Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:37

O‘sh-2010: Avval nafratga yo‘liqib, keyin rahmat eshitgan yordamsevarlar


Iyun voqealari kunlari O‘shdagi o‘zbek mahallasidan non sotib olib qaytayotgan qirg‘iz ayollar.
Iyun voqealari kunlari O‘shdagi o‘zbek mahallasidan non sotib olib qaytayotgan qirg‘iz ayollar.

Bundan 6 yil avval sodir bo‘lgan O‘sh voqealari chog‘ida ikki millatning bir-biriga yov qarashiga qaramay, qirg‘izni qutqargan o‘zbek yoki aksincha o‘zbekni qutqargan qirg‘izlar ko‘p bo‘lgan.

Ana shunday odamlardan biri bishkeklik huquq faoli Januzaq Abdurasulovdir. U 2010 yili O‘sh voqealari boshlanganiga bir necha kun bo‘lgach, O‘shga kelgan va qirg‘iz hududlarida qolgan o‘zbeklar, o‘zbek hududlarida qolgan qirg‘izlarni xavfsiz joyga ko‘chirgan.

Januzaq akaning o‘shlik hamkasblariga ko‘ra, 2010 yilning 11-12 iyun kunlari O‘sh shahri markaziy maydonida yig‘ilgan odamlar orasida bir o‘zbek ayoli asosan qirg‘izlar istiqomat qiluvchi Zapadniy mavzeida ikki farzandi garovga olinganini aytib, yig‘lab rasmiylardan yordam so‘ragan. Biroq o‘sha paytda unga birov e’tibor bermagan. Shunda Januzaq Abdurasulov ayol bilan birga mazkur mavzega borgan va kiyimi yirtilgan holda ayolning farzandlarini olib kelgan. Shundan so‘ng o‘tgan 2-3 kun davomida u 40 dan ziyod odamni xavfsiz hududlarga ko‘chirgan.

- Meni qirg‘iz do‘stlarim, sinfdoshlarimning hammasi “sen o‘zbeklarga yordam berayapsan”, deb yomon ko‘rgan. Lekin ular bu ishlarning asl sabablarini bilmagan. Xudoga shukur, hozir: “O‘shanda yaxshi qilgan ekansan”, deyishadi. O‘zbekdan qanchasi o‘ldi, qirg‘izdan qanchasi o‘ldi, nima bo‘lib o‘ldi, qancha o‘zbek sudlandi, qanchasi umrbodga qamaldi, qancha qirg‘iz sudlanib ketdi. Shularni ko‘rib turib, hozir tengdoshlarim, do‘stlarimning hammasi: “Sen to‘g‘ri qilgan ekansan”, deb menga aksincha rahmat aytishadi, - deydi Januzaq Abdurasulov.

Januzaq aka ikki millat uchun og‘ir bo‘lgan o‘sha iyun kunlarida ko‘pchilik oxirigacha to‘g‘ri tushunmagan ko‘p ezgu ishlarga guvoh bo‘lganini aytadi.

- Narimon qishlog‘i bor, o‘sha yerda bir qiz garovda emas edi. Aksincha, o‘zbek yigitlari u qizni qirg‘izlardan olib qochgan. Qizning o‘zi qirg‘iz qiz edi. Bu qirg‘iz qizi “Nostalgiya” degan kafeda bo‘lgan voqeada 7-8 yoshli o‘zbek bolani saqlab, kvartirasiga olib kelib berkitgan. Uni qirg‘izlar: “Biz o‘ldiramiz, uni bizga ber” deb quvlab kelgan. Keyin o‘zbek yigitlari kelib, uni Narimonga olib ketib qolgan. Biz Narimonga borganimizda bironta ham xotin kishi yo‘q, faqat o‘sha qirg‘iz qizi choy qo‘yib, varenie qaynatib o‘tirgandi, - deydi Januzaq Abdirasulov.

