Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:02

O‘zbekistonda ikki kunga xorijga chiqqanlar ham so‘roqqa chaqirilmoqda


O‘zbekiston shaharlarida, xususan, poytaxt Toshkentda hatto qisqa muddatga chet elga chiqib kelganlar ham militsiya suhbatiga chaqirilayapti. Xorijga chiqqan ayrimlar mustasno - uchastka nozirlari qariyb barchaning eshigini taqillatib kelyapti.

Aziyaterra saytining yozishicha, Toshkentning Mirobod tumanida yashovchi va yaqindagina Ozarbayjonga chiqib kelgan ayolga (xavfsizlik vajidan uning ismi keltirilmagan) uchastka noziri qo‘ng‘iroq qilib, o‘z safari haqida tushuntirish xati yozib berish uchun bo‘limga kirib ketishni so‘ragan. Nozir ularda Toshkent aeroporti ma’lumoti asosida tuzilgan, Ozarbayjon va Belorussiyaga borgan fuqarolar ro‘yxati borligini aytgan.

Tushuntirish xatida safarga chiqish va qaytish muddati, so‘raluvchi shaxs xorijdalik paytida yashagan aniq manzilini ko‘rsatish talab qilingan.

Bundan tashqari, militsiya xodimi ayoldan pasporti nusxasini ham so‘ragan, unga oid ma’lumotlar maxsus qayd bazasiga kiritilishi uchun tuman ichki ishlar bo‘limiga borishi lozimligini aytgan.

Uchastka noziriga ko‘ra, bu ishlarning barchasi “xavfsizlik maqsadida amalga oshirilmoqda” ekan.

Ayol Mirobod tuman ichki ishlar bo‘limida o‘ziga o‘xshab so‘roqqa tutilayotgan o‘nlab kishini uchratgan. Ularga dini, kasb-kori va yana qaysi mamlakatlarda bo‘lib qaytgani haqida savollar berilgan. Javoblarning barchasi kompyuterga kiritilgan. Suhbatdan so‘ng militsionerlar so‘roqqa chaqirilganlar bilan muloyim ohangda xayrlashganlar.

O‘zbekistonlik sayyohlar so‘roqqa tutilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in muhokama qilinmoqda. Feysbukdagi guruhlardan biriningishtirokchilari bo‘lmish o‘zbekistonlik foydalanuvchilar Turkiya, Rossiya va Qozog‘istonga borganlaridan keyin militsiyaga chaqirilgani haqida yozganlar.

Guruh ishtirokchilariga ko‘ra, ularni tuman ichki ishlar bo‘limiga chaqiruv qog‘ozi va tahdid bilan chaqirganlar, bo‘limga kelmagan taqdirda tegishli modda bilan javobgarlikka tortilishdan ogohlantirganlar.

Xususan, forum ishtirokchisi bo‘lgan bir qizning yozishicha, militsiyada unga: “Agar kelmaganingizda, bundan buyon chet elga chiqishlaringizni taqiqlab qo‘yardik”, deyishgan.

Bu jarayonning tahqirli ekanini qayd etgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari O‘zbekistonda “chiqish vizasi” deb ataladigan stikerni olish tizimi haligacha saqlanib qolayotganiga, sobiq Sovet Ittifoqining boshqa hech qaysi davlatida bunaqa tizim qolmaganiga e’tibor qaratganlar. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarolaridan viza talab qilingan mamlakatlarga o‘zbekistonliklar ana shunday stikersiz kira olmaydi, aks holda, ularga “chegaradan noqonuniy o‘tgan” yorlig‘i yopishtirilishi ham mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, militsiyaga chaqirilayotgan o‘zbekistonlik sayyohlar tushuntirish xati yozish bilan birga tuman poliklinikalariga tibbiy ko‘rikdan o‘tishga ham da’vat qilinayotgan ekan. Tarmoq foydalanuvchilariga ko‘ra, xorijga chiqib kelgan odamlarning poliklinikaga pasporti bilan kelishi va tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiydir.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi shu yil fevral oyida chet elda yashayotgan 75 ming o‘zbekistonlik shaxsiga oid ma’lumot to‘planib, ular maxsus qaydga olingani, ayni paytda, chet eldan qaytgan yana 70 ming kishi bilan “profilaktik” suhbatlar o‘tkazilganini rasman ma’lum qilgan edi. Ayni paytda bu odamlar xorijda uzoq vaqt ishlagani qayd etilgandi. Chet elga 2-3 kunga chiqib kelganlar ham so‘roqqa chaqirilayotgani esa yaqindan beri kuzatilayotgan holatdir.

XS
SM
MD
LG