Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:57

Toshkentda ShHT sammiti oldidan propiskasizlarga 400 ming jarima solinmoqda


Toshkentda ShHT sammiti oldidan pasport rejimi yanada kuchaytirilib, kechki soat 9 dan so‘ng pasportsiz yurganlar va poytaxtda qayddan o‘tmaganlar qo‘lga olinib, 393 ming so‘mdan jarima solinmoqda. Pasport rejimi nishoniga aylanib qolgan viloyatliklar poytaxtda vaqtinchalik qayd yopilgani, 1 oylik qayd haqida berilgan shapaloqdekkina hujjat inobatga olinmayotganidan shikoyat qilmoqda. Toshkent shahar IIB rasmiylari esa viloyatliklarga oy oxiriga qadar uyiga ketishni tavsiya qilmoqda.

Propiskasizlarga jarima

23-24 iyun kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti yaqinlashgani sari, poytaxtda xavfsizlik choralarining favqulodda kuchaytirilgani kuzatilmoqda.

Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi do‘konlardan birida ishlayotgan surxondaryolik O‘rol aka, tekshir-tekshirlar bois so‘nggi 3-4 kun ichida qariyb ko‘chaga chiqmayotganini aytadi:

- Ertalab soat 8-9 dan boshlab, ko‘cha to‘la melisa. To tungi soat 12-1 gacha. Prospikasi yo‘qni ushlab, melisaga olib ketayapti. "Mana melisa bir oyga qaydga olindi, deb qog‘oz bergan", deb ko‘rsatsak¸ "Yo‘q, bizga pasportga bosilgan propiska bo‘lishi kerak", deyishyapti. U propiskani bermayapti. Mana hozir 393 ming so‘mdan shtraf solayapti, majbur to‘lattirayapti, - deydi O‘rol aka.

U so‘nggi kunlar ichida shaharda ishlab yurgan bir necha hamyurti, jumladan, o‘z ukasi jarimaga tortilganini aytarkan, ShHT sammiti bois kuchaytirilgan nazoratdan norozi ekanini aytadi:

- Sammit bo‘larmish, 45 mamlakatning kattalari kelarmish. Shunga shaharda pasport rejim kuchaytirilgan, deyishayapti. Lekin biz O‘zbekiston fuqarosimiz-ey?! Poytaxtda propiskang yo‘q, deb melisa quvib yuribdi, kamiga jarima solayapti, nima gap bu?! - deydi surxondaryolik suhbatdosh.

Poytaxtliklarga bosim

Toshkentlik yosh talabalardan biri ham qariyb oy boshidan beri shaharda pasportsiz yurish imkonsiz bo‘lib qolganini aytadi.

Bu suhbatdoshning ta’kidicha, oy boshidan beri, hatto, poytaxtliklar ham pasportsiz ko‘cha-ko‘y, bozor-o‘charga bormaslikka harakat qilmoqda:

- Men pasportni almashtirishga topshirdim va hozir shu haqda Pasport stoli bergan qog‘ozni olib yuribman. Chunki, reydga tushib qolsangiz, to‘g‘ri otdelga olib ketayapti. Shaharlikmisiz, viloyatdanmisiz - ularga farqi yo‘q. Poka, aniqlashtirilguncha ovoragarchilik, ushlab turishadi, - deydi ismini oshkor qilmayotganimiz talaba.

Toshkentda yurgan ayrim viloyatliklardan olingan ma’lumotga ko‘ra, pasportsiz yoki poytaxtda propiskasi yo‘qligi uchun qo‘lga olinganlar orasida 15 sutkaga hibsga olinayotganlari ham bor:

- O‘zimizning Surxondaryodan ikkita bola 15 sutkadan yotib ham chiqdi, jarimayam to‘ladi. Chiqdi-da, to‘g‘ri uyiga ketdi, bechoralar. Ketinglar, deyishdi, propiska yo‘q hozir, deyishdi. Qarang, ham pul undirayapti, ham qamog‘ida saqlayapti, ham uyiga jo‘natvoryapti keyin, - deya qo‘shimcha qildi O‘rol aka.

IIV tavsiyasi

O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti shu yilning 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. ​May oyi boshidan esa Toshkentda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Viloyatlardan mehmonga kelganlar va mardikorlik qilib yurgan fuqarolar poytaxtdan chiqarilmoqda. ​

Bu shikoyatlar ortidan bog‘langan Ozodlik muxbiriga javoban Toshkent shahar IIB xodimi shaharga kelayotgan viloyatliklar shu kunlarda vaqtinchalik qaydga olinmayotganini tasdiqladi:

"Aslida viloyatdan kelganlar 5 kundan 6 oygacha vaqtinchalik qaydga turishi mumkin. Ammo hozir vaqtinchalik qayd yopiq. O‘tgan yili oktyabrdan beri ochilgani yo‘q. Yana 15-20 kunlardan keyin shaharga vaqtincha qaydga turishga oid yangi instruktsiya chiqadi va shundan keyin qaydga turishi mumkin. Hozir shaharda yurgan viloyatliklar 15-20 kunga uyiga borib, oilasini ko‘rib kelishsin!" dedi ismini oshkor qilmagan IIB mulozimi.

Bu mulozimdan olingan ma’lumotga ko‘ra, O‘rol aka kabi mardikorlarga berilgan "kaftdek qog‘oz" noqonuniydir.

"Vaqtinchalik qaydga faqat pasport stoli qo‘yadi. Pasport stolda davlat belgisi bilan chiqarilgan va tartib raqamiga ega bo‘lgan hujjat beriladi. Bir oyga so‘rasa bir oy, ikki oyga so‘rasa, 2 oyga qaydga qo‘yadi. Lekin buni faqat pasport stol yoki mehnat birjalari beradi, uchastkovoy bermaydi. Agar kimgardir, uchastka nozir bergan bo‘lsa, noqonuniy. Payshanba kuni shahar IIBga kelishsin, aniqlaymiz", dedi IIB xodimi.

Sammitga tayyorgarlik

O‘zbekistonda keyingi qariyb bir yil davomida ShHT sammiti doirasidagi tadbirlar o‘tadigan joylarda tayyorgarlik ishlari davom etayapti.

Toshkent, Buxoro, Samarqand va Urganch shaharlaridagi oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘qishi 20 kunga qisqartirilib, 10 iyundan ta’til e’lon qilindi. Rasmiylar o‘quv jarayonining erta tugatilishi ShHT sammiti oldidan ko‘rilayotgan xavfsizlik choralari bilan bog‘liqligini tasdiqladi.

30 may kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti payti xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mashg‘ulotlar bois, 28-29 may kunlari Toshkentning markaziy ko‘chalarida harakat cheklandi.

XS
SM
MD
LG