Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:47

Rossiyada tojik muhojirini o‘lgunicha kaltaklagan uch politsiyachi qamaldi


Politsiyachilar urib o‘ldirgan muhojir Farrux O‘rozov
Politsiyachilar urib o‘ldirgan muhojir Farrux O‘rozov

Moskva viloyatidagi Solnechnogorsk shahar sudi tojikistonlik muhojir Farrux O‘rozov o‘limiga aloqador uch politsiyachi ustidan hukm chiqardi. Ularning uchchalasi ham xizmat vakolatini oshirganlik va o‘limga sabab bo‘lgan jismoniy jarohat etkazganlikda aybdor deb topildi.

Tojikistonlik 39 yoshli muhojir Farrux O‘rozov o‘limida ayblangan politsiya xodimlari Stanislav Deykun va Andrey Chernishev 7 yilu 4 oydanga, Vladimir Gordeev esa 7 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Solnechnogorsk sudi sudlanganlar jazoni qattiq rejimli qamoqxonada o‘tashiga hukm qildi. O‘tgan hafta davlat qoralovchisi suddan sudlanuvchilarga 9 yildan qamoq jazosi berilishini so‘ragandi.

- Bu bizning moskvalik huquqshunoslar jamoatchilik tekshiruvi o‘tkazib, jabrlanuvchining vakili sifatida ishtirok etgan ish bo‘yicha chiqarilgan hukmlarning birinchisi. Hukm qonuniy kuchga kirganidan keyin biz sudlanuvchilarning jinoiy harakatlari tufayli jabrlanuvchi Ilhom Alixonovga yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash haqida da’vo arizasi beramiz, - dedi sudda marhum muhojirning ukasi Ilhom Alixonov manfaatlarini himoya qilgan Rossiya Qiynoqlarning oldini olish qo‘mitasi yuristi Sergey Babinets.

Ilhom Alixonovning o‘zi 15 iyun kuni Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda uch nafar politsiyachiga nisbatan chiqarilgan hukmni “yumshoq hukm” deb hisoblashini aytgan.

- Rossiyada o‘ldirilgan va o‘limiga aybdorlar jazodan qutulib ketgan boshqa o‘nlab tojikistonlikdan farqli o‘laroqbiz mazkur Qo‘mita yordamida aybdorlarni qora kursiga o‘tqazishga erishdik. Ular hatto shu yumshoq qaror ustidan ham shikoyat qilib, jazo muddatini qisqartirishni talab qilishlaridan albatta xavotirdaman. Ammo bizning qo‘limizdan kelgani shu bo‘ldi, - dedi Ilhom Alixonov.

Ilhomning aytishicha, hozir u uchun eng muhimi tovon puli undirish va akasining etim qolgan to‘rt nafar mayda bolasini oyoqqa turg‘azishdir.

Tojikistonning Farxor tumanidan bo‘lgan Farrux O‘rozovning katta o‘g‘li 5-sinfda o‘qiydi, qolgan uch qizi esa hali maktab yoshiga ham yetmagan.

Ilhom Alixonovga ko‘ra, o‘zi 1994 yildan beri Rossiyada muhojiratda yuribdi, Farrux esa Moskva viloyatida qariyb 14 yil ishlagan. U Solnechnogorsk shahrida qurilishda ishlardi. 2014 yil 17 sentyabrida Farruxni qo‘shnisining olti yashar qizchasini zo‘rlaganlikda gumonlab, qo‘lga olganlar. 18 sentyabr kuni Farrux politsiya bo‘limida “tez yordam” mashinasi kelguncha hayotdan ko‘z yumgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, O‘rozov boshi, badani va oyoq-qo‘llariga 75 martadan ko‘p zarba egan. Uni kaltaklaganlar qovurg‘asining 13 joyidan sindirganlar. O‘rozov o‘ziga etkazilgan ko‘plab jarohatlar va bo‘g‘ish natijasida jon taslim qilgan.

Ilhom Alixonov bu ishda o‘ziga eng alam qilgani Farruxning ikki marta qamalgan ayol shikoyati asosida qo‘lga olganlari bo‘lganini aytdi.

- Mahkama chog‘ida ayolning shikoyati tasdiqlanmagani va asossiz bo‘lgani aniqlandi, - dedi Ilhom Alixonov.

XS
SM
MD
LG