekistonda qayta sotilgan,- degan edi Ozodlik manbasi.

Aytilishicha¸ GM Uzbekistan sobiq rahbari "Ravon" mashinalari eksporti bilan bog‘liq noqonuniy sxemani tashkil etganlikda ayblanmoqda

Jalilov bilan birgalikda boshqa mulozimlar ustidan ham nazorat tartibida tergov boshlangan.

XS
SM
MD
LG