Ko‘plab qirg‘izlarni qutqargan odamlar orasida narimonlik Dilmurod Haydarov ham bor. Bu shaxs iyun voqealaridan so‘ng “tartibsizliklarni uyushtirish va odam o‘ldirganlik”da ayblanib, qo‘lga olingan. Biroq 4 yil davom etgan sud jarayonidan so‘ng unga bildirilgan ayblovlarning asosiy qismi olib tashlangan va “tartibsizliklarda ishtirok etish” aybi bilan ozodlikdan mahrum qilingan. Ammo uning 4 yil hibsda o‘tirgani qamoq muddatini o‘tash sifatida qabul qilinib, 2014 yil aprelida sud zalidan ozod qilingan.

Qirg‘izistonlik huquq faollari va xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari Dilmurod Haydarov sudlanishi emas, balki qonli kunlarda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, o‘nlagan boshqa millat vakillarini qutqargan qahramon sifatida mukofotlanishi kerakligini aytib chiqqan.

- Xudo xohlasa, to‘la oqlanish uchun kurashimizni davom ettiramiz. Chunki men shaxsan O‘sh voqealari paytida birorta noqonuniy harakat qilganim yo‘q. Men O‘shdagi topbazada ishlaydigan 25 ta qirg‘iz ayol va qizni, zapravkada ishlaydigan Aytmamat akani oilasi va akasi bilan xavfsiz joylarga olib chiqib qo‘ydim. Bundan tashqari, “Doston” kafesida ishlaydigan ofitsiant qizlarni, Xitoy fuqarolarini, eronliklarni xavfsiz joylarga ko‘chirdim. O‘sh voqeasi kunlari men xalqimizning tinchligi uchun qo‘limdan kelganicha xizmat qildim, - degan edi Dilmurod Haydarov avvalroq Ozodlikka bergan intervyusida.

O‘shda Januzoq Abdurasulov, Dilmurod Xaydarov kabi boshqa millat vakillari hayotini saqlab qolgan, ularni himoya qilgan odamlar juda ko‘p.

O‘shlik huquq faoli Izzatillo Rahmatullaev shu kunda O‘shda vaziyat yaxshi ekanini, millatlararo munosabatlar izga tushganini aytar ekan, 6 yil avvalgi qonli voqealar ta’siri haligacha baribir sezilayotganini qo‘shimcha qiladi.

- Baribir 2010 yilning ta’siri bor. O‘sha paytlarda ochilgan jinoyat ishlarining ko‘pi hali nihoyasiga etmadi. Bugungi kunga kelib iyun voqeasida qamalganlarni sud qaroriga binoan uylarini musodara qilib, tortib olish holatlari davom etayapti. Masalan, Azimjon Asqarovning uy-joyi tortib olindi, O‘shTV telekompaniyasi sobiq prezidenti Xaliljon Xudoyberdievning ikki uyi tortib olindi, - deydi Izzatillo Rahmatullaev.

Eslatib o‘tamiz, olti yil muqaddam sodir bo‘lgan voqealar chog‘ida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 442 kishi halok bo‘lgan. Qurbon bo‘lganlardan 295 nafarini, ya’ni 70 foizini o‘zbeklar, 123 nafarini yoki 29 foizdan ortiqrog‘ini esa qirg‘iz millatiga mansub kishilar tashkil qilgan. Shuningdek, iyun voqealari paytida 1 rus, 1 pokistonlik va 1 uyg‘ur ham nobud bo‘lgan.

Xyuman Rayts Uotch tashkilotining 2010 yilgi hisobotida O‘sh qirg‘ini kunlari odam o‘ldirganliklarda ayblanib, bir umrga qamalgan 30 kishining 28 tasi o‘zbek ekani aytilgan.

O‘sh voqealarining 6 yilligi munosabati bilan 10 iyun kuni Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev ham xalqqa murojaat yo‘lladi.

Unda prezident hozir millatlararo munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini, ko‘plab vatandoshlar o‘zlarini Qirg‘iziston fuqarosi sifatida his qila boshlaganini aytgan.

XS
SM
MD
LG