Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:18

Kuznetsova: Ravonga qarshi yolg‘on kampaniyasi ketmoqda


Ravon
Ravon

“GM Uzbekistan shirkatining Rossiyaga Ravon brendi bilan eksport qilaëtgan avtomobillari haligacha birorta xaridor qo‘liga etib bormadi”¸ degan xabarga munosabat bildirgan Ravon rasmiysi Yelena Kuznetsova uni “bo‘hton” deya atadi. Kuznetsovaga ko‘ra¸ o‘tgan hafta Voronejdagi bazaga olib kelingan Ravon mashinalari kaliti ayni kunlarda xaridorlar qo‘liga shartnomada belgilangan narxda topshirilmoqda.

May oyining oxirgi kunlarida Rossiya¸ qolaversa¸ ayrim O‘zbekiston Internet nashrlari GM Uzbekistan shirkati pulini 100 foiz oldindan to‘lagan rossiyalik xaridorlariga va’da qilingan mashinalarni etkazib bera olmagani haqida yozdilar.

Xususan¸ 31 may kuni ham ayrim nashrlar “Ravon R2 avtomobillari Rossiya chegarasida ushlab qolindi”¸ “Ravon R2 xaridorlar qo‘liga yetib bormadi” sarlavhali maqolalarni e’lon qildi.

Bu xabarlarni Rossiyadagi Ravon vakolatxonasining marketing bo‘yicha direktori Yelena Kuznetsova “alahsirash” deb atadi:

- Balki bunaqa yolg‘on tarqatish GM Uzbekistan shirkatida borayotgan tergov bilan bog‘liqdir. Balki buni raqobatchilarimiz qilayotgandir. Hozir Ravon haqida yozilayotgan xabarlardan nari borsa 30 foizi haqiqatga to‘g‘ri kelsa¸ qolgani alahsirashdan boshqa narsa emas. Bunaqa xabarlar qaerdan paydo bo‘layotganini men ham bilmayman¸ dedi 31 may kuni Ozodlik bilan suhbatda Ravon vakolatxonasining Rossiyadagi vakolatxonasi marketing direktori.

Kuznetsova bunday chiqishlar Ravon avtomobillarining birinchi partiyasi bojxona rasmiyatchiliklarini tugatib¸ xaridorlarga tarqatilayotgan ayni kunlarda tarqatilayotganidan junbushga tushayotganini yashirmadi:

- O‘tgan shanba-yakshanbadan mashinalar pulini oldindan to‘lab¸ buyurtma bergan xaridorlarga topshirilayapti. Mashinalar salonlarga tarqatilayapti¸ bojxonada risoladagiday hujjatlashtirildi¸ hech qanday muammo bo‘lmadi. Bir partiya mashinani bir kunda bojxonada rasmiylashtirib bo‘lmasligini hamma yaxshi biladi. Buning uchun bir necha oy yoki hafta emas¸ balki kun kerak. Chegarada ushlab turilgani va bojxonada muammo tug‘ilgani haqidagi gaplar may oyining boshidagi eski gap. Bugun ularni nega yangilik deb qaytarishayapti¸ tushunmayapman¸ deydi Ravon rasmiysi.

Kuznetsovaga ko‘ra¸ puli 100 foiz oldindan to‘lab¸ buyurtma berilgan Ravon mashinalari 10 apreldan boshlab Rossiyadagi egalariga etkazilishi kerak bo‘lgan. Ammo bu jarayon¸ temir yo‘l tariflari oshishi ortidan tug‘ilgan qiyinchiliklar bois¸ kechikkan.

- Transport xarajatlari oshganiga qaramay¸ biz mashinalar narxini oshirganimiz yo‘q va xaridorlarimiz bundan xursand. Yangi buyurtma olish hozirda narxlar oshgani munosabati bilan hozircha sustlashib turibdi. Bizga aniq preyskurant kelishi bilan¸ yangi buyurtmalarni qabul qilishni boshlaymiz¸ deydi Kuznetsova.

Ayrim Rossiya nashrlariga ko‘ra¸ qariyb ikki oylik kechikish bilan egalariga topshirilayotgan Ravon narxida o‘zgarish bo‘lmagan bo‘lsa-da¸ ayrim mijozlar shartnomada belgilangan rangdagi mashinani ola olmayotir. “Buyurilgan rangdagi mashinani olish uchun yana qancha kutish haqidagi savolga javob bera oladigan odam yo‘qligidan¸ mijozlar berilganini olishga majbur bo‘lmoqda¸ deb yozdi Ravon kalitini olgan mijozlar bilan gaplashgan Rossiya nashrlari.

25 may kuni Ozodlikka o‘zini “O‘zavtosanoat” holdingi eksport bo‘limi boshlig‘i Dilshod Toshxo‘jaev deb tanishtirgan shaxs Rossiyaga shaxsan o‘zi 220 dona Ravon R2 mashinasini olib kelganini aytib¸ yil davomida Rossiya bozoriga olib kelinadigan o‘zbek mashinalari soni 20 mingagacha borishini iddao qilgan edi:

- Shaxsan men o‘zim Voronejga 220 dona Ravon R2 olib keldim. Mashinalar vagonda keldi. Hozir predoplata bo‘lgan mashinalar keldi. Mijozlar Rossiyadagi salonga pulini rublda to‘lab qo‘yishgan¸ bu pul bizga valyutada o‘tkaziladi. 100 foiz valyutada to‘langanlarni olib keldik. Shartnomamiz katta¸ 10-12 mingtaga shartnomamiz katta.Bundan keyin to‘xtalish bo‘lmaydi. Ravonga talab katta bo‘layapti. Mo‘ljalimizda¸ sentyabr oyigacha 20 mingtani ta’minlab berishimiz kerak¸ dedi o‘tgan hafta Ozodlikka o‘zini “O‘zavtosanoat” eksport bo‘limi boshlig‘i deb tanishtirgan shaxs.

Ravon marketing direktori Kuznetsova¸ iqtisodiy inqiroz bois Rossiya avtomobil bozorida savdo susayganini e’tirof etgan holda¸ o‘zbek avtomobillarini rossiyalik xaridorlarga sotish jaraëni davom etajagini bildirdi.

Aytilishicha¸ hozirda Rossiya bo‘ylab 19 ta Ravon avtosaloni faoliyat ko‘rsatmoqda¸ “O‘zavtosanoat” ular sonini yaqin kelajakda 30 ga yetkazishni rejalamoqda.

2015 yil oktyabr oyidan Rossiyada Ravon brendi bilan taqdim etilgan GM Uzbekistan mashinalari¸ xususan Ravon R2 Rossiyadagi eng arzon avtomobillar sirasiga kiradi.

Ayni kunlarda¸ GM Uzbekistan, qolaversa¸ butun "O‘zavtosanoat" davlat aksiyadorlik jamiyatida turli iqtisodiy jinoyatlar¸ xususan¸ noqonuniy valyuta operatsiyalari yuzasidan keng ko‘lamli tekshiruv bormoqda.

XS
SM
MD
LG