Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:02

Tojik ombudsmeni saytlarni blokirovka qilganlarni jazolash taklifi bilan chiqdi


Tojikiston ombudsmeni Zarif Alizoda.
Tojikiston ombudsmeni Zarif Alizoda.

Tojikiston ombudsmeni Zarif Alizoda veb-saytlarga hech bir ogohlantirishsiz to‘siq qo‘yayotgan internet-provayderlarni jazoga tortishni taklif qilmoqda.

Bu taklifni ombudsmen 24 may kuni Tojikistonda inson huquqlari vaziyati bo‘yicha yillik hisobot bilan chiqish qilgan paytda aytdi.

Alizodaga ko‘ra, mamlakatda provayderlar tomonidan profilaktik texnik ishlar olib borilgan paytda Internetdan foydalanuvchilar huquqiga rioya etilishi shart.

Ombudsmen o‘tgan yili news.tj, tojnews.org, ozodi.org, ozodagon.com, faraj.tj kabi xabar saytlari, youtube.com videoportali, Facebook, Vkontakte va Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarga to‘siq qo‘yilganiga e’tibor qaratdi.

- Fuqarolarning axborot olish huquqi buzilmasligi uchun rasmiy bildirishsiz saytlarni blokirovga qilayotgan internet-provayderlariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi lozim, - dedi ombudsmen Zarif Alizoda.

Tojikistonda internet-saytlar blokirovkasi uchun sudga da’vo arizasi topshirilishi haligacha kuzatilmagan. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan provayderlar saytlarga to‘siq qo‘yilishi texnik sabablarga ko‘ra yoki “yuqorining ko‘rsatmasi” tufayli amalga oshirilishini bildirib keladilar. Ayni paytda Tojikiston hukumati qoshidagi Aloqa xizmati internet-provayderlarga blokirovka haqida ko‘rsatma berganini tan olmay keladi. Hozirda bu mamlakatda Aziya-Plyus, Ozodagon agentliklari va Ozodlikning tojik xizmati saytiga kirish imkoni yo‘q.

Ombudsmen idorasi xodimi Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda tashkilot tashabbusi o‘z veb-resursi kim tomonidan va nima sababdan to‘sib qo‘yilganini bilmaydigan sayt egalari bergan shikoyatnomalar bilan bog‘liqligini aytgan.

- Bizga shikoyat bilan murojaat qilayaptilar. Biz esa, o‘z navbatida, bu haqda Aloqa xizmatiga xabar qilayapmiz. U yerdan bizga blokirovkaga aloqalari yo‘qligini aytishayapti. Shuning uchun biz huquq-tartibot idoralari internet-saytlarga kirish yo‘lini yopib qo‘yayotganlarga nisbatan huquqiy choralar ko‘rishini taklif qildik, - dedi ombudsmen idorasi vakili.

Ombudsmenning bu taklifini qo‘llab-quvvatlagan ayrim ekspertlar bu ishdan bir naf chiqishiga, buning ortidan biror mulozim yoki tashkilot jazolanishiga ishonmaydilar. Ularning qanoaticha, saytlar blokirovkasi bo‘yicha Aloqa xizmati ko‘rsatmasini bajarayotgan internet-provayderlar biznesi bilan muammolar chiqishini istamagani tufayli buni rasman e’tirof etmaydilar.

Fuqarolarning siyosiy tashabbuslari jamg‘armasi rahbari Muhammadi Ibodulloevga ko‘ra Tojikistonda internet xizmatini ko‘rsatadigan tashkilotlar hozir ikki o‘t orasida qolgan.

- Bir tomondan ular iste’molchilar bilan barcha xizmatlarni ko‘rsatish haqida shartnoma tuzganlar. Boshqa tomondan esa ularning qo‘lida Aloqa xizmati tomonidan berilgan litsenziya bor va u yoki bu saytni blokirovka qilish talab qilingan paytda ularda tanlash imkoni qolmaydi, - dedi Muhammadi Ibodulloev.

Tojik ekspertlari fikricha, bu borada o‘zgarish provayderlarning mijozlari o‘z huquqlari buzilishi bo‘yicha sudga murojaat qilganidan keyingina o‘zgarishi mumkin. Shunda shirkatlar o‘z mijozlarini saqlab qolish uchun internet xizmatini yaxshilashi yoki haqiqatni ochiq-oshkor aytishlari mumkin. Ayni paytda ekspertlar internetdan foydalanuvchilarga hozir bunaqa “boshog‘riq” kerakmasligi, ularning ko‘pchiligida blokirovkaga qarshi filtrlar bo‘lgani uchun hatto qaysi saytlarga to‘siq qo‘yilayotganidan ham xabarlari bo‘lmasligi mumkinligini qo‘shimcha qilganlar.

Ombudsmen Alizoda blokirovkachilarni jazolash bo‘yicha o‘z taklifi Oliy sud qarori bilan yopilgan saytlarga daxldor emasligini ham ta’kidlagan.

Tojikistonda ekstremizmga chaqirgan o‘nlab veb-sayt blokirovka qilingan, ular orasida mamlakatda faoliyati taqiqlangan Islom uyg‘onish partiyasi sayti ham bor.

XS
SM
MD
LG