Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:14

Suv ustida chiqqan janjalda fermer xotin chopib o‘ldirildi


24 may kuni tongda Xorazm viloyati Shovot tumani Ijtimoiyat qishlog‘ida suv ustida yuzaga chiqqan janjal fojea bilan tugadi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ mahallasida “Sapar jangchi” deb tanilgan fermer Quryozova Sapargulni qo‘shnisi qo‘lidagi belkurak bilan boshiga urib¸ o‘ldirib qo‘ygan. Qotillikda ayblanayotgan shaxs hibsga olingan¸ “Sapar jangchi”ning ertaga dafn qilinishi kutilmoqda.

“Bugun soat 10 larda Shovot tuman Ijtimoyat qishlog‘ida "Sapar jangchi" deb nom chikargan 60 yoshidan oshgan Sapargul opa ko‘shnisi tomonidan chopib o‘ldirildi. Janjal ariqdan keladigan oqar suv ustida chiqqan. Janoza ertaga soat 12da. Hamma janjal hozir suv uchun”¸ deyiladi Ozodlikka qotillikdan ko‘p o‘tmay yuborilgan xabarda.

Shovot tuman huquq tizimlariga yaqin manba¸ qotillik ro‘y berganini tasdiqladi. Shaxsi sir tutilayotgan rasmiyga ko‘ra¸ fermer ayol yerlari tutash qo‘shnisi bilan urushib qolgan va uni qattiq haqorat qilgan. Haqoratga chiday olmagan qo‘shni erkak¸ qo‘lidagi belkurak bilan fermer ayolning boshiga urgan va ayol o‘sha joyning o‘zida jon bergan.

“Voqea yuzasidan jinoiy ish ochildi va hozirda Sapargul Quryozovani o‘ldirganiga iqror bo‘lgan shaxs hibsga olindi. Janjal kattalashmay turib¸ to‘xtatildi”¸ dedi huquq tizimlaridagi Ozodlik manbasi.

Sapargul Quryozovani bilgan mahalladoshlaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ marhuma butun tumanda “yozuvchi” sifatida tanilgan.

“Unga bejizga “Sapar jangchi” deb ot qo‘yishmagan. Rahmatlik¸ rosa janjalkash edi¸ undan hamma qo‘rqardi. Hammani haqorat qilib¸ qo‘rqitib¸ ishini bitirib yurardi. Hozir Shovotda suv problema¸ elektr yo‘qligidan Shovot kanalidan tomorqalarga suv chiqarish qiyin bo‘lib qolgan. Kanalda suv bor¸ lekin uni tortishga tok yo‘q. Bitta nasosni kuniga ishlatish 500-600 ming so‘mga tushayapti. Mahallalar elektrosetdan qarzdor¸ ular tokni uzib qo‘yadi. Yerlarni sug‘orish kerak¸ nasosni ishlatishga pul yo‘q. Ana shunaqa vaziyatda odamlar suv uchun bir-birini o‘ldirishga tayyor. “Sapar jangchi” bezochered suv olmoqchi bo‘lganmi¸ qo‘shni bilan janjal chiqqan. Qo‘shnining jahli chiqib¸ boshiga bel bilan solgan”¸ deydi voqea tafsilotlaridan xabardor qo‘shnilardan biri.

“Marhuma jasadi hozir morgda¸ ertaga berisharkan. Janozasi ertaga” deydi bu suhbatdosh.

Joriy yil boshida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Qumoq qishlog‘ida yashovchi 43 yashar erkak suv muammosi ustidagi janjal bois uch qo‘shnisiga bolta bilan hujum qilgani oqibatida 46 yashar ayol vafot etgan, yana bir ayol va erkak og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan edi.

Suv muammosining¸ nafaqat oddiy aholi yoki fermerlar¸ balki Markaziy Osiyoda davlatlararo urushgacha sabab bo‘lish ehtimoli haqida xalqaro ekspertlar barobarida O‘zbekiston prezidentining o‘zi ham bot-bot gapirib keladi.

Toshkent¸ suv muammosi keskinlashayotgan bir paytda¸ mintaqadagi daryolar boshida joylashgan Qirg‘iziston¸ ayniqsa¸ Tojikistonning ulkan GESlar qurish rejasiga jiddiy qarshilik ko‘rsatib kelmoqda.

Xususan¸ 2010 yil Qoraqalpog‘istonga qilgan safari chog‘ida fermerlar bilan uchrashgan Islom Karimov Dushanbe hukumatining Rog‘un GESi qurish rejasiga qarshiligini izohlay turib:

- 350 metrlik to‘g‘onoqni ko‘tarsa agar, unga 8 yil suv to‘planar ekan. 8 yil davomida suv to‘planar ekan. Bizlar - pastda turganlar nima 8 yil poylab turamizmi? Qoraqalpog‘istonga, Xorazmga umuman O‘zbekistonning Amudaryo qirg‘og‘ida yashayotgan inson nima ish qiladi? Qanday tirikchilik ko‘radi? Qanday dehqonchilikni ko‘ramiz? Umuman irrigatsiya masalasi mutlaqo hammasi yo‘q bo‘lib ketadi, degan edi.

“Sapar jangchi”ning suv janjali qurboni bo‘lganiga munosabat bildirgan xorazmliklardan biri¸ Rog‘un qurilmay turib ham vohadagi fermerlarning ahvoli tang bo‘lib boraëtganini aytdi.

Unga ko‘ra¸ Rossiyaga qishloq xo‘jalik mahsulotlari sotishni o‘nlab baravar oshirish ishtiyoqida hokimliklar tomonidan meva-sabzavot uchun reja-buyurtma qo‘yilishi¸ Xorazmdagi suv muammosini yanada og‘irlashtirgan.

XS
SM
MD
LG