Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:57

Toliblarning yangi rahbari harakat ichida norozilikka sabab bo‘lmoqda


Mulla Haybatulloh Oxunzoda
Mulla Haybatulloh Oxunzoda

Afg‘oniston Toliblari o‘z yetakchisi mulla Axtar Mansur 21 may kuni AQSh droni hudujumida o‘ldirilganini tasdiqladi va o‘rniga radikal qarashlari bilan tanilgan mulla Haybatulloh Oxunzoda tayinlanganini ma’lum qildi. Bu bayonot ovoza qilinar-qilinmas, Toliblarning bir guruhi yangi rahbarga qarshiligini bildirdi va bu hol jangari guruh ichida yana ziddiyatlar yuzaga chiqa boshlaganini ko‘rsatmoqda.

Mulla Haybatulloh Oxunzoda Toliblarning sobiq rahbari mulla Mansurning muovini bo‘lgan.

Toliblar matbuot kotibi Zabiulloh Mujohid Pokistonda o‘tgani aytilayotgan yig‘inda Oxunzoda harakatga rahbar etib tayinlanganini ma’lum qildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Axtar Mansur 21 may kuni Pokistonning Balujiston viloyatida AQSh dronidan otib o‘ldirilgan. U 2015 yilning 31 iyulida jangari guruh rahbari etib tayinlangan.

Toliblar o‘tgan yili iyulda o‘z yetakchisi mulla Umar ikki yil muqaddam o‘lganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda aksar Tolib qo‘mondonlari va jangari guruhlar yetakchining o‘limi 2 yil sir saqlangani, bu muddat ichida uning nomidan yolg‘on bayonotlar berilganiga norozilik bildirgan.

Natijada, ayrim qo‘mondonlar bu yolg‘onning boshida turgan mulla Axtar Mansur guruhga yetakchi etib tayinlanganiga qarshilik bildirgan va guruh ichida ziddiyatlar, qurolli nizolar boshlangan edi.

Axtar Mansurning o‘rniga tayinlangan Oxunzoda esa 50 yoshlar atrofida, u Qandahorda tug‘ilgan. Bu shahar 1996-2001 yillarda Afg‘onistonni boshqargan fundamental Toliblarning poytaxti bo‘lgan.

Oxunzoda mamlakatdagi Nurzaylar qabilasidan chiqqan va Pokistonning Balujiston viloyatida madrasalari, diniy maktablari bor.

U marhum yetakchi Mansurga muovin bo‘lishidan avval Toliblarning yetakchi qozisi bo‘lgan. U juda qattiqqo‘l jangari sifatida tanilgan va endilikda uning mulla Mansurning agressiv siyosatini davom ettirishi taxmin qilinmoqda.

25 may kuni matbuotga jo‘natilgan elektron bayonotda Toliblar matbuot kotibi Mujohid Oxunzoda tinchlik muzokaralariga qarshiligini bildirib, audeomurojaat chiqargani haqidagi xabarlarni inkor qildi. Biroz avval shunday xabar Reuters agentligida paydo bo‘lgan edi.

Toliblar davrida harakatning tashqi aloqalarini boshqargan mulla Muhammad G‘us Oxunzodani harakatga rahbar etish qarori "juda aqlli qaror bo‘lgan" deb munosabat bildirdi.

Ayni paytda mulla Mansurga ham bay’at bermagan isyonchi qo‘mondon mulla Muhammad Rasul yangi tayinlangan Oxunzoda nomzodini ham qabul qilmasligi, chunki uni ham Axtar Mansurni tayinlagan kichik guruh saylaganidan noroziligini bildirdi.

"Uni hamma tanimaydi va u Toliblar orasida nufuzga ega emas, shuning uchun ham uning nomzodini qabul qilib bo‘lmaydi", dedi mulla Rasulning matbuot kotibi mulla Manan Niyoziy Ozodlikning afg‘on xizmatiga bergan intervьyusida.

Toliblar guruhi faoliyatini kuzatib borayotgan pokistonlik taniqli jurnalist Rahmatulloh Yusufzay Oxunzodaning tayinlanishi bilan Toliblar pozitsiyasi o‘zgarmasligini taxmin qiladi.

"Mansurning siyosati o‘zgarishi mumkinligini ko‘rmayapman. Oxunzodaning Afg‘oniston hukumati bilan muzokara yuritishi ehtimoli oz", deydi jurnalist.

Ayni paytda Toliblar tarqatgan bayonotda Oxunzoda o‘ziga ikkita yangi muovin tanlagani ham aytilmoqda. Bulardan biri Sirojiddin Haqqoniydir. Uning so‘nggi yil ichida Kobulda amalga oshirilgan yirik suiqasd hujumlarini boshqargani aytiladi. Yana bir muovin esa mulla Muhammmad Yoqubdir va u Toliblarga asos solgan mulla Muhammad Umarning o‘g‘lidir.

Toliblar 2001 yilning 11 sentyabriga qadar Kobulda hokimiyatni egallagan va AQSh hujumlari natijasida ag‘darilgan edi.

Yana xurujlarini oshirayotgan harakatga Oxunzoda rahbar etib tayinlanganidan hech qancha o‘tmay, Kobulda terror hujumi amalga oshirildi. 25 may kungi hujumda 11 kishining o‘lgani xabar qilindi. Hujum uchun Toliblar mas’uliyatni zimmasiga oldi.

XS
SM
MD
LG