Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:00

Fermer: “Pilladan dehqonga kirim emas, chiqim bo‘lyapti”


O‘zbekiston hukumati pilla tayyorlash rejasi ortig‘i bilan bajarilgani haqida xabar berdi. Biroq, o‘zbekistonlik fermerlar pilla tayyorlash fermerlar uchun koni zarar ekanligi, topshirilgan mahsulot uchun ko‘p yillardan buyon haq ololmayotgani, pilla pripiska qilinishi haqida aytmoqdalar.

Joriy yilda o‘zbekistonlik pillakorlar 26 ming 200 kilogramm pilla tayyorlab, rejani bajargani haqida O‘zA agentligi xabar qildi.

Har quti ipak qurtidan o‘rtacha 58,2 kilogramm pilla olingani aytildi.

O‘zbekistonda pilla yetishtirish fermerlarning zimmasiga yuklangan.

Mahalliy hokimlar pilla tayyorlash rejasini nazorat qiladi. Fermerlarga yeriga qarab pilla qurti taqsimlanib chiqiladi. Pilla qurti boqish ixtiyori fermerlarning o‘zida emas.

Quyidagi suhbatimiz sirdaryolik fermer bilan. U hokimiyat tomonidan bosim bo‘lishidan cho‘chib, ismini sir saqlashni lozim deb topdi.

Сирдарёлик фермер билан суҳбат:
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:53 0:00
Бевосита линк

Fermerning aytishicha, unga ham besh quti pilla qurti boqish majburiyati yuklangan.

Fermer bu pilla qurtlarini boqish uchun ishchilariga taqsimlab bergan. Bir oy davomida besh quti urug‘ga barg topib berish juda qiyin bo‘lgan.

Pilla qurtini taqsimlash paytida o‘sha hududda tut daraxtlari yetarli yoki yetarli emasligi hisobga olinmaydi.

Shuning uchun, fermer yuzlab kilometr masofadan o‘z hisobidan barg tashittirib kelgan.

Barg yetishtirib berolmagani sabab, fermer pilla qurtining bir qismi o‘lib qolganini, bargga to‘ymagan qolgan qurtlar esa yaxshi pilla o‘ramaganini aytadi.

Bunday ob’ektiv sabablar hokimiyat tomonidan hisobga olinmaydi va ular faqat rejani bajarishni talab qiladi.

Fermer shu kunlarda rejani bajarolmagani uchun, prokuraturaga chaqirilishini kutayotganini aytdi.

Fermerning hisob-kitobicha, u bu yil pilla qurti boqib qariyb uch yarim million so‘m zarar ko‘rgan.

Fermer yetti yildan buyon topshirgan pillasi pulini ololmayotganini aytdi.

O‘zbek pillakorlari har yili bajarilayotgan pilla rejasiga shubha bilan qaraydi. Ularning fikricha, pilla topshirishda pripiska bo‘lyapti, ya’ni yo‘q pillaning o‘rniga fermerlar pul to‘layapti.

Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi sobiq xo‘jalik raislaridan biri, ayni paytda tumandagi rejani bajarmagan barcha fermerlar 1-2 million so‘mdan pul berayotganini iddao qiladi:

- Keyingi 15 yil ichida gaz yo‘qligi sabab tumandagi barcha tut daraxtlari kesilib, o‘tin bo‘lib ketdi. Pilla boqilmayaptiyu, lekin pilla plani bajarilyapti. Men olgan aniq ma’lumotga ko‘ra, 398ta fermer xo‘jaligining har biridan 1-2 million so‘mdan pul olinib, pilla plani “bajarilgan”. Tuman pilla qabul qilish punkti qilyapti bu ishni, dedi sobiq xo‘jalik raisi.

Самарқандлик собиқ хўжалик раиси билан суҳбат:
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:03 0:00
Бевосита линк

Ozodlik xo‘jalik raisining bu iddaosini tasdiqlay olmadi.

O‘zbekistonda fermerlar pilla xarid narxining pastligi va mashaqqatli mehnatidan tegishli daromad ololmayotganidan shikoyat qilib keladi.

Ayni paytda, O‘zbekistonda ipak qurti boqish fermerlarga majburiy ravishda yuklatiladi. Fermerlar esa, ishchilar haqini bug‘doy yoki somon bilan beradi.

O‘zbekistonda pilla xom ashyosini qayta ishlab, uni tolaga aylantiradigan 26ta korxona faoliyat yuritadi.

“O‘zbekyengilsanoat” davlat hissadorlik kompaniyasidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, bu korxonalar pilla tayyorlash shirkatlari bilan har yili shartnoma tuzadi.

O‘z ismini ochiqlamagan kompaniya mulozimiga ko‘ra, O‘zbekistonda tayyorlangan pilla tolasining 70 foizi eksport qilinadi, 30 foizi mamlakat ichkarisidagi ipakchilik korxonalari ehtiyoji uchun ishlatiladi.

XS
SM
MD
LG