Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:00

O‘shdagi hijobli ayollar qirg‘izistonliklarni tashvishga solmoqda


O‘shda o‘tgan “Ayollarning islom tarixidagi roli” anjumanidan olingan surat. Fotosurat muallifi:"Turmush" sayti.
O‘shda o‘tgan “Ayollarning islom tarixidagi roli” anjumanidan olingan surat. Fotosurat muallifi:"Turmush" sayti.

O‘shda o‘tgan “Ayollarning islom tarixidagi roli” anjumanida faqat hijobli ayollar va qizlarning ishtirok etgani to‘g‘risidagi fotosuratlarning Internetga joylashtirilishi ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz kontentida katta shov-shuv va salbiy fikrlarga sabab bo‘ldi. Ijtimoy tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi o‘shlik ayollarning aksariyati hijobda yurishini milliy xavfsizlik uchun tahdid sifatida baholadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘shda 27 may kuni o‘tkazilgan “Ayollarning islom tarixidagi roli” anjumanidan olingan suratlarning joylashtirilishi ortidan yuzaga kelgan qizg‘in muhokamalarda tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi hijobli ayollarga qarshi fikr bildirdi.

Ularning biri taniqli jurnalist Narin Ayip mana bularni aytdi:

- Bu suratni ko‘rib hayron qoldim. Bu Qirg‘izistonmi yoki boshqa mamlakatmi, deb o‘ylanib ham qoldim. Nima, hijob kiyib olsagina dindor bo‘lib qoladimi odam? Hijob kiymasdan ham din bilan yashagan, dinni hurmat qilgan, dinni isloh qilgan odamlar borku. Odamlar Qur’onning botiniy mohiyatini tushunmasdan, zohiriy jihatlarigagina amal qilib qolgani yaxshi emas, - dedi Narin Ayip.

Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistning fikriga qo‘shilgan ko‘plab odamlar hijobli ayollarning ko‘payib borayotganini “milliy xavfsizlik uchun xatar” sifatida talqin qilganlar. Ayrimlar esa hijobni qirg‘iz millatining urf-odatlariga zid ko‘rinish sifatida tanqid qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda hijobli ayollar suratiga fikr bildirgan yuzlab odamlarning asosiy qismi salbiy so‘zlarni yozib qoldirgan.

Bishkekdagi musulmon ayollarning “Mutakallim” uyushmasi rahbari Jamal Frontbek qizi hijobli ayollardan qo‘rqish va ularni xavfsizlikka tahdid sifatida bilish aholining muayyan qatlami orasida islom dini haqida tushunchaning yo‘qligini anglatadi, degan fikrda.

-Qirg‘iziston aholisining 80 foizdan ko‘prog‘i musulmon. Biroq 25 yildan beri telekanallarimizda musulmonlar hayoti aks etadigan birorta ham teleko‘rsatuv tashkil etilmadi. Shuning uchun ham odamlar hijobli ayollarni ko‘rsa, haddan tashqari qo‘rqadigan bo‘lib qolgan. Hijobli ayollar qo‘llarida to‘pponcha ko‘tarib yurishibdimiki, ulardan qo‘rqsak? Islom dinida ayollar hijob kiyishi aytilgan. Shunday ekan, nega bundan qo‘rqishimiz kerak? - dedi Jamal Frontbek qizi.

Ayni paytda Qirg‘izistonda hijob kiygan ayollar xudkush terror hujumlarini uyushtirayotgani, hijobli ayollarning ko‘pchiligi taqiqlangan diniy oqimlarga qo‘shilib ketayotgani haqidagi xabarlar huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan matbuotga sizdiriladi.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligininig bildirishicha, o‘n yil avval mamlakat ichkarisida faoliyat yuritayotgan taqiqlangan diniy ekstremistik guruhlar a’zolarining 2 foizi ayollar bo‘lgan. Bugungi kunda esa taqiqlangan diniy oqimlar a’zolarining 25 foizini ayollar tashkil qilmoqda.

Bundan avvalroq Jalolobod viloyatidagi tadbirlardan birida madrasada o‘qiyotgan hijobli ayollar Davlat Gimni aytilayotgan paytda o‘rnidan turmagani katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.Shundan so‘ng madrasa rahbariyati ishdan olingan.

XS
SM
MD
LG